16:16 / 18.04.2019
62328

«Sobiq bosh prokuror Qodirov ishi yopiq sudda ko‘rilmoqda». Sud raisi ish yuzasidan izoh berdi

Joriy yilning 17 aprel kuni Toshkent shahar sudlari raislarining 2019 yilning 1-choragida odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati yakunlari yuzasidan brifingi bo‘lib o‘tdi. 

Sud raislarining axboroti tinglanganidan so‘ng, jamoatchilikni qiziqtirgan savollar yuzasidan savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining raisi Baxtiyor Islomov sobiq bosh prokuror Rashid Qodirov yuzasidan berilgan savollarga javob berdi.

«Sobiq bosh prokuror ishi doirasida 13 nafar shaxsga ayblov e'lon qilingan va sud tergovi davom etmoqda. Sudlanuvchilarga dastlabki tergov organlari tomonidan firibgarlik, pora olish, pora berish, aybsiz insonni javobgarlikka tortish, tergov va sud ishlariga aralashish holatlari va boshqa jinoyat kodeksi moddalari yuzasidan ayblovlar qo‘yilgan. 

Hozirgi kunda mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi yurituvida yopiq sud majlisida ko‘rilmoqda. Jinoyat ishi o‘ta murakkab, qaltis va ko‘p voqeali bo‘lganligi bois jinoyat ishini sudda ko‘rish muddati kodeksga muvofiq 4 oygacha uzaytirilgan. Sud tarafidan qonun buzilishi holatlari kuzatilmagan. 

So‘roq qilinishi lozim bo‘lgan insonlar va tekshirilishi lozim bo‘lgan holatlar ham juda ko‘p. Shu sababli sud tergovi hanuz davom etmoqda. Sud tergovi yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinadi va vaqti kelgach, hukm ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi», - dedi Baxtiyor Islomov.

Top