00:42 / 20.04.2019
7557

Xitoy kompaniyasi aksiyalari narxi chalkashlik tufayli ming marotaba ko‘tarilib ketdi 

Foto: Kena Betancur / Getty Images

Xitoyning telekommunikatsiya qurilmalari ishlab chiqaruvchi kichik kompaniyasi Zoom Technologies aksiyalari bir oydan kamroq vaqt ichida ming marotabadan ko‘proqqa, ya'ni 0,5 sentdan 6 dollargacha qimmatlashib ketdi. Bu esa yaqinda Kaliforniyadagi videoaloqa xizmati Zoom Video Communications birjaga aksiyalarini chiqargani bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu kompaniya nomi o‘xshash bo‘lgani sababli Xitoy kompaniyasi bilan chalkashtirilmoqda.

Ikkala kompaniya ham logotiplariga Zoom so‘zini qo‘yishgan, biroq birjada qisqacha ZOOM va ZM nomlarini qo‘llashadi. Xitoy kompaniyasi birjaga olis 1990 yilda chiqqan, Kaliforniya kompaniyasi esa o‘z aksiyalarini NASDAQ birjasida joriy yil 18 aprelidagina joylashtirgan. 

Xitoy kompaniyasi aksiyalari narxi 22 mart kuni Kaliforniya kompaniyasi aksiyalarini birjada joylashtirishini e'lon qilgandan keyin ko‘tarila boshlagan. O‘shanda bir kun ichida uning aksiyalari narxi 0,5 sentdan 60 sentgacha, ya'ni 1100 foizga ko‘tarilib ketgan.

Business Insider portali chalkashlik haqida ogohlantirishiga qaramay, Xitoy kompaniyasi aksiyalari qimmatlashavergan. 15-16 aprel kunlari esa ularning narxi 6 dollargacha yetgan, ya'ni 19 mart kunidagidan 1,2 ming marta qimmatroq turgan.

Top