15:27 / 21.04.2019
42542

Bosh prokuratura «Qodirov ishi» doirasida qo‘lga olinganlarga qiynoq qo‘llangani haqidagi xabarga munosabat bildirdi

Bosh prokuratura 18 aprel kuni internetda «Qodirov ishi» doirasida hibsga olingan mansabdor shaxslar tergov davomida qiynoqlarga solingani haqida tarqalgan maqolaga munosabat bildirdi.

«Maqolada xuddiki ayblanuvchilar U.Sunnatov va U.Xurramovga nisbatan jismoniy va psixologik zo‘ravonlik va qo‘pol munosabatda bo‘lingani qayd etilgan.

Avval xabar qilinganidek, Bosh prokuratura tomonidan R.Qodirov va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov olib borilgan hamda 13 nafar shaxsga mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish, pora olish, shuningdek, boshqa mansabdorlik va iqtisodiy jinoyatlarni sodir etish bo‘yicha ayb e'lon qilingan.

Dastlabki tergov Jinoyat-protsessual kodeksining qoidalariga qat'iy amal qilgan holda olib borilgan, ayblanuvchilarga va ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan hech qanday qiynoqlar yoki boshqa noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilmagan», deyiladi munosabatda.

Ta'kidlanishicha, ayblanuvchilar Sunnatov va Xurramov o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni faqat qisman tan olgan. 

«Bu esa ularga ayblov bo‘yicha o‘z fikrini erkin ifoda etish imkoniyati berilgani va ularga nisbatan jismoniy tazyiq o‘tkazilganlik fakti mavjud emasligidan dalolatdir», deya qo‘shimcha qilinadi Bosh prokuratura bayonotida. 

Qonunchilikka binoan, ayblanuvchi va sudlanuvchilar ularga nisbatan e'lon qilingan ayblov bo‘yicha har qanday pozitsiyani egallash huquqiga ega. O‘z navbatida Bosh prokuratura U.Sunnatov va U.Xurramovning tergov davomida ularga nisbatan qiynoqlar qo‘llangani to‘g‘risidagi vajlariga javoban aniq pozitsiyasini bildirib, yuqoridagi ko‘rsatmalar haqiqatga mos kelmasligini qat'iy ta'kidlamoqda.

Top