09:18 / 23.04.2019
26535

3 oyda qariyb 900 ming o‘zbek chet elga ishlash uchun chiqib ketdi

Foto: RIA Novosti / Aleksey Filippov

2019 yil yanvar-mart oylarida 1,6 mln kishi O‘zbekiston Respublikasiga kelgan. Ushbu raqam 2018 yil yanvar-mart oylariga nisbatan 1,5 martaga o‘sgan. Bundan Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlari darak beryapti.

Shuningdek, shu davrda O‘zbekiston Respublikasining 2,8 mln fuqarosi chet elga ketgan. Bu ko‘rsatkich 2018 yil yanvar-mart oylariga nisbatan 0,9 marta kamaygan, deyiladi statistika axborotida.

2019 yil yanvar-mart oylarida O‘zbekiston Respublikasiga kelgan chet el fuqarolarining 55,8% (919,4 ming kishi) erkaklar, 44,2% (727,4 ming kishi) ayollarni tashkil etadi. Shu bilan birga, ketgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining 60,1% (1,7 mln kishi) erkaklar, 39,9% (1,1 mln kishi) ayollarni tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasiga kelgan MDH fuqarolarining asosiy qismi Qozog‘iston Respublikasidan 554,0 ming kishi (33,6%), Tojikistondan 478,8 ming kishi (29,1%), Qirg‘izistondan 301,6 ming kishi (18,3%), Rossiyadan 102,0 ming kishi (6,2%), Turkmanistondan 101,5 ming kishi (6,2%), Belarusdan 3,9 ming kishi (0,2%) va Ozarboyjondan 3,1 ming kishi (0,2%).

Uzoq xorijiy davlatlardan O‘zbekiston Respublikasiga kelgan chet el fuqarolarining asosiy qismi Turkiyadan 22,4 ming kishi (1,4%), Xitoydan 11,0 ming kishi (0,7%), Janubiy Koreyadan 8,0 ming kishi (0,5%) tashrif buyurgan.

Chet elga ketgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining asosiy qismi MDH davlatlaridan Qozog‘iston Respublikasiga 44,1% (1,2 mln kishi), Qirg‘iziston Respublikasiga 25,4% (728,8 ming kishi), Rossiyaga 13,1% (375,7 ming kishi), Turkmanistonga 0,9% (24,5 ming kishi) tashrif buyurgan. 

Shuningdek, chet elga ketgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Turkiyaga (44,1 ming kishi), Janubiy Koreyaga (21,3 ming kishi), BAAga (13,4 ming kishi), Saudiya Arabistoniga (10,0 ming kishi), Xitoy, Hindiston va AQSh davlatlariga (mos ravishda 8,0, 6,9 va 4,8 ming kishi) tashrif buyurgan. 

O‘zbekiston Respublikasiga kelgan chet el fuqarolarining asosiy safar maqsadlari bu qarindoshlarni yo‘qlash (72,2%). Keyingi o‘rinlarda sayyohlik maqsadida - 8,6%, tranzit - 8,2%, davolanish maqsadida - 1,0%, doimiy yashash maqsadida - 0,8 %, xizmat yuzasidan va ishlash maqsadida - 0,8%dan, o‘qish va tijorat maqsadida - 0,6%dan va boshqa maqsadlarda – 6,4%. 

Chet elga ketgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining asosiy safar maqsadi qarindoshlarni borib ko‘rish - 54,8% (1,5 mln kishi). Keyingi o‘rinda esa ishlash maqsadida – 31,0% (889,2 ming kishi), sayyohlik maqsadida - 3,6% (102,6 ming kishi), doimiy yashash 3,3%, xizmat yuzasidan – 0,9%, tranzit – 0,8%, o‘qish maqsadida – 0,6%, davolanish – 0,3%, boshqa maqsadlarda 4,7%ni tashkil etadi. 

2019 yil yanvar-mart oylarida chet elga ketgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining yoshi bo‘yicha taqsimlanishidan ko‘rish mumkin, ularning 53,3% 31 – 55 yoshlilar, 31,2% 19 – 30 yoshlilar va 11,3% 56 yosh va undan kattalar tashkil etadi. 

Top