20:13 / 29.04.2019
13198

Imtiyozdan noo‘rin foydalanishga bo‘lgan urinish fosh etildi

Bojxona organlarining asosiy vazifasi davlatimiz iqtisodiy xavfsizligini himoya qilish hisoblanadi. Shu maqsadda yurtimizga kirib kelayotgan har bir tovar moddiy boyliklari bojxona nazoratidan o‘tkaziladi.

Yaqinda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari viloyat hududida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub'yekti nomiga xorijiy kompaniya tomonidan yuborilgan tovarlarni bojxona nazoratidan o‘tkazishdi.

Tadbirkor tomonidan bojxona organlariga taqdim etilgan hujjatlarda 243 903 kvadrat metr ayollar ko‘ylaklarini tikishga mo‘ljallangan shifon matosi olib kelinayotganligi qayd etilgan. Bundan maqsad esa ushbu matolar uchun bojxona to‘lovlaridan imtiyoz olgan holda yurtimizga olib kirish bo‘lgan.

Foto: Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi

Ammo bojxonachilar bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatilgan tovar nomi bilan asl tovarlarning o‘zaro mutanosibligini tekshirish maqsadida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutiga murojaat etishdi. Olingan xulosaga ko‘ra tovarlardan olingan namunalar va hujjatda nomi keltirilgan tovarlar bir xil emasligi, ya'ni 243 903 kvadrat metr matolar “Shifon” to‘qimasi sinfiga emas, balki “Poplin” to‘qimasi sinfiga mansub ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi. Natijada ushbu matolar uchun 497 million so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Top