13:56 / 30.04.2019
32446

YeChL anonsi. Messi Salohga qarshi va sensatsiyachilar to‘qnashuvi

Seshanba va chorshanba oqshomlarida Chempionlar ligasining yarimfinali doirasida birinchi uchrashuvlar o‘tkaziladi. Ikki juftlikda ham yaqqol favorit yo‘q.

«Tottenhem» - «Ayaks»: qanday natijani mo‘jizaviy deyish mumkin?

Yarimfinalda ko‘pchilik «Manchester Siti» va «Yuventus»ni kutgandi. Buning sababi oddiy: Krishtianu Ronalduni Xosep Gvardiolaga qarshi ko‘rish qiziq edi. «Real» va Dortmundning «Borussiya»si ham turnirni bezab turgan bo‘lardi, 6 yil muqaddam Robert Levandovskiy nemis klubi safida madridliklar darvozasiga bir o‘yinda to‘rtta gol yo‘llagandi.

Ammo «Tottenhem» va «Ayaks» yuqorida nomlari keltirilgan grand klublarni turnirni erta tark etishga majbur qilishdi - xalqaro turnirlarda keyingi vaqtlarda ko‘rinmay kelayotgan bu ikki jamoa (mavsum arafasida bu ikki jamoa Yevropa miqyosida o‘rtamiyonalar sifatida ko‘rilayotgandi) ko‘pchilik uchun kutilmaganda yarimfinalga qadar yetib kelishdi va ulardan biri endi mavsumning asosiy o‘yinida maydonga tushishi aniq.

«Tottenhem» o‘z tarixida ilk marta YeChLda eng yaxshi natijani qayd etdi. «Shporlar» muxlislari uchun bu mavsum har qachongidan yaxshiroq kechmoqda - jamoa muxlislarida jamoaning prinsipial raqibi «Arsenal» ustidan kulishlari uchun sabablar ko‘p. O‘tgan haftada «Tottenhem»ning o‘nlab fanatlari qo‘shni jamoa ofisiga qo‘ng‘iroq qilib, ulardan «Arsenal»ning YeChL o‘yini uchun chiptalar so‘rashgani tasvirlangan hazil video tarqaldi. Go‘shakning bir tomonidagi shaxs afsus bilan shunday deydi: «Afsuski, biz Chempionlar ligasida o‘ynamayapmiz». Qo‘ng‘iroq qiluvchilar esa zaharxanda kulgi bilan javob qaytarishdi: «Biz buni bilamiz!».

«Ayaks» qachonlardir Chempionlar ligasining doimiy ishtirokchisi bo‘lgan, ammo oltin davrlar allaqachon ortda qolgandi. Keyingi yillarda amsterdamliklar jamoasi 1995 yilgi muvaffaqiyatni qaytarishi mumkin bo‘lgan jamoani shakllantirishdi, balki buning vaqti kelgandir. Niderlandiyadagilar «Ayaks»ning xalqaro sovrin yutishi nafaqat klub uchun, balki mamlakat uchun ham muhimligini anglab turishibdi. Shuning uchun, jamoa yarimfinalga chiqqach, qirollik futbol federatsiyasi mislsiz qadam tashladi - butun tur ko‘chirildi (bu turda barcha o‘yinlar bir vaqtga belgilangandi). Agar bunday qaror qabul qilinmaganida, «Ayaks» yakshanba kuni «De Grafshap»ga qarshi o‘yin o‘tkazishi va natijada «Tottenhem»ga qarshi o‘yinga tayyorlanish uchun vaqt qolmasligi mumkin edi.

«Shporlar»ga esa hech kim qarashgani yo‘q, shu tufayli ular shanba kuni «Vest Hem»ga qarshi o‘yinni «qurbon qilishdi» - uchinchi o‘rinda mustahkam joylashib olgan jamoa o‘z uyida yutqazib berdi. «Men niderlandlar «Ayaks» uchun shunday sharoitlar yaratib berishganini eshitganimda quloqlarimga ishonmadim. Qaniydi futbol assotsiatsiyasi ham biz uchun shunday qadam tashlay olganida», deya munosabat bildirdi «Tottenhem» himoyachisi Denni Rouz.

Ammo «shporlar» o‘z muammolarini o‘zlari hal qilishga majburlar. Holbuki, ularning muammolari kam emas: Keyn jarohatda, Son Xin Min diskvalifikatsiyada, Yanssen zayavka qilinmagan, «Tottenhem»da hujum chizig‘i g‘arib ahvolda - APLning joriy mavsumida faqat bitta gol urgan Fernando Lorente asosiy tarkibda markaziy hujumchi sifatida o‘ynashi kutilmoqda, Pochettino hujumkor yarimhimoyachilar Alli va Mourani ham oldinroqqa joylashtirishi mumkin. Bunday holatda «Ayaks» ustunlikdan foydalana oladimi, bugun ko‘ramiz.

«Tottenhem» – «Ayaks»
30 aprel. London. «Tottenhem» stadioni. 00.00.
Hakam: Mateu Laos (Ispaniya).
Javob o‘yini – 8 may.

«Barselona» - «Liverpul»: finaldan oldingi final

Qur'a ba'zan adolatli bo‘lmaydi. Hozirdanoq aytish mumkinki, bu mavsumdagi ikkinchi yarimfinal o‘yinlari finalni soyada qoldirishi mumkin. Shubhasiz, «Liverpul»-«Barselona» juftligi g‘olibi Madriddagi jangda favorit bo‘ladi.

Ko‘k-anorranglilar 22 o‘yindan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilishmayapti, keyingi 15 o‘yindan 13tasida g‘alaba qozonishgan va Ispaniya chempionligi tojini o‘ziniki qilishgan. Qizillarda esa 19 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etilmoqda, jamoa ketma-ket 10 o‘yinda g‘alaba nashidasini surgan va ichki chempionatda ochko jamg‘arish bo‘yicha kosmik natija qayd etmoqda - 91 ochko. Qur'aning bunday kelganining yaxshi tomoni, muxlislar bu jamoalar ishtirokida bitta emas, ikkita o‘yinga guvoh bo‘lishadi.

Dam olish kunlarida «Barselona» «Levante» ustidan g‘alabaga erishib, Ispaniya chempionligi masalasini hal etishdi, Ispaniya Kubogi finali esa 25 may kuni «Sevilya»ga qarshi kechadi. Klub prezidenti Jozep Bartomeu kataloniyaliklar bu mavsumda trebl qayd etishni maqsad qilishganini aytib o‘tdi: «Bu juda qiyin bo‘ladi», deya qo‘shimcha qildi u.

Rostdan ham, jamoa bu natijaga erishishga yaqin kelgan, ammo Chempionlar ligasida vazifa juda qiyin - «Real», «Atletiko», «Tottenhem» va «Manchester Yunayted»klublariga hurmat saqlagan holda aytish mumkinki, «Barselona» bu mavsumda hali «Liverpul» darajasidagi raqibga ro‘para kelmadi. 

O‘yindan avval ingliz matbuoti Suares mavzusini faol muhokama qilmoqda. Urugvaylik futbolchi «Liverpul»da jahon yulduzi darajasiga chiqqandi va u chorshanba oqshomida sobiq klubiga qarshi maydonga tushishi kerak. «Men «Liverpul»dan barchasi uchun behad minnatdorman. Ammo maydonda do‘stlikka, o‘rtoqchilikka va ajoyib damlar haqidagi xotiralarga o‘rin yo‘q», dedi Suares.

«Liverpul» ham sobiq forvardiga qarshi o‘ynashiga u qadar e'tibor qaratmayapti, garchi Suares ketgan yili klub muxlislari yig‘lamoqdan beri bo‘lishgandi. Hozir jamoada Suares darajasidagi futbolchilar bir nechta. Saloh va Mane juma kuni «Haddesfild»ni ayab o‘tirishmadi va ikkitadan gol urib, chempionat to‘purarlari ro‘yxatida 20tadan gol bilan birinchi va ikkinchi o‘rinlarni bo‘lishib turishibdi. Van Deyk esa yakshanba kuni futbolchilar talqiniga ko‘ra chempionatning eng yaxshi futbolchisi deya e'tirof etildi. Keyingi yillarda bu qadar kuchli «Liverpul»ni ko‘rmagandik. Lekin shu jamoa ham bu mavsumda sovrinsiz qolishi mumkin...

«Barselona»da birinchi o‘yin oldidan birgina yo‘qotish mavjud - Rafinya ko‘p vaqtdan buyon jarohat tufayli o‘ynamayapti. «Liverpul» Fabino va Roberto Firmino o‘yinga qadar tiklanib safga qaytishidan umid qilmoqda. Bu jangda Kloppga barcha yulduzlarning yordami kerak.

«Barselona» – «Liverpul»
1 may. Barselona. «Kamp Nou» stadioni. 00.00.
Hakam: Kuypers (Niderlandiya).
Javob o‘yini – 7 may.

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Top