22:34 / 02.05.2019
159978

O‘zbekistonning sobiq elchisi ayg‘oqchilikda ayblanib, qo‘lga olindi

Foto: Facebook/Kadyr Yusupov

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining sobiq amaldori, O‘zbekistonning YeXHTdagi (Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti) vakili lavozimida ishlagan Qodirjon Yusupov «davlatga xoinlik qilish»da ayblanmoqda. Ushbu ayblov Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan ilgari surilmoqda va gumonlanuvchi qo‘lga olingan.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan Yusupovning yaqin qarindoshi ayblovni inkor etib, holatga boshqacha sharh berdi.

«U kishi ruhiy xastaliklardan aziyat chekadi. O‘zbekistonning YeXHTdagi vakili sifatida Qodirjon 1994 yili dekabrda o‘tgan sammitga mas'ul edi. Budapeshtda o‘tgan sammitga O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov kelgan, tadbirlardan ko‘p o‘tmay Yusupov ruhiyatida birinchi noodatiy holat kuzatilgan. Shaxsiy shifokor unda shizofreniya alomatlarini topgan va davolash kursini nazoratga olgan», — deydi suhbatdosh.

Kun.uz'ga ma'lum bo‘lishicha, Yusupov qattiq stress va bosim ostida ishlagani uning sog‘lig‘iga salbiy ta'sir ko‘rsatgan. Yaqinlarining ta'kidlashicha, tutqanog‘i va kasalligi oqibatida u o‘z harakati, ongini boshqara olmasligi mumkin, ammo tegishli muolajalar bardavom qilinsa, uning sog‘lig‘i normallashadi. Shundan so‘ng, atrofga ijtimoiy xavf tug‘dirmaydi.

2018 yil 3 dekabr kuni Qodirjon Yusupov taxminan soat 8.45da Toshkent metropolitenining «Pushkin» metro bekatidagi temir yo‘l relsiga yiqilib tushgan. Toshkent shahar IIBB ma'lumotiga ko‘ra, u yengil tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgandi.

Foto: Facebook/Kadyr Yusupov

Suhbatdoshning aytishicha, O‘zbekiston Respublikasining Avstriya, Buyuk Britaniya va Yaqin Sharq mamlakatlaridagi elchixonalarida, shuningdek O‘zbekistonning BMT va YeXHTdagi doimiy vakolatxonasida ishlagan, 2002-2005 yillarda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatini boshqargan Yusupov relsga yiqilib tushmagan, balki o‘z joniga qasd qilgandi. 

«U o‘sha kunlari o‘zini noodatiy tutishni boshladi, kasalligi kuchaygandi. Shifoxonaga yotqizilgan Qodirjon turli so‘zlarni aytib, alahsiray boshladi. O‘zini xorij maxsus xizmatlari ayg‘oqchisi, deya tan olgan Yusupov aslida nima deyishini bilmasdi», — deydi uning qarindoshi.

Ma'lum qilinishicha, Yusupov shifoxonadan DXX Tergov qamoqxonasiga o‘tkazilgan. Unga nisbatan O‘zJK 157-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etish to‘g‘risida ayblov e'lon qilingan.

Yusupovning yaqinlari advokat Allan Pashkovskiydan huquqiy ko‘mak so‘rab, Qodirjonning qonuniy vakili bo‘lishini iltimos qilishgan. Ammo Yusupov advokat xizmatidan voz kechib, davlat budjetidan moliyalashtirilayotgan advokat Sharipov xizmatini ma'qul ko‘rgan.

«Himoyam ostida bo‘lgan shaxs bilan uchrashishga bir necha marta harakat qildim. Belgilangan tartibda uchrashishning imkoni bo‘lmay, biz birinchi (so‘nggi ham) marta tergovchi xonasida jonli suhbat qildik.

Qonunga ko‘ra, u advokat bilan muloqot qilishi, uning xizmatidan voz kechishini bildirishi va bu haqda ariza yozishi kerak. Aslida tergovchining xonasida meni tayyor ariza va mum tishlagan Yusupov qarshi oldi. Uning o‘ng qo‘li lat yegan (gips qilingan), shunga qaramay ariza matni uning so‘zlaridan emas, o‘zi yozganiga ishora qiladi. Menda shubhalar ortib ketdi», — deydi advokat Pashkovskiy. 

Advokatning aytishicha, ayblanuvchi o‘zini noodatiy tutib, «barchasi tugagani»ni takrorlagan va asabiylashgan. Yusupov aynan nimani nazarda tutgani OAVga ma'lum emas.

Human Righs Watch tashkiloti vakili Stiv Sverdlovning ta'kidlashicha, xulq-atvori noturg‘un va o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan shaxsni og‘ir jinoyatda ayblashdan avval professional tergovni tashkil etish kerak.

«Advokat singari Yusupovning yaqin qarindoshlari ham ayblanuvchi bilan muloqot qilishi qiyin kechmoqda», — deydi Stiv Sverdlov.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova Yusupovning oila a'zolari tergov organiga uchrashuv yuzasidan tegishli tartibda murojaat qilgan taqdirda, JPK talablari asosida ularning uchrashuv masalasi ko‘rib chiqilishini bildirdi. 

«Yusupovning oila a'zolari uning ahvolidan qonuniy himoyachisi orqali xabardor bo‘lishlari yoki tergov organiga tegishli tartibda murojaat qilgan taqdirda, JPK talablari asosida ularning uchrashuv masalasi ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, ayblanuvchining singlisi Vazira 2 marta, Nazira va o‘g‘li Temur 3 martadan Yusupovning ruhiy va jismoniy ahvoli haqida tergovchiga telefon qo‘ng‘iroqlari orqali bergan savollariga to‘liq javob berib kelingan», — deydi Rahmonova.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 230-moddasiga muvofiq, ushlab turilgan shaxsga qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan uchrashuvga ushlab turilgan shaxslar saqlanadigan joyning ma'muriyati ushlab turish to‘g‘risidagi materiallar qaysi tergovchi yoki surishtiruvchining ish yurituvida bo‘lsa, faqat o‘sha tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsati asosida ijozat beradi, himoyachi bilan uchrashuv bundan mustasno.

2015 yildan buyon Yusupovning salomatligini kuzatib kelayotgan shifokor Vladimir Dyakov ayni paytda «davlatga xoinlik qilish»da ayblanayotgan sobiq diplomatning haqiqatan ruhiy holatida o‘zgarishlar bo‘lganini aytadi.

«U yomon uyqu, kayfiyatning tez tushib ketishi, jahldorlik va maishiy kelishmovchiliklardan aziyat chekkan. Bemor muntazam ravishda psixotrop terapiya, tserebroprotetorlar va dorilar qabul qilgan. Yusupovning yaqin qarindoshlari (tahririyatga ularning ism-sharifi ma'lum) shizofreniya bilan kurashgan. Ularning ayrimlari mahalliy ruhiy-asab kasalliklar shifoxonasi dispanserida ro‘yxatda turgan», — deydi shifokor.

Biroq Bosh prokuratura tomonidan DXX Tergov izolyatorida saqlanayotgan Qodirjon Yusupovning ruhiy holati qoniqarli ekani tasdiqlanmoqda.

«Kelgusida uning ruhiy holatida o‘zgarish bo‘lgan taqdirda, tegishli tartibda JPK talablari asosida masala hal etilishi ta'minlanadi», — deyiladi Bosh prokuratura ma'lumotida.

Shunga qaramay, Sverdlov yaqin o‘tmishda yuz bergan ayrim holatlarni misol qilib keltiradi va tergovda shaffoflik ta'minlanishini so‘ragan.

«Jinoyat kodeksining 157-moddasidan («davlatga xoinlik qilish») ko‘pincha noto‘g‘ri maqsadlarda foydalanishgan. Masalan, turkolog tadqiqotchi Andrey Kubatin ishi bunga misol bo‘lsa, bundan tashqari ayrim harbiylar ham shu ayblov bilan qamalib ketdi», — deya ta'kidlagan u. 

Tergov siri tufayli Qodirjon Yusupov ishiga oid batafsil ma'lumotlar oshkor etilmayapti. Ayni paytda tergov jarayoni davom etmoqda.

Mavzuga oid
Top