00:05 / 04.05.2019
25506

Abu-Dabi politsiyasi navbatdagi qimmatbaho mashinaga ega bo‘ldi  

Foto: motor1.com

Politsiya mashinalari ko‘pincha yetarlicha oddiy mashinalar bo‘lib, biroq Avstraliyada Honda Civic Type R, Yaponiyada Nissan GT-R va Italiyada Ferrari 458 Spyder kabi bir nechta istisnolar mavjud. Ammo BAAda bu borada vaziyat umuman o‘zgacha.

Abu-Dabi va BAAning yana ikkita yirik megapolisi politsiyasi qimmatbaho mashinalar haydash imkoniga ega va bunday mashinalardan biri Lykan HyperSport hisoblanadi.

Livan firmasi tomonidan yaratilgan avtomobil “Forsaj 7” filmidan esingizda qolgan bo‘lishi mumkin, aynan shu mashina filmda baland binolar orasida sakrab yuradi. Mashinaning nomi afsonaviy jonzot sharafiga qo‘yilgan. HyperSport’dan hammasi bo‘lib 7 dona ishlab chiqarilgan va ularning biridan Abu-Dabi politsiyasida foydalanilmoqda. 

HyperSport’ning texnik ko‘rsatkichlari hayratlantirmay qo‘ymaydi. U 3,7 litrli 740 ot kuchiga ega motor va 7 pog‘onali  avtomatik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Ushbu kuch qurilmasi 1400 kg og‘irlikka ega giperkarga 100 km/soat tezlikka 2,8 soniyada erishishga imkon beradi. Mashinaning 395 km/soatgacha yetuvchi maksimal tezligi va 3,4 mln dollarlik narxi uni tarixdagi eng qimmatbaho va tez yuruvchi politsiya avtomobillaridan biri qiladi.

Top