07:59 / 04.05.2019
23598

Mirziyoyev Ma'naviyat va ma'rifat kengashi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi 

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Qaror bilan quyidagilar Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

aholi o‘rtasida faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, jamiyatda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan demokratik tamoyillarni qaror toptirish;

mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy islohotlarning, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka samarali yetkazish;

oila, mahalla, ta'lim muassasalari va mehnat jamoalarida ijtimoiy-ma'naviy muhitni o‘rganish va sog‘lomlashtirishga qaratilgan faoliyatda ishtirok etish,“mahalla–tuman–viloyat–respublika” prinsipi asosida hududlar kesimidagi ijtimoiy-ma'naviy muhit xaritasini shakllantirish, bu jarayonga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;

“Jaholatga qarshi ma'rifat” g‘oyasi asosida jamiyatda uzluksiz ma'naviy-ma'rifiy tarbiya va targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etishning strategik yo‘nalishlari, ta'sirchan, kreativ va innovatsion uslublarini ishlab chiqish;

tinchlik va osoyishtalikka, mamlakatimizning barqaror taraqqiyotiga, qadriyat va urf-odatlarga hamda insonparvarlik g‘oyalariga xavf soluvchi turli ichki va tashqi tahdidlarga qarshi samarali targ‘ibot ishlarini olib borish;

aholining ijtimoiy-ma'naviy hayotida bunyodkorlik g‘oyalarini kuchaytirish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik muhitini yanada mustahkamlash.

O‘zbekiston Respublikasida ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, aholining intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirishga, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashga doir chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) hokimlari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) Ma'naviyat va ma'rifat kengashlari raislari o‘n kun muddatda hududiy kengashlar tarkibini qayta tasdiqlaydi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

Respublika kengashining yig‘ilishi bir yilda bir marta Respublika kengashi raisi, boshqa vaqtlarda esa zaruratga qarab Respublika kengashi raisining o‘rinbosarlari tomonidan o‘tkaziladi;

hududiy kengashlarning yig‘ilishlari hududiy kengashlar raislari tomonidan har yarim yilda bir marta o‘tkaziladi;

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Respublika kengashining, uning hududiy bo‘lim va bo‘linmalari tegishli hududiy kengashlarning ishchi organlari hisoblanadi.

Markaz:

a) O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutgan holda, Uzluksiz ma'naviy tarbiya konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi:

ma'naviy tarbiyani baholashning ilmiy asoslangan indikatorlari;

bola tarbiyasida milliy tarbiya metodlari va zamonaviy pedagogikaning ilg‘or yutuqlaridan samarali foydalanish shakllari;

ma'naviy tarbiyani shakllantirishda oila, ta'lim muassasalari, mahalla, ommaviy axborot vositalari va boshqa ijtimoiy tuzilmalar o‘rtasida samarali hamkorlikni o‘rnatish mexanizmlari;

tarbiyalanuvchilar bilan birga tarbiyachilarning ham bilimi va malakasini muntazam oshirib borishni nazarda tutuvchi uzluksiz ma'naviy tarbiya tizimi;

ma'naviy tarbiyani shakllantirishning homiladorlik davridan boshlanishi va tarbiyaning har bir bosqichdagi o‘ziga xos xususiyatlari;

ma'naviy tarbiyaning tadrijiy rivojlanish va uzluksizlik tamoyillariga asoslanishi;

b) Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutgan holda, Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitning holatini aniqlash va manzilli sog‘lomlashtirish metodikasi loyihasini ishlab chiqadi va Respublika kengashiga kiritadi:

hududlardagi ijtimoiy-ma'naviy muhit holatini xonadonma-xonadon yurib aniqlash, tizimli monitoring va tahlil qilishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanish shakllari;

tahlil natijalarini “mahalla–tuman–viloyat–respublika” prinsipi asosida hududlar kesimidagi ijtimoiy-ma'naviy muhit xaritasida aks ettirish tartibi;

ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik muammolarni bartaraf etishga qaratilgan maqsadli va manzilli targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirishga doir tavsiyalar;

aholining mafkuraviy immunitetini mustahkamlashga yo‘naltirilgan innovatsion metodlarni yaratish, ilmiy-amaliy dasturlarni amaliyotga joriy etish mexanizmi;

v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda Markazning hududiy bo‘lim va bo‘linmalari xodimlari, davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning ma'naviy-ma'rifiy ishlar uchun mas'ul xodimlarini Markaz huzuridagi “Ma'naviyat targ‘ibotchisi” ta'lim muassasasida tizimli ravishda o‘qitish amaliyotini joriy etadi.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga:

“Madaniyat va maʻrifat” telekanalini Markaz, uning hududiy bo‘lim va bo‘linmalari faoliyatini yoritish masalalari bo‘yicha Respublika kengashining bosh axborot hamkori etib belgilash tavsiya etildi.

Markaz, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasining ma'naviy-ma'rifiy ishlarni amalga oshirishdagi, yuksak ijtimoiy-ma'naviy muhitni shakllantirishdagi samarali mehnati va ibratli faoliyati uchun davlat organlari va tashkilotlar xodimlariga topshiriladigan “Ma'naviyat fidoyisi” ko‘krak nishonini ta'sis etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Mavzuga oid
Top