13:25 / 14.05.2019
11366

Samarqandda nega gaz bosimi «o‘ynashi» ma'lum bo‘ldi

Foto: REUTERS

Samarqand viloyatida nega gaz bosimining o‘ynashi ma'lum bo‘ldi. Bu haqda viloyat gaz ta'minoti hududiy filiali boshlig‘i Xolmurod Bobomurodov Kun.uz’ga ma'lum qildi.

«Samarqandda ilk tabiiy gaz quvurlari tortilganiga 60 yil to‘lmoqda. Viloyatdagi 18 foiz gaz tarmoqlari 1959 yilda o‘rnatilgan quvurlardir. Aslida har qanday eng sifatli gaz quvuri ham 25 yilda yaroqsiz holga kelib qoladi. 3 yilda yaroqsiz holga kelib qolgan quvurlar ham bor.

Bugungi kunda viloyatda jami quvurlarning 20 foizi o‘tkazuvchanligini yo‘qotgan. Hatto ayrim joylarda quvurlardan tonnalab suv tortib olamiz. Mana shu kabi quvurlar sabab ko‘pincha gaz bosimi ayniqsa yog‘in-sochinli oylarda kutilmaganda kamayish va ko‘payish holatlari uchrab turadi»,- dedi Kun.uz muxbiriga Xolmurod Bobomurodov.

Soha vakilining fikricha, aynan tarmoqlarning eskirib ketgani ma'lum miqdordagi tabiiy gaz yo‘qotilishiga ham sabab bo‘lmoqda. Shu sababdan viloyatdagi eskirgan tabiiy gaz tarmoqlarini yangilash maqsadida jami 33 milliard so‘mlik loyiha tayyorlanmoqda. Unga ko‘ra, 2020-2021 yillarda barcha eskirgan gaz quvurlarini yangisiga almashtirish ko‘zda tutilgan.

Top