23:23 / 15.05.2019
17038

Shveytsariya nashrida O‘zbekiston “Ming bir kecha” ertagi davriga qiyoslandi

Shveytsariyaning Aargauer Zeitung gazetasi O‘zbekistonni “Ming bir kecha” ertagi tasviriy maydoniga qiyosladi. Maqola Annika Bangerterning Shveytsariya va Germaniya jurnalistlaridan iborat guruh bilan O‘zbekistonga press-tur doirasida amalga oshirgan tashrifi mahsulidir. Mazkur press-tur O‘zbekistonning GFRdagi elchixonasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK qo‘llab-quvvatlashi ostida Gebeco turkompaniyasi tomonidan tashkil etilgan.

“Qadimda karvonlar hozirgi O‘zbekiston hududini kesib o‘tib, uning shaharlarini jahon madaniyati javohirlariga aylantirgan. Bugun mamlakat dunyoga ochilmoqda va butun dunyo sayyohlarini o‘zining tarixiy obidalari bilan jalb qilmoqda. Endi “Ipak yo‘li” davridagi kabi xorijiy sayyohlarni mamlakatga tashrif buyurishga hamda uning ajoyib me'moriy yodgorliklaridan zavq olishga chorlashmoqda. Ularni umrida bir marta bo‘lsa-da ko‘rgan inson ijod mahsulining go‘zalligidan hayratda qoladi”, - deyiladi manbada.

Aargauer Zeitung’dagi maqolada mamlakat “Ming bir kecha” ertagidagi joylarga qiyoslanadi: “O‘zbekistonga sayohat qilar ekansiz, o‘zingizni “Ming bir kecha” ertagining tasvirga olish maydonchasiga tushib qolgandek his qilasiz. Biroq loysuvoq devorlar, yam-yashil daraxtlar yoki nafis naqshlar – ssenariynavis o‘ylab topgan narsalar emas. Ular – tarixning real guvohlari, o‘rta asrlar ulug‘vorligi".

Shuningdek, maqolada O‘zbekistonning Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlari qadimda xalqaro savdo markazlari bo‘lgani ta'kidlanadi.

“Xiva shahrining tarixiy markazi, Buxoro va Samarqand shaharlari markazlari kabi, YuNeSKO butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Loysuvoq binolar, feruzarang gumbazlar va Sharq hukmdorlarining saroylari ochiq osmon ostidagi haqiqiy muzeydir. Unda 1200 ga yaqin kishi yashaydi. 100 ming kishining kundalik hayoti shahar tarixiy markazi tashqarisida qaynaydi”, - deyiladi Shveytsariya gazetasida.

Maqolada Samarqand haqida ham so‘z yuritilib, uning asosiy maydoni Registon sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuruvchi maskan ekani qayd etiladi.

“Maydonda uch madrasa qad ko‘targan bo‘lib, ularning go‘zalligini ta'riflashga so‘z ojiz. Obidalarning ulkan gumbazlari moviy rangda tovlanadi. Naqshlar bilan bezatilgan devorlarga ham ko‘kish ranglarda ishlov berilgan”, - deyiladi unda va Tilla Qori madrasasiga alohida urg‘u beriladi.

Bundan tashqari, gazetada XIV asrlarda sohibqiron Amir Temur tomonidan barpo etilgan Shoxi Zinda yodgorligi ta'riflanadi va shu o‘rinda Amir Temurning O‘zbekistonda milliy qahramonlardan biri, o‘zbek davlatchiligi asoschisi sifatida tan olinishi ta'kidlanadi.

Top