Bugun, 17 may kuni Belarus Respublikasi harbiylari “Jangovar hamdo‘stlik—2019” hamkorlikdagi mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun Il-76md harbiy-transport samolyotida Farg‘ona aeroportiga yetib keldi.
Polkovnik Oleg Kostromin boshchiligidagi 22 nafar belarus harbiy xizmatchisi 20—27 may kunlari Namangan viloyatidagi “G‘urumsaroy” poligonida o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan o‘tkaziladigan hamkorlikdagi maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashadi.
Ushbu o‘quv mashg‘ulotlari O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasiga asosan tashkil etilmoqda, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.