18:54 / 17.05.2019
16427

Ichimlik suvi va kanalizatsiya muammolari, yangi konsepsiya. Vazir o‘rinbosari bilan suhbat

O‘zbekiston jahonga yuz tutishni maqsad qilgan bir vaqtda aholi yashash tarzi, hududlar infratuzilmasining rivoji bu yo‘lda birlamchi maqsaddir. Ichimlik suvi va oqova (kanalizatsiya) xizmatlarisiz esa infratuzilma va taraqqiyotni tasavvur etib bo‘lmaydi. Mamlakatda bu sohada qator muammolar mavjud. Toshkent viloyatining Chinoz tumani va boshqa mintaqalardagi masalalar bot-bot matbuotda yoritiladi. Kun.uz O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy va kommunal xizmatlari vazirligi Ichimlik suvi bilan ta'minlash va oqova suv xizmatlari masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Tohirjon Haydarov bilan shu masalalar yuzasidan suhbatlashdi.

Video: YouTube

Video: Mover (tas-ix)

Aholi orasida ko‘pincha ushbu yangi tashkil etilgan vazirlik bo‘yicha savollar beriladi. Bu vazirlikning vakolatlari nimalardan iborat?

— Vazirlik 2017 yilda tashkil qilingan vaqtda bir qator vazifalar yuklatilgan. Bular: ichimlik suvi va oqova suv ta'minoti, issiqlik ta'minoti va uy-joy fondlarini ekspluatatsiya qilish sanaladi.

Yoz yaqinlashgani sari aholi tomonidan ichimlik suvi bilan bog‘liq ko‘plab haqli e'tirozlar kelishi boshlandi. Bu masalada ishlar qay darajada olib borilmoqda?

— Vazirlik tashkil etilganidan buyon hozirgi kunda asosiy qilingan ish – ichimlik suvi va oqova suv bo‘yicha respublika bo‘ylab xatlov o‘tkazildi. Hozir holat bo‘yicha to‘liq ma'lumotga ega bo‘ldik. 59 ming km. ichimlik suv tarmoqlari mavjud bo‘lib, shundan 35-40 foizi ta'mirtalab bo‘lgani sababli rekonstruksiya qilinishi lozim. Oqova suv bo‘yicha ham yakunlangan xatlov natijalariga ko‘ra, respublikada 79ta shahar oqova suv (kanalizatsiya) tizimlariga ega. Bu shaharlardan 58tasida oqova suv tozalash inshootlari mavjud. Hozir xalqaro moliya institutlari tomonidan rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda, 47tasi ta'mirtalab holatda. Asosiy oqova suv tizimlari o‘tgan asrning 60-70 yillarida qurilgani sababli temir-beton va metallokonstruksiyalari chirib tamom bo‘lgan. Sovet vaqtida elektr energiyasi arzon bo‘lgani sababli katta quvvatdagi nasos uskunalari o‘rnatilgan. Hozirgi kunda bularni almashtirish kerak yoki modernizatsiya qilinishi lozim. Bu masalada 2018 yil hisobida respublikaning 12ta hududida 38 milliard so‘m o‘zlashtirilgan. Misol uchun, Urgut erkin iqtisodiy zonasida, Samarqandda, Toshkent viloyatida ishlar olib borilmoqda. 2019 yilda ham bu yo‘nalishda ishlar ko‘zda tutilgan va 200 milliard so‘mdan oshiq mablag‘ ajratilgan. Bizda 26ta loyiha mo‘ljallangan. Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida quvvati 1000 kubdan oshiq oqova suv tizimlari tozalash inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish, 100 km.ga yaqin oqova suv tizimi qurish rejalashtirilgan.

Ichimlik suvi va oqova suv tizimi bo‘yicha og‘ir hududlar qayerlar?

— Ichimlik suvi ta'minoti respublika bo‘yicha 67 foizni tashkil etadi. Asosiy muammolar qishloq aholi punktlarida hisoblanadi. Eng og‘ir hududlardan misol qilib Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanini olish mumkin. Prezident ko‘rsatmasi bilan Oqsuv-Dehqonobod magistrali qurilishi ketmoqda. Surxondaryo viloyatida Boysun eng og‘ir nuqta. Shu hududda ham markazlashgan ichimlik suvi ta'minoti bo‘lmagan. Bu bo‘yicha ham davlat rahbarining ko‘rsatmasi bilan 58 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. 56 km.dan oshiq magistral suvi qurildi va o‘tgan yili 4ta qishloqqa suv berdik. 2019 yilda Boysunning boshqa qishloqlariga Xojimayxona suv bulog‘idan suv berishni maqsad qilganmiz.

Sirdaryo viloyatiga aholi murojaatlari bilan borgan vaqtimizda aksar e'tirozlar ichimlik suvidan bo‘ladi. Farg‘ona vodiysida ham muammoli joylar ko‘p, masalan Kosonsoy kabi tumanlarni olish mumkin. Ushbu hududlar bo‘yicha rejalar qanday?

— Darhaqiqat, Sirdaryo viloyatidan aholi tomonidan shikoyatlar ko‘p bo‘ladi. Bu viloyatda Jahon banki mablag‘lari hisobidan 5ta tumanda To‘rttom-Sirg‘ali va Beshbuloq suv manbaidan ichimlik suvi ta'minoti hal etiladi. Shuningdek, har yilgi investitsiya dasturlari bilan ham ishlar bajariladi. Farg‘ona viloyatida asosiy ichimlik manbalari lokal suv inshootlari hisoblanadi. Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi muammolar bo‘yicha ham o‘zimiz uchun reja qilib olganmiz.

Mamlakat miqyosida aholining barcha qismi ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari bo‘yicha qamrab olinishi ko‘zda tutilgan?

— Hozir o‘zimiz uchun reja qilishimiz lozim. Bu masalada Prezidentimizning 2018 yil 30 noyabrida 4040-sonli qarori chiqarildi. Bu qarorga asosan, shu yilning sentabr oyiga qadar O‘zbekiston Respublikasida ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqib uni tasdiqlashga kiritishimiz lozim. 12 mingdan ortiq aholi punktlarida ichimlik suvi ta'minoti, 31ta yirik shaharlarda oqova suv xizmatlari, 158ta tuman markazlarida oqova suv xizmatlari mavjud joylarda rekonstruksiya ishlarini amalga oshiramiz, mavjud bo‘lmagan joylarda yangi tizimlar qurilishi rejalashtirilmoqda. Aholini uy bilan ta'minlash qatorida ichimlik suvi va lokal oqova suv tizimlarini qurish bu yildan boshlanadi.

Markazlashgan oqova suv bilan lokal oqova suv xizmati o‘rtasida farq qanday?

— Urganchning Turkmanli mahallasi aholi turarjoylarini misol qilsak. Bu joyda 60 taga yaqin namunali uy-joylar qurilgan. Bu joyga biz lokal oqova suv inshooti qurganmiz. O‘sha hududga bitta nasos o‘rnatiladi va unga aholidan chiqayotgan oqova suvlar haydab beriladi. Inshoot bu suvlarni tozalab beradi. Lokal oqova suv markazlashgan tizim emas, faqatgina o‘sha hududdagi uy-joylarga xizmat ko‘rsatuvchi kichik ko‘rinishidir.

Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari jalb qilgan holda qanday ishlar olib borilmoqda?

— Bunday tashkilotlardan Osiyo taraqqiyoti banki, Jahon banki, Islom taraqqiyoti banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyoti banklari bilan birgalikda ishlar olib borilmoqda. Jumladan, shu kungacha Andijon viloyatida Osiyo taraqqiyoti banki ishtirokida 36 million dollarga teng bo‘lgan oqova suv inshootlari (quvvati 100 ming kubometr) rekonstruksiya qilindi. 10 kilometrdan ortiq oqova suv tizimlari qurildi va rekonstruksiya qilindi. Ushbu ishlar amalga oshirilish natijasida 160 ming nafar shahar aholisi ta'minlandi. Farg‘ona viloyatidagi loyihalarimiz ham Osiyo taraqqiyoti banki tomonidan moliyalashtirilmoqda. Farg‘ona-Marg‘ilon oqova suv inshootining quvvatini 300 ming kubometrga yetkazilgan. Ushbu ishlar amalga oshirish natijasida 300 mingdan ortiq aholining ichimlik suvi bilan ta'minlandi. Shuningdek, Farg‘ona-Marg‘ilon hududlarida 3 ta oqova suv haydash nasosi stansiyalari qurilgan. 10 kilometrga yaqin oqova suv tizimi qurildi.

Jahon banki tomonidan 2-bosqich amalga oshirilmoqda. Buxoro va Samarqand shaharlarida 500 mingga yaqin aholini oqova suv xizmatlariga ulanishi ta'minlanadi. Konsepsiya bo‘yicha 31 ta yirik shaharlarda, 158 ta tuman markazlarida suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish taklifi berilgan. Bundan tashqari, 3 ta bosqichli tarzda 12 ming kilometrli sutkasiga 3 ming quvvatiga ega oqova suv xizmatlarini qurishni nazarda tutganmiz. 

Respublika bo‘yicha ichimlik suvi bo‘yicha holat qanday?

— 67 foiz markazlashgan ichimlik suvidan iste'mol qilsa, qolgan joylarda muqobil manbalardan suv ichishadi. Qayerdadir buloqlardan ichsa, ba'zi mintaqalar masalan, Buxoro, Samarqand hududlarida tashib ichiladi. Suvdan muammo chiqib qolmasmikin deb doim sergak turamiz. Muammo juda ham ko‘p. Tizim yo‘qolib ketgan. Yaqin 2 yildirki, tizimni tiklash harakatidamiz. 1993 yilgacha soha bitta odamning qo‘lida bo‘lgan. Keyin mahalliy hokimiyatlarga berilganidan so‘ng, egasiz qolib ketgan. Vazirlik tuzilishidan maqsad o‘sha tizimni tiklashdir. Sovetlar davrida ko‘plab qishloq aholi punktlarida 100 foiz ichimlik suvi bilan ta'minlangan. Vaqt o‘tishi bilan qaralmay qo‘yilgan va shu holga kelgan. Yaponiyaga 2011 yilda xizmat tashrifi bilan borgan vaqtimizda 1936 yildagi nasos ishlab turibdi. Chunki, vaqtida jihozlari yechilib, moylangan, e'tibor berilgan. Bizda esa yillar davomida bunday ishlar bilan shug‘ullanilmadi.

Mazkur suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Bahodir Ahmedov suhbatlashdi 

Mavzuga oid
Top