15:49 / 17.05.2019
11552

«Vaqf» fondi Ramazonda 3 ming dona Qur'oni karim va 21 tonna oziq-ovqat tarqatmoqda

"Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan Ramazon oyida ko‘plab xayriya-saxovat ishlari amalga oshirilmoqda. Bunda Fondga ehson qilayotgan saxovatpesha insonlarning ko‘magi muhim ahamiyatga ega, deya xabar beradi O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati.

Joriy yilning 16 may kuni Fond tomonidan tayyorlangan qariyb 251 million so‘mlik Ramazon sovg‘alari yurtimizning 14 ta hududlariga yuborildi. Ushbu muruvvat karvoni o‘n to‘rt hududiy birliklar tomon yo‘lga chiqib, unda bir yarim ming muhtoj oilalar uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlari va 3000 dona Qur'oni karim joy olgan. Mahsulotlar hajmi jami 21 tonna (guruch 7.5 t, shakar 4.5 t, un 4.5 t, yog‘ 4.5 t) bo‘lib, ular haqdorlarga yetkaziladi.

Loyihani o‘tkazishdan maqsad esa musulmonlar uchun muborak bo‘lgan Ramazon oyida ko‘makka muhtoj insonlarning ko‘ngliga xurramlik baxsh etishdir.

Fond rahbari I.Xalilov muhtoj insonlar tashkilot e'tiboridan chetda qolmasligini ta'kidlagan holda saxovatli insonlarni fond bilan hamkorlik qilishga, ehsonlarning haqdorlarga yetib borishida birgalikda harakat qilishga chaqirdi.

Mavzuga oid
Top