22:31 / 18.05.2019
37294

Xitoydan o‘zbek yoshlarining murojaati. Kim haq: grantga kirolmayotgan yoshlarmi yoki o‘qishga jo‘natgan firma?

Tahririyatga navbatdagi murojaat Xitoydan bo‘ldi. Bir guruh o‘zbek yoshlari tahsil olish uchun konsalting firmalari tomonidan ushbu davlatga yuborilgan. Bu yoshlar bizga, umuman olganda, butun o‘zbek xalqiga murojaat bilan chiqishgan.

«Biz konsullarga ham murojaat qildik. Konsullik bizga davlat idoralariga murojaat qilishimizni, sudga berishimizni aytmoqda. Bu yerga hech kim qaytib ketish uchun kelmagan. Biz 6 ta guruhga bo‘linganmiz. Bu yerda eski tizimda ishlanmoqda. Bizga 100 foizlik grant asosida tahsil olishimizni aytishgan. Bizga aytishgan vaqtda imtihon yo‘q, deyishgan. Afishalarida ham, reklamalarida ham imtihon yo‘qligi, hech qanday til bilish shart emasligini yozib qo‘yishgan. Bularning bari yolg‘on. «Yeschina», «Yourchina», «Chinascholarship» - hammasi yolg‘on. O‘zbekistonliklar o‘qiyotgan universitetlardan so‘rab ko‘rishingiz mumkin. Hammasi qiynalmoqda», - deydi talabalardan biri.

«Boshida Yeschina firmasida orqali kelganimizda, bakalavriat boshlanganda 2500 AQSh dollari berishimizni aytishgan. Bu yerga kelsak, NSK sertifikatini olishingiz shart deyishmoqda. Shu sertifikatni olsak, o‘qishimiz mumkin ekan. Firma tomonidan bizga bu haqda ma'lumot berilmagan. Biz bu yerga 2,5 ming dollar to‘lab kelganmiz», - deydi murojaat bilan chiqqan yoshlardan yana biri.

 Video: Mover (Tas-IX)

Video: Youtube

«Bu yerga hech kim osonlikcha kelmagan. Kimningdir ota-onasi Rossiyada ishlaydi. Kimdir mashinasini sotib kelgan. Boshida bizga ming dollar to‘lashimiz haqida aytilmagan. Ball haqida ham aytilmagan. Hozir biz ball yig‘olmasak, kontraktga tushirib qo‘yadi. Kontrakt 1,5 ming AQSh dollari. Bular har taraflama pul ishlashni o‘ylashmoqda», - deydi yana bir norozi murojaatchi.

Ushbu murojaatdan so‘ng, biz yuqorida nomi tilga olingan konsalting firmalaridan biri «YESCHINA» vakillari bilan uchrashdik. «YESCHINA» konsalting firmasi ish boshqaruvchisi Gulhayo Otaxonova va konsultant Asomjon Zaynuddinov biz bilan suhbatda bo‘ldi.

- Tahririyatimizga murojaat kelib tushdi. Unga ko‘ra, bir guruh yoshlar Xitoyga tahsil olish uchun kelgan ekan. «Bizga aytilmagan to‘lovlar, aytilmagan sertifikatlar chiqib keldi», deyishdi. Murojaat yozilgan videoni ham ko‘rgan bo‘lsangiz kerak?

- Xitoyda yurgan bu shaxslarning fikrlari asossizdir. Chunki aynan o‘sha namoyishda qatnashgan yigit shartnomani o‘z qo‘li bilan, rozi bo‘lib imzolagan. Shartnoma qo‘limizda turibdi. Aslida shartnomamiz qanday bo‘lgan, ularning fikrlari nega to‘g‘ri kelmayotganligini isbotlab beraman. Konsalting kompaniyamiz davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Faoliyatimiz qonun-qoidalar asosida yuritiladi, - deydi kompaniya boshqaruvchisi.

- Shartnomada qanday bandlar keltirilgan?

- Masalan, o‘sha videoda chiqqan mijozlarimizdan birining shartnomasi bilan tanishtiraman. 2018 yil 11 iyulda shartnoma imzolangan va kuchga kirgan. Asosiy bandlaridan biri, mijoz Xitoy davlatining qonun-qoidalarini o‘rganishi zarur. Uning 3.9-bandida keltirib o‘tilganki, agar talaba A grantida o‘qimoqchi bo‘lsa, ya'ni yotoqxona, o‘qish bepul bo‘lishi uchun bir yildan so‘ng HSK sertifikati bo‘yicha 5 ball olishi, ya'ni 180 bo‘lishi, o‘quv fanlaridan o‘zlashtirish 85, darslarga qatnashishi 90 foiz bo‘lishi lozim. Agar bu bahoni ololmay B variantga tushib qolsa, o‘qish bepul, yotoqxona yiliga 230 dollar deb keltirilgan. HSK sertifikatidan baho 4, ya'ni 240 bo‘lishi, o‘quv fanlardan bahosi 80, darslarga 90 foiz qatnashgan bo‘lishi lozim. S grant chegirmali bo‘lib, bunda baholar 75 foiz, HSK dan 4, darslarga qatnashish 90 foiz bo‘lsa beriladi. Bunda o‘qish puli 50 foizli chegirma, yiliga 1500 dollar, yotoqxona 230 dollar bo‘ladi. Bu shartnomada keltirilgan va mijozlar bunga imzo chekishgan.

Shartnomaning 4.8-bandiga ko‘ra, bir yillik til kursidan keyin talaba agarda o‘qishni tashlab ketsa jarima to‘laydi va Xitoy davlatidan deportatsiya qilinadi. Ushbu o‘qishda to‘rt yil o‘qish majburiy hisoblanadi.

Murojaat qilgan talabaga bularni yaxshilab tushuntirganmiz. Ota-onasi bilan tashqarida rosa muhokama qilib keyin imzo chekishgan.

Nega aynan shu talabalar shikoyat qilishgan? Chunki qolgan talabalar o‘qigan va darslarni o‘zlashtirgan. HSK sertifikatiga tayyor. Yaxshi talabalarimiz bor. Ular bilan gaplashganimizda ko‘pchilik o‘qimayotganligini aytishgan. Aynan imtihonlar yaqin bo‘lganligi sababli ular shunday chiqish qilmoqda.

Kuni kecha bizga Abdurahmon Tashanov deb o‘zini tanishtirgan kishi keldi. O‘zini inson huquqlari faoli dedi va guvohnomalarini ko‘rsatdi. Biz qonuniy ishlash faoliyatimizni ko‘rsatadi deb o‘ylagandik, qarasak, kuni kecha «Ozodlik» saytiga chiqqanmiz. Bu narsadan shok holatiga tushdim. Sababi, gaplarimning qisqagina qismi qo‘yilgan. Qolgani yo‘q. Jurnalist nega faqat bir taraflama yondashgan? Nega jurnalist faqatgina talabani eshityapti? Bizni ham eshitish kerak-ku. Shartnomalar haqidagi gaplarimni qo‘ymagan, ularning noroziligini qo‘yyapti. 

- Aynan shu shikoyatchilarda shunday muammo bo‘lmoqda, deya aytdingiz. Ular qandaydir qonunbuzilish holati sodir etganmi? 

- Bu universitetga avvalgi yili 250 nafar talaba jo‘natganmiz. Nega barchasi norozi bo‘lmayapti? Nega aynan uch-to‘rt nafari chiqmoqda? Chunki qolganlar talablarga amal qilgan holda yurishgan. Bularda esa unday emas. 

Ular vaqtida o‘qishganida, o‘sha sertifikatni olishardi. Xitoy davlati ta'lim berish bo‘yicha dunyoda 3-o‘rinda turadi. Har bir holat o‘rganilgan. Sertifikatga ega bo‘lish muddati ham hisoblangan. Vaqtida o‘qib yurganlar o‘zlashtirishmoqda. Ular tomonidan bir necha qoidabuzarliklar ham bo‘lgan. Masalan, NSK sertifikatini qing‘ir yo‘l bilan olishmoqchi bo‘lgan.

Ularning e'tiroziga ko‘pchilik tomonidan e'tibor qaratildi. Bu masala prokuratura xodimlari tomonidan o‘rganilmoqda. Yaqin kunlarda bu bo‘yicha qonuniy yechim beriladi, - deydi kompaniya konsultanti Asomxon Zaynuddinov.

Murojaatni o‘rganishimiz chog‘ida qiziq holatga duch keldik. Ta'lim olish uchun kelgan yoshlar kompaniyalar noto‘g‘ri ish qilishganini aytishmoqda. Biz bog‘langan firma esa shartnoma bo‘yicha hammasi tartibga solinib, ularga tushuntirish berilganligini bildirmoqda. Bu bo‘yicha bizga videoyozuv ham taqdim etishdi. Videoyozuvda o‘sha talabalardan birining shartnoma bilan tanishgani aks ettirilgan ekan. 

Mazkur holat hozirda prokuratura organlari tomonidan o‘rganilmoqda ekan. Shu sababli, aniq yechimni huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga havola etamiz.

Bahodir Ahmedov

Top