23:28 / 19.05.2019
9490

Farg‘ona IIB boshlig‘i o‘z sektorida sayyor qabul o‘tkazdi

Foto: Farg‘ona viloyati IIB Matbuot xizmati

Beshariq tumani Farg‘ona viloyatining chekka tumanlaridan biri. Tuman aholisi yangilanishlar, islohotlar bilan hamqadam, hamfikr qadam tashlamoqda. Olib borilgan tizimli chora-tadbirlar, hayotbaxsh islohotlar natijasida aholi turmush darajasida ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Tadbirkorlar safi kengayyapti. Lekin hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar ham yo‘q emas.

3-sektor rahbari – viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik Rahmatjon Mamatov ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabullarda tuman aholisidan tushgan 100 dan ziyod murojaatlar ko‘rib chiqildi. Kelib tushgan murojaatlarning ko‘p qismi shu joyning o‘zida mutasaddilar bilan birga hal etildi.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB Matbuot xizmati

Sayyor qabul jarayonida 54 nafar fuqaro malakali mutaxassislar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 10 nafar fuqaro ishga joylashtirildi.     32 ta murojaatni bartaraf etishda qo‘shimcha vaqt talab etilishi sababli aniq muddat belgilanib, tegishli korxona va tashkilot rahbarlariga topshiriqlar berildi hamda viloyat IIB tomonidan alohida nazoratga olindi.

Shuningdek, qabul doirasida Prezidentimizning yoshlar ta'lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini ta'minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan 5 ta tashabbusi asosida tumanda amalga oshirilayotgan ishlarni aks ettiruvchi ko‘rgazmalar ham namoyish qilindi. Ko‘rgazmani tomosha qilgan mehmonlar o‘zaro tajriba almashib, joylarda mana shunday tashabbuslarni muntazam o‘tkazib borishga kelishib oldilar.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB Matbuot xizmati
Foto: Farg‘ona viloyati IIB Matbuot xizmati

Toshloq tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda 103 nafar fuqarolarning turli xildagi masalalar bo‘yicha murojaatlari eshitildi. Sayyor qabul ishtirokchilarining 52 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 8 nafari ishga joylashtirildi va 21 nafariga jamoat ishlariga yo‘llanma berildi.

Bu kabi sayyor qabullar davom etmoqda.

Farg‘ona viloyati IIB Matbuot xizmati

Top