22:13 / 21.05.2019
4388

Toshkentda O‘zbekiston bioxilma-xilligi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi 

Bugun, 21 may kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyalash muhandislari instituti qoshidagi International House-Tashkent anjumanlar zalida 22 may - Xalqaro bioxilma-xillik kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri. Unda Davlat ekologiya qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi Botanika instituti, Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar boshqarmasi, Surxon davlat qo‘riqxonasi mas'ullari hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakili Matilda Dimovski ishtirok etdi.

Matilda Dimovski biologik xilma-xillikni asrab qolish uchun boshqa sohalar faoliyatini bir maromga solish kerakligi, jadal iqtisodiy rivojlanish tabiiy resurslardan noto‘g‘ri foydalanishga zamin yaratishining oldini olishiga urg‘u berdi. 

“Iqtisodiyot va boshqa yo‘nalishlar jadal rivojlanishi ekologiyaga katta zarar yetkazadi. Ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik harakatlar parallel olib borilishi, ya'ni koevolyutsiya yo‘lga qo‘yilsagina biz tabiatni asragan bo‘lamiz”, dedi u.

“Mountain Herbs” MChJ direktori Danil Isakovning so‘zlariga ko‘ra, dengiz sathidan 3200 metr balandlikdagi yerlarda hech qanday maysa o‘smayapti. Bundan ayniqsa Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari juda ko‘p zarar ko‘rgan. 

“Chorva mollari noto‘g‘ri boqilishi sababli ko‘p hududlarda 20-30 yilgacha hech narsa o‘smaydi. Shu bois ko‘p o‘simlik turlaridan ayrildik. Ushbu hududlarda kamida 40 yildan keyin o‘simlik unishi va yoki umuman unmasligi mumkin. Bu O‘zbekiston flora dunyosi uchun katta xavf. Men yoshlar va mutasaddilarni bu masalaga alohida e'tibor qaratishga chaqiraman”, dedi u.

Ma'lumot berilishicha, respublika hududida, asosan Amudaryo bo‘yi va tog‘ tizmalarida qor qoploni yashagan. Bu noyob yirtqich u yashaydigan qamishzorlarning o‘zlashtirilishi va terisi uchun ovlanishi natijasida qirilib ketgan. Davlat ekologiya qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi va GEF qo‘shma loyihasi eksperti Yelena Bikova hozirda soni nechtaligi ham noma'lum bo‘lgan bu jonivor yashashi va ko‘payishini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston uchun qor qoplonini monitoring qilish tizimini taqdim etdi. Bu loyiha 2017 yil may oyidan 2022 yil mayigacha amalga oshirilishi ko‘zlangan bo‘lib, uning umumiy qiymati 31 mln 509 ming AQSh dollaridan ortiqroqni tashkil etadi.

Professor Yusuf Shodmetovning aytishicha, “Yer sayyorasining qariyb 60 % ekotizimi inqirozga uchramoqda. 87 ta suv va suv yonbag‘rlari, 46 ta cho‘l va 43 ta tog‘ ekotizimlari yo‘qolib ketish arafasida. 

“Bu sayyora uchun juda katta xavf. Hayot bioxilma-xillik bo‘lgandagina davom etadi. Biz bioxilma-xillik va tabiatni asrashga qaratilgan juda ko‘p milliy dasturlarga egamiz. Ammo tan olish kerakki, ular yetarlicha ishlamayapti. O‘zbekiston bioxilma-xilligi u qadar boy emas. Har qanday tabiiy ofat unga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin” dedi u hamda Davlat ekologiya qo‘mitasi va boshqa mas'ul tashkilotlarni yanada samarali ishlashga chaqirdi.

Tadbir davomida sohadagi muammolar faktlar bilan bayon qilindi, ammo aksariyat muammolarga yechim taqdim qilinmadi. Jumladan, ishtirokchilardan birining daraxtlarning noqonuniy kesilishi masalasi bilan kim shug‘ullanishi kerakligi haqidagi savol ochiq qoldi.

Shuningdek, Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori Komiljon Tojiboyev olimlar izlanishlari natijasida O‘zbekiston flora dunyosida bir qancha turlarning topilganligi va bu katta yutuq ekanligini ta'kidladi. Lekin Botanika bog‘idagi turli mato bog‘langan daraxtlar ahvoli, bog‘ hududida nazoratchilar yo‘qligi, eski issiqxonalar bo‘sh yotganligi va boshqa muammolar haqidagi savolga javob bermadi. 

Mo‘tabar Xushvaqtova

Mavzuga oid
Top