16:47 / 23.05.2019
7186

IHTT vakili: «Prokuratura organlarining sud hokimiyati faoliyatiga aralashuvini cheklash kerak» 

O‘zbekistonda sud sohasida antikorrupsion muhitni hosil qilish uchun ahamiyat qaratish lozim bo‘lgan omillar ma'lum qilindi. 23 may kuni Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida korrupsiyaga qarshi kurash tarmog‘i kotibiyati korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Istanbul harakatlar rejasi doirasida O‘zbekistonda olib borilgan to‘rtinchi monitoring yakunlarini ma'lum qildi.

«Sud hokimiyati vakillarining nafaqat umumiy, balki alohida, individual mustaqilligi ta'minlanishi lozim.

Shuningdek, O‘zbekistonda haligacha prokuratura organlarining sud jarayoniga aralashuvi mavjud bo‘lib qolmoqda. Buni cheklash kerak» , – deydi IHHT vakili Irina Tsakadze.

IHHT eksperti M.Kaluginning qayd etishicha, korrupsiyaga chek qo‘yishning muhim qadamlaridan biri davlat xizmatchilarining maqomini aniq belgilab berish hisoblanadi.

– O‘zbekistonda antikorrupsion ruhda ko‘plab harakatlar amalga oshirilmoqda. Huquqiy-normativ hujjatlar ishlab chiqilyapti, ammo ular shunchaki tashabbus bo‘lib qolmasligi, amaliyotga tatbiq qilinishi va real natija berishi nazorat qilinishi kerak. Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha idoralararo komissiyasi faoliyatining natijadorligini ta'minlash uchun kadrlarning shu yo‘nalishda qayta tayyorlanishini yo‘lga qo‘yish kerak, – deya ta'kidladi IHHT kotibiyati vakili Tatyana Xavanska.

Ma'lumot uchun, Istanbul harakatlar rejasi 2003 yilda tuzilgan bo‘lib, O‘zbekiston unga 2010 yilda qo‘shilgan. Unga ko‘ra, harakatlar rejasiga qo‘shilgan mamlakatlar bir-biridagi milliy antikorrupsion tizimni baholash, korrupsiyaga qarshi samarali kurash mexanizmlarini yaratish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishlari nazarda tutiladi.

Mavzuga oid
Top