08:37 / 23.05.2019
15447

Ikki pasport bilan ikki joydan pensiya olayotgan fuqaro javobgarlikka tortildi

Navoiy viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro S.F. 2017 yilda yoshga doir pensiya tayinlashni so‘rab Pensiya jamg‘armasining Navoiy shahar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan, deb xabar bermoqda Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati.

Murojaatchi o‘z arizasiga ilova tarzda mehnat faoliyatini tasdiqlovchi ma'lumotnomalar hamda 11.10.2002 yilda IIB tomonidan berilgan va Navoiy shahriga doimiy yashash uchun ro‘yxatga qo‘yilgan pasport nusxasini taqdim qilgan. Ushbu ariza Pensiya jamg‘armasining Navoiy shahar bo‘limi tomonidan ko‘rib chiqilib, yoshga doir pensiya tayinlangan.

Pensioner S.F.da 2 ta fuqarolik pasporti mavjud bo‘lgan. Ushbu fuqaro qonunchilikka zid ravishda 2018 yilda Pensiya jamg‘armasining Karmana tuman bo‘limiga mehnat faoliyatini tasdiqlovchi ma'lumotnomalarni hamda 15.06.2015 yilda IIB tomonidan berilgan va Karmana tumaniga doimiy yashash uchun ro‘yxatga qo‘yilgan pasporti nusxasini ilova qilgan holda yoshga doir pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan. Taqdim qilingan hujjatlarda shubhali holatlar kuzatilmaganligi bois arizachining xatti-harakati natijasida Pensiya jamg‘armasining boshqa bir bo‘limi tomonidan yana bir bor yoshga doir pensiya tayinlangan.

Ikki pasport egasi bo‘lgan mazkur fuqaroning qing‘ir ishlari joriy yilda Pensiya jamg‘armasi mutaxassislari tomonidan masofadan kameral tartibda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida aniqlanib, 5,7 mln. so‘mlik jamg‘arma mablag‘lari ortiqcha sarflanganligi ma'lum bo‘ldi. Mazkur holatga huquqiy baho berish uchun hujjatlar o‘rnatilgan tartibda huquqni muhofaza qilish idorasiga topshirildi.

Amaldagi pensiya qonunchiligiga binoan bir fuqaroga bir vaqtning o‘zida ikki marotaba pensiya tayinlanishi va to‘lanishi mumkin emas. O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan davlat pensiyalarining turli xillarini olish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga ularning o‘zlari tanlagan bitta pensiya tayinlanadi.

Top