02:00 / 24.05.2019
22674

Bandaning vazifasi so‘rashlik, ijobat esa Allohdan

“Kun hadisi” dasturining bugungi sonida taqdim etiladigan hadis mazmuni “Allohning madadi”, deb nomlanadi. Bu mavzu haqidagi hadisni Toshkent shahridagi “Katta Qozirobod” masjidi imom-xatibi Abduqahhor Yunusov sharhlab berdi.

YouTube

Tas-IX

Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qilinadi. U kishi aytadilar: “Kunlardan bir kun Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning ulovlarining ortida turgan edim. Shunda “Ey yigit, senga bir kalimani o‘rgataman. Yodingda tut, Alloh saqlasin seni. Allohni muhofaza qilsang, har joyda Allohni topasan. Nimadir so‘ramoqchi bo‘lsang, Allohdan so‘ragin. Yordam so‘ramoqchi bo‘lsang ham Allohdan so‘ra. Agar butun bir ummat yig‘ilib senga yaxshilik qilmoqchi bo‘lsa, Alloh taolo senga yozganidan ko‘p ham, kam ham qila olmaydilar. Agar butun bir ummat yig‘ilib senga yomonlik qilmoqchi bo‘lsa, Alloh taolo senga yozganidan ko‘p ham, kam ham qila olmaydilar. Qalamlar ko‘tarilgan, sahifalar qurigan”, dedilar.

Rasululloh sallollohu alayhi vasallam ta'lim berishlarida ogohlikka, ya'ni sergaklikka chaqiryaptilar. Biz kundalik hayotimizda biror bir muammoga duch kelganimizdagina Allohni eslaymiz. Holbuki har qanday holatda ham Allohga bandaligimizni izhor etishimiz joiz. Chunki Alloh “menga duo qilinglar, yordamga yetib keluvchi menman” deydi. 

Ulamolarimiz aytishadi: “bir insondan yaxshilik kelishi aniq bo‘lib turibdi, ammo shu holatda ham ikki raka't namoz o‘qib, Allohdan so‘rasak, shu ishni Alloh yengil va oson qilib qo‘yadi”. Yuqoridagi hadisda shu narsaga chaqirilyapti. Bandaning vazifasi so‘rashlik, ijobat esa Allohdan. Yillar o‘tar, ammo qalbdan so‘raganimizni Alloh, albatta, beradi.

Mavzuga oid
Top