11:06 / 26.05.2019
17536

Atamboyev Qirg‘izistonning eng yirik partiyasi yetakchisi lavozimidan ketdi

Foto: RIA Novosti

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev Qirg‘iziston Sotsial-demokratik partiyasi raisi lavozimidan ketdi va partiyadagi a'zoligini to‘xtatdi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.   

Ushbu qaror partiyaning siyosiy kengashi yig‘ilishida qabul qilingan. Atamboyev 26 maydan “Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti faoliyati kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kuchga kirishi sababli o‘z vakolatlarini topshirgan. 

Qonunga o‘zgartirishlar 16 may kuni imzolangan. Unga ko‘ra, sobiq prezident hokimiyat organlarida siyosiy yoki maxsus davlat lavozimlari, siyosiy partiyalar rahbariyatlarida boshqa lavozimlarni egallay olmaydi yoki siyosiy tashkilotlar faoliyatida ishtirok eta olmaydi.

Sobiq prezident bu cheklovlarga amal qilmasa, u qonunda ko‘zda tutilgan barcha kafolatlar hamda moddiy va boshqa ta'minotlardan mahrum etiladi.

Partiya raisi vazifasini bajaruvchi etib Asel Koduranova tayinlangan. 

Qirg‘iziston Sotsial-demokratik partiyasi Qirg‘izistonning eng yirik siyosiy partiyasi hisoblanib, 1993 yil sentyabrda tashkil topgan. Partiyaning asoschisi va yetakchisi Atamboyev bo‘lgan. Ayni vaqtda partiya mamlakat parlamentida eng ko‘p mandatga ega. Amaldagi prezident Sooronbay Jeenbekov prezident lavozimiga aynan ushbu partiyadan nomzodi ilgari surilgan.  

Top