17:36 / 27.05.2019
9233

Eldor Shomurodov «Rostov» bilan shartnomasini uzaytirdi

O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov «Rostov» klubi bilan shartnomasini uzaytirdi. Bu haqda «Sport-Ekspress» nashri xabar berdi.

«SE»ning yozishicha, tomonlar amaldagi bitimni yana uch yilga uzaytirishgan. Eldorning 2017 yil 15 iyulda imzolangan avvalgi kelishuvi muddati 2021 yil yozigacha mo‘ljallangan edi.

23 yoshli hujumchi Premer-liganing bu mavsumida 26ta o‘yin o‘tkazib, ulardan 10tasida asosiy tarkibda maydonga tushdi; bir o‘yinda o‘rtacha 42 daqiqadan maydonda bo‘ldi hamda o‘z hisobiga 3ta gol va 1ta samarali uzatmani yozib qo‘ydi.

Shomurodov mavsum davomida barcha musobaqalar doirasida «Rostov»ning 33ta o‘yinida 4ta gol urdi.

Eslatib o‘tamiz, ikki mavsumdan buyon rostovliklar klubi sharafini himoya qilib kelayotgan Eldor Shomurodov «Mash'al» akademiyasi tarbiyalanuvchisi sanaladi. U Muborak shahri klubining asosiy jamoasida 2011 yildan to‘p sura boshlagan. 2015 yilda «Bunyodkor»ga o‘tib, shu yildan O‘zbekiston milliy jamoasi a'zosiga aylangan. 

14-raqam egasi milliy jamoaning ertaga, 28 may kunidan Toshkentda boshlanadigan yig‘iniga chaqirilgan.

Top