19:31 / 27.05.2019
39203

Samarqandning o‘tmishdagi hokimi Yalangto‘sh Bahodir haqida nimalarni bilamiz?

Yuz yillardan buyon dunyo xalqlari qatorida Markaziy Osiyo xalqlari orasidan yetishib chiqqan sarkardalar, yo‘lboshchilar haqida ma'lumotlar yozma manbalarda o‘z aksini topib keladi. Ulardan ba'zilarining nomlari asrlar osha avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. O‘z faoliyati bilan zamonasida tub burilishlar yasab, buyuk ishlarni amalga oshirib, ovozasi uzoqlarga yoyilgan o‘nlab ajdodlarimiz — davlat boshliqlari-yu, harbiy sarkardalar ham borki, ularning faoliyatini manbalar asosida obektiv o‘rganish tarixdagi bo‘shliqni to‘ldirib, voqealar zanjirida o‘z o‘rnini topadi.

O‘tmish tariximizda Samarqandda ulkan obodonchilik ishlarini amalga oshirgan, o‘z hukmronligi davrida shahar ravnaqini ta'minlagan hukmdorlardan biri Bahodir Yalangto‘sh (1576 – 1656) bo‘lib, uning shaxsiyati, tarixda tutgan o‘rnini o‘rganish va jamoatchilikka yetkazish bugungi fan oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir.

Shu o‘rinda, Yalangto‘sh Bahodir faoliyatiga doir ba'zi ma'lumotlarni keltirib o‘tish lozim, — deydi Kun.uz’ga SamDU dotsenti Erkin Musurmonov. — U ashtarxoniylar davridagi harbiy-mulkdor zodagonlarning yirik vakili bo‘lib, bir qancha turkiy xalqlar tarkibiga kirgan yirik Olchin urug‘iga mansub bo‘lgan.

U 1576 yilda Nurota hokimi oilasida tug‘ilgan. Yalangto‘sh Bahodir Buxoro xoni Abdullaxon II nazariga tushgan va uning homiyligida maxsus harbiy maktabda o‘qigan (1590–93). O‘zining davlat oldidagi munosib xizmatlari evaziga dastlab Bulung‘ur, Loyish, Kattaqo‘rg‘onda tumanboshi lavozimida ishlagan (1593–95) Yalangto‘sh Bahodir, 1611 yil Ashtarxoniy Imomqulixonni taxtga o‘tqazishda faol qatnashgan.

Shundan so‘ng uning mavqeyi ortgan, u Samarqandni 1626 yildan amalda mustaqil idora eta boshlagan, unga otaliq unvoni berilgan. Yalangto‘sh Bahodir Buxoro xonligining barcha harbiy amaliyotlarida faol ishtirok etgan. Chunonchi, 1623 yil va 1631 yil Eron qo‘shinlari Balx viloyatiga kelganda Balx hokimi Nadr Muhammadxonga Yalangto‘sh Bahodir boshchiligida katta qo‘shin yordamga kelgan.

1640 yil Imomqulixon Moskvaga elchilar orqali noma yo‘llab, unda Rus davlatining qalmiqlarga qarshi kurashida Yalangto‘sh Bahodir boshchiligida 12 amir va katta qo‘shin yuborishga tayyor ekanligini bildirgan. 1642 yil Imomqulixonning ko‘zi ko‘r bo‘lib qolganda Yalangto‘sh Bahodir va amirlar Balxdan Nadr Muhammadni keltirib taxtga o‘tqazishgan. Nadr Muhammad Yalangto‘sh Bahodirga Kobul atrofidagi Darai-Suf viloyati, Mo‘lg‘on, Kahmerdni hamda tulkichi, sayqanchi, zirangi, kilachi, hazora-nikudariy qabilalarini o‘tovlari bilan qo‘shib iqto tarzida in'om etgani ma'lum.

Yalangto‘sh Bahodir mamlakatda xondan so‘ng eng badavlat shaxs bo‘lgan. 1645 yilda u Buxoroda Nadr Muhammadxon bilan janjallashib qolib, Xo‘jandda xonga qarshi ko‘tarilgan amirlar isyoniga boshchilik qilgan. Buxorodan isyonni bostirish uchun yuborilgan Abdulaziz Sulton asir olingan, isyonchilar Buxoroga yurish qilishgan. Ular Buxoro g‘arbidagi Oqtepa mavzesida Abdulazizni xon deb e'lon qilib, so‘ngra poytaxtni qamal qilishgan. Nadr Muhammadxon 3 oylik qamaldan so‘ng shaharni tark etishga majbur bo‘lgan. U boburiylar sulolasi vakili Shoh Jahondan yordam so‘ragan. 1646 yil Shoh Jahon Balxga kenja o‘g‘li Murodbaxshni katta qo‘shin bilan jo‘natgan. Bu qo‘shin Balx viloyatini himoya qilish o‘rniga uni bosib olgan. Boburiylar Balxda 2 yildan oshiq hukmronlik qilishgan, biroq u yerda mustahkam o‘rnasha olishmagan. 1648 yil yozida Abdulazizxon 200 ming kishilik qo‘shin bilan Balxga yurish qilib, boburiylardan bu viloyatni qaytarib olgan, bu qo‘shin tarkibida Yalangto‘sh Bahodir boshchiligidagi qo‘shin ham bo‘lgan.

Abu Tohirxojaning «Samariya»da yozishicha, «Yalangto‘sh Bahodirning qabri Samarqand yaqinidagi Dahbedda, Mahdumi A'zamning oyog‘i ostida, sufa ustida, mozor devorining» ichidadur». Yalangto‘sh Bahodir haqida xalq orasida ko‘plab rivoyatlar, afsonalar (masalan, «Yalangto‘sh botir» hikoyasi) to‘qilgan.

Bahodir Yalanto‘shning siyosiy faoliyati bilan bir qatorda uning madaniyatga homiylik qilgani ham hukmdor faoliyatini o‘rganishga muhim turtki beradi. Jumladan, bugungi kun xorijda nafaqat Samarqandning ramzi, balki O‘zbekistonning ramzi sifatida ma'lum bo‘lgan Registon maydonidagi Tillakori (1646–1660) va Sherdor (1619–1636) madrasalari shaxsan Bahodir Yalangto‘sh tomonidan qurilgan. Aytish joizki, O‘zbekiston tarixida muhim o‘rin egallagan shaxslar to‘g‘risida bir qancha, maqola, risola, monografiyalar yaratilgani, ular faoliyatiga doir konferensiyalar uyushtirilgani holda Bahodir Yalangto‘sh faoliyatiga doir tadqiqotlar ancha kamligi ko‘zga tashlanadi.

Yalangto‘sh Bahodir faoliyati bilan bog‘liq ba'zi tadqiqotlar qo‘shni Qozog‘istonda ham amalga oshirilgan bo‘lib, ularda aksariyat hollarda mazkur shaxs faoliyati biryoqlama talqin qilingan. Shu munosabat bilan xalqaro mutaxassislar bilan hamkorlikda Bahodir Yalangto‘sh faoliyatiga doir «Bahodir Yalangto‘shning Markaziy Osiyo ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida tutgan o‘rni» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish, konferensiya materiallari nashr ettirish, mazkur jarayonni OAV orqali keng targ‘ib qilish muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov shu yilning 20 iyunida Samarqandda Yalangto‘sh Bahodirga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tishini ma'lum qildi. Shuningdek, Samarqand shahrida, Registon maydoni yaqinida Yalangto‘sh Bahodir haykali o‘rnatiladi.

Top