16:23 / 27.05.2019
11256

«Yandeks»: O‘zbekistonda ulkan imkoniyatlar bor

Moskva shahrida «Yandeks» kompaniyasining YaC (Yet Another Conference) anjumani bo‘lib o‘tgani, “Kelajak detallarda” deb nomlangan bu anjumanda Kun.uz sayti vakillari ham ishtirok etgani to‘g‘risida xabar bergan edik.

Tadbir doirasida kompaniyaning bosh shtab kvartirasidagi ekskursiya jarayonida «Yandeks» O‘zbekiston direktori Yevgeniy Lukyanchikov bilan «Yandeks»ning yurtimiz bilan bog‘liq rejalari bo‘yicha suhbatlashdik.

Avvalo «Yandeks» haqidagi umumiy ma'lumotlar bilan tanishib olsak:

Arkadiy Voloj va Ilya Segalovich asos solgan «Yandeks» transmilliy kompaniyasi qidiruv tizimi, internet portallari va xizmatlariga ega. Hozirgi kunda u 50dan ortiq xizmat turlarini taqdim etadi.

Niderlandiyada rasman ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lgan bo‘lishiga qaramay «Yandeks»ning asosiy faoliyati Rossiyada kechadi va yirik ofislari ham shu davlatda joylashgan.

«Yandeks» qidiruv so‘rovnomalarini qayta ishlash hajmi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallaydi va mashhurligi bo‘yicha dunyo yigirmataligiga kirgan holda Rossiyada birinchi o‘rinni egallaydi.

«Yandeks» ko‘plab davlatlar qatorida O‘zbekistonda ham bevosita faoliyatini yo‘lga qo‘ygan, bugungi suhbatimiz aynan shu haqda.

– Yevgeniy, «Yandeks» O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri faoliyat boshlaganiga, ya'ni faqat qidiruv tizimi bo‘lib qolmay, o‘z servislarini mahalliy sharoitga moslashtirib taqdim etayotganiga bir yildan oshdi. Demak dastlabki xulosalarga kelishning ayni vaqti.

– Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston aynan biz uchun keng imkoniyatlarga ega, salohiyatli davlat hisoblanadi. Albatta, bu davlatda yetakchi tizim boshqa va u qaysi kompaniya ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz. Lekin hozir biz egallab turgan 22 foizlik ko‘rsatkich muntazam o‘sish natijasi va yana yuqorilashda davom etmoqda. Biz bu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettiramiz va xizmatlar turini ko‘paytiraveramiz.

– O‘zbekistonda katta imkoniyatlarga ega bo‘lish mumkinligi to‘g‘risida gapirdingiz. Bu nimalarda namoyon bo‘ladi?

– Oxirgi yillarda davlatingiz IT sohasida ko‘p loyihalarni amalga oshiryapti. Albatta, bu harakatlar hayotiy zarurat ekanligi, busiz birorta davlat rivojlanmaganligi anglab yetildi. Internet tezligi, arzonligi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, yangi hududlar qamrab olinmoqda, alohida mutaxassislar tayyorlanmoqda. Ana shunday shiddatli jarayonlarda O‘zbekistonda «Yandeks» kabi yirik kompaniyaning bevosita faoliyat olib borishi har ikki tomon uchun foydali deb o‘ylayman.

– “Yandeks.Mahalla” kimning g‘oyasi va buning asosida nima yotibdi?

– Nokamtarlik bo‘lsa-da, bu mening g‘oyam. O‘zbekistonga ilk tashriflarimiz chog‘ida mahalla so‘zini ko‘pchilikdan eshitar, lekin aynan nima ekanligini tushunmas edik. Mahalliy hamkorlarimiz tushuntirib berganlarida shunday o‘ziga xos institut borligi bizni hayron qoldirdi. To‘g‘ri, ular boshqa tushunchalar, lekin mahalla qaysidir jihatdan bizdagi rayon tushunchasiga to‘g‘ri keladi, deb o‘yladim. Rossiyada o‘zaro munosabatlarda, hududiy o‘ziga xoslikda rayon tushunchasi katta rol o‘ynaydi va har bir rayonning o‘z an'analari bor. O‘zbekistonda aynan mana shu hududiy birlikni mahalla to‘la-to‘kis qamrab ola bilarkan.

– O‘zbekiston so‘nggi yillarda katta investitsiyalar jalb qilmoqda, ko‘plab xorijiy kompaniyalar ish boshlamoqdalar. Demak investitsion muhit, mahalliy murakkabliklarni baholashda «Yandeks» kabi yirik kompaniyaning fikri muhim.

– Albatta, o‘ziga xos jihatlar bor. Lekin O‘zbekiston alohida murakkablikka ega deb o‘ylamayman. Boshqa davlatlarda loyihalarimizni tatbiq etish jarayoni bilan solishtirilsa, aytarli farq sezilmaydi. Ya'ni hujjatlashtirishdagi byurokratik talablar, zarur mutaxassislarni topish, texnik imkoniyatlar yaratish, loyihalarni moslashtirish umuman olganda bir xil vaqt va kuch talab qiladi.

– «Yandeks» O‘zbekistonda dastlab ish boshlaganida muhim lavozimlarga ish o‘rinlari borligini e'lon qildi, ammo mahalliy mutaxassislar ishga qabul qilinmay, barcha yetakchi o‘rinlar bosh shtabdan borgan xodimlarga berildi. Mahalliy mutaxassislar talabga javob berishmadimi yoki boshqa sabab bormi?

– Bu ma'lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. «Yandeks» har qanday davlatda dastlab ish boshlaganida bosh shtabdan guruh jo‘natiladi va ular mahalliy mutaxassislar bilan hamkorlikda ish olib boradilar. Vaqt o‘tib jalb qilinuvchi xodimlar soni kengayib boraveradi. Hozir aynan shunday jarayon ketmoqda.

– Ayni paytda oddiy foydalanuvchilar «Yandeks»ning qanday qulayligidan foydalanishlari mumkin?

– Bunday misollar juda ko‘p. Lekin bittasiga alohida to‘xtalib o‘tishni istardim. «Yandeks» sa'y-harakatlari bilan juda ko‘plab xorijiy portallar Tas-ix doirasiga o‘tkazildi. Ya'ni bizning qidiruv tizimimiz orqali kirilganda foydalanuvchi ortiqcha xarajatdan qochish bilan  birga tezkorlikni ham his qilishi mumkin.

– Qiziqarli suhbat, ajoyib ekskursiya uchun rahmat.

– Sizga ham rahmat. Fursatdan foydalanib insonlari ham quyoshi singari ochiq yurt – O‘zbekistonda faoliyatimiz yo‘lga qo‘yilganidan xursandligimni bildirmoqchiman.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top