14:48 / 28.05.2019
11698

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi o‘z mahsuloti narxini mustaqil ravishda belgilaydi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Vazirlar Mahkamasining 25.05.2019 yildagi «Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi» MChJning ustav kapitalidagi davlat ulushini sotish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 431-son qaror qabul qilindi.
 
Norma’ning yozishicha, hujjat 10.04.2019 yildagi PQ–4275-son qarorning ijrosini ta'minlash maqsadida qabul qilingan bo‘lib, u bilan «Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi» MChJ (FNQIZ) ustav kapitalidagi davlat ulushini «RT Trans Asia Resources» kompaniyasi (Indoneziya) yoki uning 100 foiz ulushli shu'ba kompaniyasiga (bundan keyin – investor) sotishning asosiy shartlari tasdiqlangan. 
 
Ishchi guruh tashkil qilinadi, u quyidagilarni ta'minlaydi:

• FNQIZning bozor qiymati baholanishini tashkil qilish;
• FNQIZning asosiy vositalari, tayyor mahsulot qoldiqlari, xomashyo va tarkibiy qismlarni, shuningdek debitorlik va kreditorlik qarzlari hamda boshqa majburiyatlarini xatlovdan o‘tkazish;
• yuridik, moliyaviy va boshqa turdagi audit jarayonlarini o‘tkazish, shuningdek FNQIZni modernizatsiya qilish rejasini tayyorlash va tashqi moliyalashtirishni jalb etish uchun barcha zarur moliyaviy va texnik hujjatlarni investorga taqdim etish;
• investor bilan FNQIZning ustav kapitalidagi davlat ulushini oldi-sotdi shartnomasi yuzasidan muzokaralar o‘tkazilishi va b. 
 
FNQIZning ustav kapitalidagi davlat ulushining bozor qiymati mustaqil xalqaro baholash kompaniyasi tomonidan xalqaro baholash standartlariga muvofiq baholanadi (uning muddati 3 oydan oshmasligi lozim) va uning asosida tomonlarning muzokara pozitsiyalari shakllantiriladi.
 
«O‘zbekneftgaz» AJ tayyor mahsulot, xomashyo, tarkibiy qismlarni sotishdan olingan daromadlar hamda FNQIZning debitorlik qarzlarini undirishdan tushgan mablag‘lar hisobidan FNQIZ majburiyatlari qoplanishini ta'minlaydi.
 
Investor ustav kapitalidagi davlat ulushini sotib olgandan keyin FNQIZdan birinchi yil foydalanish davomida quvvatlarni optimal yuklash uchun kamida 120 mln AQSh dollari miqdorida zavodning oborot kapitali uchun mablag‘larni jalb etadi hamda Yevro-4 va Yevro-5 talablariga javob beradigan avtobenzin va dizel yoqilg‘isi, II va III guruhlardagi API standarti bo‘yicha yog‘lash uchun ishlatiladigan moylarni ishlab chiqarish bo‘yicha FNQIZni modernizatsiya qilish dasturini ishlab chiqadi.
 
FNQIZga egalik qilish huquqi investorga o‘tganidan keyin zavod narx belgilash usullari, shu jumladan o‘z mahsulotini sotish narxini bozor sharoitlaridan kelib chiqib, mahalliy va xalqaro bozorlarni hisobga olib, boshqa vositachilar ishtirokida o‘zi ishlab chiqaradigan mahsulotni sotish bo‘yicha hech qanday talablarsiz, O‘zbekiston monopoliyaga qarshi qonun hujjatlariga majburiy tartibda rioya etgan holda mustaqil ravishda belgilaydi.
 
Hujjat 27.05.2019 yildan kuchga kirdi.

Top