08:45 / 29.05.2019
17097

«Chelsi» va «Real» Azar transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi

Foto: REUTERS

«Chelsi» yarimhimoyachi Eden Azarni «Real»ga taxminan 115 mln funtga (130 mln yevro atrofida) sotishga tayyor, deb xabar tarqatdi The Sun.

Nashr ma'lumotiga ko‘ra, ushbu qarorni bevosita «ko‘klar» xo‘jayini Roman Abramovich qabul qilgan. «U bir yildan keyin erkin agentga aylanadigan futbolchini qo‘ldan chiqargandan ko‘ra sotib yuborishga buyruq bergan», – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, «Chelsi» transferdan 100 mln funt oladi, yana 15 mln funt turli bonuslar ko‘rinishida to‘lanishi kutilyapti.

Azarning «Real» bilan shartnomasi esa 4 yil muddatga mo‘ljallanib, unga asosan vingerga haftalik 400 ming funt maosh tayinlanadi.

Avvalroq vinger ikkala klubga transfer borasida kelishib olish uchun 4 iyunga qadar muhlat bergani xabar qilingan edi.

Shuningdek, «qirollik klubi» prezidenti Florentino Peres kuni kecha bergan intervyusida ushbu belgiyalik pleymeykerni shu yil yozda sotib olishiga umid qilayotganini bildirgandi.

«Biz bir necha yildan buyon Eden Azarni «Real»ga olib kelishga harakat qilyapmiz. Umid qilamanki, u shu yozda safimizga kelib qo‘shiladi», – degandi u.

Eslatib o‘tamiz, 28 yoshli xavbek «Chelsi»da 2012 yildan buyon to‘p surib kelmoqda.

10-raqam egasi yakunlangan mavsumda Angliya chempionatining faqat bitta turini o‘tkazib yubordi – 37 o‘yinda qatnashib, 16ta gol urdi va 15ta golga uzatma berdi; bu bilan gol+pas tizimida chempionatning eng yaxshi futbolchisiga aylandi.

Top