12:31 / 30.05.2019
7948

Ilhom Aliyev «Kaspiy neft va gazi» ko‘rgazmasida «O‘zbekneftgaz» stendiga tashrif buyurdi

Foto: Energetika vazirligi matbuot-xizmati

«O‘zbekneftgaz» AJ Kaspiybo‘yi mintaqasining energetika sohasidagi yirik tadbiri — «Kaspiy neft va gazi - Caspian Oil and Gas» (Ozarboyjon) 26-xalqaro ko‘rgazmasida o‘z stendi bilan ishtirok etyapti. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi xabar berdi.

Har yili mazkur forumda yuqori darajadagi rahbarlar yig‘ilib, Kaspiy mintaqasidagi eng muhim neft-gaz loyihalarini hamda energetika xavfsizligini ta'minlash masalalarini muhokama qiladilar. Mazkur tadbirda «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Saidov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etyapti.

Caspian Oil and Gas ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimida Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyev ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Davlat rahbari ko‘rgazma ekspozitsiyalari, jumladan O‘zbekistonning neft-gaz sohasiga bag‘ishlangan stendi bilan ham tanishdi. 

«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Saidov Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyevga ko‘rsatilgan e'tibor uchun minnatdorlik bildirib, Ozarboyjonning SOCAR davlat neft kompaniyasi ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish, neft-gaz sohasida o‘zbek-ozarboyjon munosabatlari barqaror rivojlanib borayotganini ta'kidladi. 

Uchrashuvda 23-xalqaro ko‘rgazma va «O‘zbekiston neft va gazi OGU-2019» konferensiyasi doirasida «O‘zbekneftgaz» AJ, SOCAR davlat neft kompaniyasi hamda BP o‘rtasida Ustyurt hududida ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda uchta investitsion blok bo‘yicha qidiruv ishlarini baholash yuzasidan uch tomonlama shartnoma imzolangani ta'kidlandi. 

Shuningdek, SOCAR'ning bo‘limi - «NIPI NeFTeGAZ» MChJ bilan ham shartnoma imzolangan. Hujjatda mamlakatning G‘arbiy Toshli va Sharqiy Toshli, Shimoliy Sho‘rtan va Garmiston konlarida SOCAR kompaniyasining ilg‘or texnologiyalari va uslubidan foydalangan holda uglevodorod boyliklarini qazib olish bo‘yicha hamkorlik shartlari belgilab berilgan. 

Bundan tashqari, «O‘zbekneftgaz» AJ va SOCAR kompaniyasi o‘rtasida sohaga mutaxassislar tayyorlash va qayta tayyorlash, neft-gaz sohasidagi olimlar o‘rtasida tajriba va ko‘nikmalarni o‘rtoqlashish borasida qalin hamkorlik o‘rnatilgan. 

Muloqot yakunida Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyev «O‘zbekneftgaz» AJ delegatsiyasiga Caspian Oil and Gas ko‘rgazmasida samarali ishtirok etish, yangi aloqalar va istiqbolli loyihalar bo‘yicha muvaffaqiyatlar tiladi.

Mavzuga oid
Top