09:50 / 30.05.2019
32131

Ko‘p yillik bosh vazir va so‘zamol siyosatchi – O‘zbekistonga kelayotgan «Yevropa prezidenti» Donald Tusk kim?

31 may kuni Yevropa Ittifoqi qoshidagi Yevropa Kengashi raisi Donald Tusk O‘zbekistonga keladi. Bu 2014 yildan buyon ko‘hna qit'adagi eng yirik siyosiy tashkilotni boshqarib kelayotgan polshalik siyosatchi uchun O‘zbekistonga ilk tashrif bo‘ladi. Bu tashrifdan qanday maqsad ko‘zlangan? Donald Tusk qanday siyosatchi?

Tojikiston va Qozog‘istonda 1 kundan, O‘zbekistonda 3 kun

Tuskning Markaziy Osiyo bo‘ylab turnesi 29 may kuni boshlandi. U ayni vaqtda Tojikistonda bo‘lib turibdi, u yerdan Qozog‘istonga yo‘l oladi, Markaziy Osiyoga tashrifi doirasidagi asosiy kunlarini esa Toshkentda o‘tkazadi. 31 may kuni O‘zbekistonga keladigan Tusk 2 iyungacha Toshkentda bo‘lishi kutilmoqda.

Yevropa Kengashi raisi Markaziy Osiyoda uchta mamlakat prezidenti bilan uchrashadi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston yetakchisi Imomali Rahmon va Qozog‘iston rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayev Tuskni qabul qilishadi. Turgan gapki, Tusk Qozog‘istonga tashrifi davomida Nursulton Nazarboyev bilan ham uchrashadi. Chunki Nazarboyev hamon mamlakatning amalda asosiy siyosatchisi hisoblanadi.

Yevropa Kengashi raisining Markaziy Osiyoga tashrifi doirasida bir qator mavzularda uchrashuvlar o‘tkaziladi. Ular orasida chegaralarni nazorat qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish va mintaqaviy xavfsizlik kabi mavzular bor. Ayniqsa atrof-muhit himoyasiga ko‘proq vaqt sarflanishini kutish mumkin. Chunki Yevropa Ittifoqi tabiat muhofazasiga jiddiy e'tibor bermoqda. Buni yakuniga yetgan Yevroparlament saylovlarida «yashillar»ning mavqeyi sezilarli darajada yaxshilanganidan bilish mumkin.

Yuqoridagi mavzular protokolga kiritilganlari xolos. Ulardan tashqari uchrashuvlar ham bo‘lishi mumkin. Masalan, Tusk Orol dengiziga borishni xohlab qolishi ham ehtimoldan xoli emas. Chunki nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun asosiy ekologik muammo aynan Orol dengizi muammosi hisoblanadi. Tusk O‘zbekistonning Orolbo‘yi hududlarda amalga oshirayotgan ishlariga baho berishi ham mumkin. Siyosatchi Qoraqalpog‘istonga bormagan taqdirda ham uchrashuvlarda Orol haqida gapirib o‘tsa kerak.

Darvoqe, Tuskning kelishi avvalidan tabiat muhofazasi borasida qonunchilikda o‘zgartirish qilingani ham qaysidir ma'noda ramziy ko‘rinish oldi. Prezident «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunni imzoladi.

Unga ko‘ra, endilikda o‘simlik va hayvonot dunyosining kamyob namunalariga zarar yetkazganlar uchun jazo kuchaytirildi. Jarimalar eng kam ish haqining 400 baravarigacha oshirildi. Masalan, endilikda daraxtlarni o‘zboshimchalik bilan kesgan fuqaro 2 million so‘mdan ko‘proq, shu qoidabuzarlikni qilgan mansabdor shaxs esa 3 million so‘mdan ko‘proq jarima to‘laydi.

Tuskning tashrifi davomida savdo yoki biznes borasida shartnomalar imzolanishini kutish qiyin, chunki odatda bunday shartnomalar borasida reja qilinsa, oldindan ma'lum bo‘ladi. Tuskning tashrifini ikki og‘iz so‘z bilan ifodalaydigan bo‘lsak, u Markaziy Osiyo davlatlariga Yevropa Ittifoqi ular bilan hamkorlikdan mamnun bo‘lishini bildirib, bu borada mintaqa davlatlariga ramziy ma'noda siyosiy hurmat namoyish qilmoqchi.

Umuman, Yevropa Ittifoqi rahbarlarining dunyo bo‘ylab safarlari odatiy hol, lekin ularning tashrifi o‘sha davlat uchun doim katta voqelik bo‘lgan. Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Federiko Mogerini ham o‘tgan yil boshida O‘zbekistonga kelgandi. Toshkentga safari arafasida Yevropa Kengashi raisi Donald Tuskning faoliyatiga nazar tashlaymiz.

Siyosiy faol talabalikdan Polsha bosh vazirligigacha

Donald Tusk 1957 yilning 22 aprel kuni Polshaning Gdansk shahrida duradgor oilasida tug‘ilgan. Gdansk universitetining tarix fakultetini tamomlagan. Tusk siyosatga yoshligidan befarq bo‘lmagan. U Gdansk universitetida o‘qib yurgan vaqtida oliygohda talabalar mustaqil kengashini tuzadi.

1989 yilda Gdansk liberallari bilan birga Liberal-demokratlar partiyasiga asos soladi. 1991 yildan partiyaga raislik qiladi. 1997-2001 yillarda Polsha senatida vitse-marshal bo‘lib ishlaydi. Siyosiy faoliyatining dastlabki yillaridan bozor iqtisodiyoti, konservatizm va Rossiya bilan yaqinlashishni qo‘llab keladi (ammo Yevropa Ittifoqi rahbarligiga kelgach, Rossiyaga nisbatan qator negativ chiqishlar qilgan).

U 2001 yilda Polshada tashkil qilingan «Fuqarolik platformasi» partiyasi asoschilaridan biri hisoblanadi. Tusk 2005 yilgi Polsha parlamenti saylovlarida partiya yetakchisi sifatida qatnashgan. O‘sha yili prezidentlik saylovlarida ham ishtirok etgan va saylovchilarning 45,96 foizi unga ovoz bergan, lekin bu ovozlar g‘alaba uchun yetarli bo‘lmagan - o‘shanda Lex Kachinskiy prezidentlikka saylangan (u 2010 yil aviahalokatda vafot etgandi).

Saylov kampaniyasi vaqtida qiziq voqea sodir bo‘ladi. Kachinskiyning saylov kampaniyasidagi maslahatchisi Yatsek Kurskiy uning raqobatchisi bo‘lgan Donald Tuskning bobosi ikkinchi jahon urushi vaqtida ko‘ngilli sifatida nemis armiyasi safida jang qilgani haqida ma'lumot tarqatadi. Biroq bu ma'lumot xatoligi ma'lum bo‘lgach, Kurskiy xatosini tan olib, Tuskning bobosini uning amakivachchasi bilan adashtirib yuborganini aytadi. Shunday bo‘lsa-da, ekspertlar bu shov-shuv Tuskning saylov kampaniyasiga salbiy ta'sir qilganini aytishadi.

2007 yil Polshada navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkaziladi va unda Tusk ta'sischilaridan bo‘lgan «Fuqarolik platformasi» partiyasi g‘alaba qozonadi. Saylov yakunlariga ko‘ra Donald Tusk Polsha bosh vaziri etib tayinlanadi.

2014 yil 30 avgustda Tusk Yevropa Kengashi raisligiga saylanadi va sentyabrda Polsha bosh vazirligidan ketadi. U Yevrokengash raisligiga dekabrdan kirishishi kerak bo‘lsa-da, sentabr oyidanoq bosh vazirlikdan ketadi va 3 oy davomida kengash raisligiga kirishishga tayyorgarlik ko‘radi.

So‘zamol siyosatchi...

Donald Tusk so‘zga chechan siyosatchi hisoblanadi. Balki bunga sabab uning yaxshigina tarixiy asarlar muallifi ekanidir. U o‘zi tug‘ilgan Gdansk shahri haqida tarixiy kitob yozgan. Donald Tusk Ukrainadagi siyosiy notinchlik vaqtida, Maydan endi-endi tinchiy boshlaganida Kiyevga boradi va Oliy Rada minbarida nutq so‘zlaydi: «Men bu yerga avvalo Yevropa Kengashi raisi va o‘z navbatida sizning dardingizga sherik bo‘lishni istagan polyak qo‘shningiz sifatida keldim. Yevropa sizning farzandlaringizni unutmaydi».

Farzandlar deganda Tusk Maydanda halok bo‘lgan ukrainaliklarni nazarda tutgandi. Ukrainadagi mojarolar aynan mamlakatning Yevropa Ittifoqiga kirishi borasidagi fikrlar xilma-xilligidan boshlangandi.

Tusk Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirishi ehtimoliga shunday chiroyli ta'rif bergandi: «Siz ukrainaliklarga Yevropa nimaligini o‘rgatmang, ulardan Yevropa nimaligini o‘rganing. Shubhasiz, Yevropani Ukrainasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi!». Ulardan Yevropa nimaligini o‘rganing, deganda Tusk ukrainaliklarning Yevropa Ittifoqiga kirish xohishi ortidan yuz bergan urushda qanday mardonavorlik ko‘rsatganini nazarda tutgan.

Tuskning bu gaplaridan so‘ng uni Ukrainada qahramondek qabul qilishadi. Bu esa siyosatchi o‘z ishini qoyillatishini va kirishimli ekanini ko‘rsatadi. Balki shuning uchun u Polshada eng uzoq vaqt davomida bosh vazir bo‘lishni eplagandir. Tusk hammaning ko‘nglini topishni uddalaydi. Masalan, Ukraina Radasida ukraincha gapirgan bo‘lsa, Chernogoriyaga borganida chernogorcha, Ruminiyaga borganida rumincha gapirgandi.

Bu siyosatchi barcha davlatlarning ana'nalarini hurmat qilishi bilan birga ko‘p til bilishini ham anglatadi. O‘zbekistonga kelganida janob Tuskning o‘zbekcha gapirishiga va'da berish qiyin, lekin u rus tilini yaxshi biladi va muloqotlarda aynan rus tilidan foydalanishi mumkin. Aytishlaricha, Tusk Yevropa Kengashi raisligiga kelganida inglizchani bilmagan, lekin hozirda u dunyo tiliga aylangan inglizchada burro so‘zlaydi.

Polsha prezidentligiga nomzodini qo‘yishi mumkin. Qo‘ymasligi ham mumkin

Polyak nashrlari 2020 yilda o‘tadigan prezidentlik saylovlarida amaldagi prezident Anjyey Duda bilan birgalikda Donald Tusk ham o‘z nomzodini qo‘yishini istisno qilmayapti. Bu haqda siyosatchining o‘zi hech narsa degani yo‘q, lekin Polshada shunday xabarlar yuribdi. 2020 yilga borib Tusk Yevropa Kengashi raisligidan ketgan bo‘ladi va yoshligidan buyon siyosatda yurgan insonning undan tashqarida qolishini tasavvur qilish qiyin. Shu bois, Tusk vataniga yana rahbar sifatida qaytishini kutish ham mumkin.

Ammo janob Tuskning Yevropada o‘z mavqeyiga ega ekanligini inobatga olsak, u prezidentlikka nomzodini qo‘ymasligi haqiqatga yaqin. Chunki Polsha parlamentar respublika va asosiy siyosiy qarorlarni bosh vazir qabul qiladi, prezident emas. «Yevropa prezidenti» degan ramziy nomga ega bo‘lgan janob Tusk esa ikkinchi bo‘lishga ko‘nmasa kerak...

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid
Top