21:42 / 31.05.2019
5712

O‘zbekistonda besh oyda 245 ta mehmon uyi tashkil etildi

Foto: Kamil Yenikeyev

Bugunga kelib O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yagona reyestrga kiritilgan oilaviy mehmon uylari soni 346 tani tashkil qilib, ular 3063 kishini o‘zida sig‘dira oladi. E'tiborlisi shundaki, 346 ta mehmon uyidan 245 tasi (2177 o‘rinli) 2019 yilning yanvar-may oylarida tashkil etilgan. Kun.uz muxbiri 31 may kuni Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan “Dam olish turizmining rivojlanishi, dam olish zonalarida yaratilgan sharoitlar” matbuot anjumani doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari tomonidan berilgan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Hududlarga ziyorat, dam olish va sayohat maqsadlarida tashrif buyurayotgan aholiga yanada ko‘proq qulayliklar yaratish maqsadida, xususan, ularga arzon va qulay bo‘lishi uchun turistik obektlar atrofida oilaviy mehmon uylari tashkil etilmoqda.

"Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga katta imtiyozlar berilmoqda. Sayyohlar oqimi ko‘paygani sari ularni joylashtirish masalasi muammo bo‘lmoqda. Shuning uchun bugungi kunda davlat tomonidan mehmonxonalarga berilayotgan subsidiyalar, mehmon uylarini tashkil qilish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib boryapmiz. Mehmonxonalar, mehmon uylari ko‘paygani sayin birinchidan, ularning sifati oshadi, ikkinchidan, narxi tushadi", - dedi Qo‘mita raisi o‘rinbosari Saidakbarxon Akbarov.

Ta'kidlash joizki, hozirgi kunga qadar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan 79 ta mehmon uyi aynan dam olish zonalari, pansionat va sanatoriylar atrofida joylashgan. Bu ham o‘z navbatida, dam olishga kelayotgan aholi uchun qulayliklar yaratadi. “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” g‘oyasi doirasida dam olish zonalari atrofida oilaviy mehmon uylarini ko‘paytirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi. Natijada dam olishga keluvchilar uchun sharoitlar yaratilib va ularga xizmat ko‘rsatuvchi mahalliy aholi vakillari uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilib, turmush darajasi oshishiga erishilishi ko‘zda tutilgan.

2019 yil 2 may kuni Prezident boshchiligida o‘tkazilgan “Har bir oila - tadbirkor” dasturini respublika hududlarida amalga oshirish natijadorligi to‘g‘risida”gi 16-sonli videoselektor majlisi bayoni 12-bandida belgilangan topshiriqlar ijrosi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustdagi “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 631-sonli qarori doirasida joriy yilning 13-16 may kunlari Qo‘mita markaziy apparati mas'ul xodimlari va hududiy bo‘linmalari vakillari tomonidan hududlarda mehmon uylari tashkil qilish bo‘yicha tuman, mahalla, qishloqlar kesimida aholi bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularga mehmon uylarini tashkil etish tartiblari, turizm sohasida o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun belgilangan imtiyozli bank kreditlari to‘g‘risida targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘kazildi hamda uchrashuvlar davomida tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan muammolarini hal etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va 12 ta viloyatda 9 shahar, 1 shaharcha, 37 tuman, 72 mahalla, 19 qishloq kesimida 960 xonadon vakillari bilan uchrashildi va targ‘ibot ishlari olib borildi.

Shu bilan birga, hozirgi kunda respublika miqyosida 500 dan ortiq fuqaro oilaviy mehmon uyi tashkil etish istagini bildirgan va ularga Qo‘mita tomonidan zaruriy metodik ko‘rsatmalar va tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ularni qonun doirasida davlat reyestriga kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 

Bundan tashqari, ma'lum qilinishicha, dam olish zonalari va sanatoriylarda turistik xaritalarni o‘rnatish, hududlarning sayyohlik salohiyatini namoyish qiluvchi tarqatma materialarni joylashtirish bo‘yicha ham ishlar boshlangan. Masalan, Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joylashgan “Omonxona” sanatoriyasining kirish joyida “Boysun tumanining turistik salohiyati” xaritasi o‘rnatilgan. Boshqa hududlar kesimida ham shunday xaritalar tayyorlanmoqda.

Toshkent viloyatidagi “Chorvoq” erkin turizm zonasi, Namangan viloyatidagi “Nanay” kichik turizm zonasi, Surxondaryo viloyatidagi “Zovboshi” turizm zonalarining ishga tushirilishi bilan aholining dam olishi uchun yangi yo‘nalish va qulayliklar yaratilishi ta'kidlandi.  

Kelgusida respublikamizda dam olish turizmini yanada rivojlantirish uchun targ‘ibot-tashviqot ishlarining qamrovi kengaytirilib, dam olish zonalarida turizm axborot markazlarini tashkil etish, yo‘l ko‘rsatkichlarni, turistik xaritalarni o‘rnatish va boshqa ishlar davom ettiriladi. Aholini dam olish turizmini tashkil qilishga keng jalb qilish orqali dam oluvchilarga sharoitlar yaratiladi va o‘z navbatida, yangi ish o‘rinlari yaratilib, mahalliy aholining turmush darajasi yaxshilanadi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonga dam olishga keladiganlar geografiyasini kengaytirish (uzoq xorijiy davlatlardan keladiganlar ulushini ko‘paytirish) choralari ko‘riladi. Hozirgi kunda kelayotgan dam oluvchilarning aksariyati O‘zbekistonga bo‘lgan qo‘shni davlatlar fuqarolari hisoblanadi. 

Top