15:53 / 01.06.2019
15570

Rossiyaning Tojikistondagi harbiy bazasida uchuvchisiz aviatsiya bataloni paydo bo‘ldi

Foto: mil.ru

Rossiyaning Tojikistondagi 201-harbiy bazasida uchuvchisiz aviatsiyaning birinchi bataloni tashkil etildi. Bu haqda Rossiya Markaziy harbiy okrugi matbuot markazi xabar tarqatdi. Ta'kidlanishicha, ushbu qadam motoo‘qchilar va artilleriyaning jangovar salohiyatini oshirish imkonini beradi. «Orlan» uchuvchisiz aviatsiya majmuasi batalonning asosiga aylandi.

«Uchuvchisiz aviatsiya havo razvedkasi sifatini sezilarli darajada yaxshilaydi. Uning yordamida 120 kilometrgacha masofaga real vaqt rejimida amalga oshiriladigan o‘q uzishni aniqroq sozlash mumkin bo‘ladi», - deya qayd etilgan Markaziy harbiy okrug xabarida.

«Orlan» uchuvchisiz majmuasi iqlim sharoitlaridan qat'iy nazar, eng noqulay bo‘lgan joylarda ham razvedka qilish imkonini yaratadi. Ular to‘xtovsiz ravishda 15 soatgacha ishlashi mumkin.

«Ko‘p funksional majmua yordamida bir vaqtning o‘zida to‘rtta uchuvchisiz qurilmani boshqarish mumkin. Shuningdek, tizim foydali yuklarni nazorat qilish uchun 30ta operatorga lokal tarmoqni yaratishga qodir», - deya qo‘shimcha qildi Markaziy harbiy okrug vakillari.

Bundan oldin, Sergey Shoygu Dushanbega kelgani, Rossiya Tojikistondagi harbiy bazasini yangi qurollar bilan ta'minlamoqchi ekani xabar qilingandi.

Top