15:10 / 02.06.2019
12749

Prezident maktablariga birinchi kunning o‘zida 786ta hujjat topshirildi

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

1 iyun kuni soat 18:00 holatiga Prezident maktablariga jami 786 nafar nomzod hujjat topshirdi. Bu haqda Prezident maktablari rasmiy sayti xabar berdi.

Ma'lumot berilishicha, ulardan 394 nafari Xiva shahridagi Prezident maktabi uchun bo‘lsa, yana 187 nafar nomzod Toshkentda, 106 nafar nomzod Namanganda va 99 nafari Nukus shahrida o‘qish istagini bildirgan.

Hujjat topshirgan nomzodlarning 397 nafari o‘g‘il bola va 389 nafari qiz bolalardan iborat.

Prezident maktabiga hujjat topshirgan nomzodlarning umumiy soni birinchi qabul kuni yuzasidan sinflar kesimida quyidagicha taqsimotni tashkil etdi:

326 nafari 4-sinf;
161 nafari 5-sinf;
127 nafari 6-sinf;
87 nafari 7-sinf;
83 nafari 8-sinf;
2 nafari 9-sinf.

Shu bilan birga, 719 nafar nomzodning hujjatlari qabul qilingan bo‘lsa, 37 nafar nomzodning hujjatlaridagi kamchiliklari uchun ro‘yxatga olinmadi. Qolgan hujjatlar hozirda ko‘rib chiqilmoqda.

Toshkent, Nukus, Xiva va Namangan shaharlarida 2019-2020 o‘quv yilida ochiladigan Prezident maktablariga hujjat qabul qilish pm.xtv.uz sayti orqali ham amalga oshiriladi. Sayt orqali har kuni va 24 soat davomida navbatsiz hujjatlarni internet orqali topshirish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Prezident maktablariga hujjat qabul qilish 1 iyundan boshlandi. 

Mavzuga oid
Top