20:20 / 03.06.2019
8353

Buxorodagi kollej o‘rnida viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasi ishga tushdi

Buxoro tibbiyot kollejining bo‘shab qolgan binosi qayta rekonstruksiya qilinishi natijasida bu yerda 50 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy shifoxona barpo etildi, deb xabar bermoqda Kun.uz’ga viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati

Barcha qulayliklarga ega Buxoro viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasining yangi uch qavatli binosi qurilishini «Omega Agro Stroy» MChJ bunyodkorlari amalga oshirdi. Bu maqsadda mahalliy budjetdan 5 mlrd 200 mln so‘m mablag‘ ajratildi. Shuningdek, shifoxona 1,2 mlrd so‘mlik zamonaviy tibbiy diagnostika vositalari, jihozlar bilan ta'minlandi. 

Foto: Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati

«Yangi bino shifokorlar uchun ham, bemorlar uchun ham qator qulayliklarga ega, — deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Narziyev. — Shifoxonada bemorlar uchun maxsus va umumiy xonalar mavjud. Eng muhimi, odamlarning ovoragarchiligiga nuqta qo‘yildi. Bu shart-sharoitlar bemorlarga o‘z vaqtida malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini beradi». 

Foto: Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati

Shifoxonaning ochilish marosimida viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev, respublika ko‘z mikroxirurgiya jarrohlik markazi va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbar-xodimlari, viloyat faollari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Endi viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasining yangi binosi aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish bilan birga ko‘z kasalliklari profilaktikasi, diagnostikasi va davolashning zamonaviy ilg‘or usullari qo‘llaniladi.

Top