12:40 / 03.06.2019
12722

Toshkent viloyati uchun 784ta investitsiya loyihasidan iborat yangi dastur shakllantirilgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi korxonalar va ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha dolzarb vazifalarni belgilab berdi. 

2019-2020 yillar uchun umumiy qiymati 39 trillion 833 milliard so‘m (4,7 milliard dollar) bo‘lgan 784ta investitsiya loyihasidan iborat yangi hududiy dastur shakllantirilgani qayd etildi. Ularning 15tasi davlat ahamiyatiga ega yirik loyiha bo‘lsa, 769tasi xususiy biznes va investorlar ishtirokida amalga oshiriladi. 

Ro‘yxatdan o‘tgan kichik biznes sub'yektlarining 17 foizi ishlamayotgani, Angren shahri va Chinoz tumanida bu ko‘rsatkich 30-33 foizni tashkil etishi tanqid qilindi. Ularning faoliyatini tiklash, o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan oilalarga «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida joriy yilda 350 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratish bo‘yicha topshiriq berildi. Talab bo‘lsa, yana qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.

«Nima uchun oilaviy tadbirkorlik, uylarda parrandachilik, chorvachilik, tomorqachilik bo‘lsin deyapmiz. Odamlarning daromadi oshishi, to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lishi kerak», - deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda prezident matbuot xizmati.

Prezident Angren iqtisodiy sanoat zonasida koreyalik ishbilarmonlar faoliyat yuritishi haqida gapirgan.

Shuningdek, yig‘ilishda «Parkent farm» va «Bo‘stonliq farm» iqtisodiy zonalariga ham xorijlik sarmoyadorlarni jalb etish topshirig‘i berildi.

 

Top