19:00 / 03.06.2019
25035

Tramp Londonga uchib keldi va qirolicha bilan uchrashdi. Ammo uning tashrifidan hamma ham xursand emas

AQSh prezidenti Donald Tramp davlat tashrifi bilan Buyuk Britaniyaga keldi. U uch kunlik tashrifini qirolicha Yelizaveta II bilan uchrashuvdan boshladi.

AQSh prezidenti samolyoti mahalliy vaqt bilan 3 iyun kuni soat 9:00da (Toshkent vaqti bilan soat 13:00) Londondagi Stansted aeroportiga qo‘ndi. U qirolicha bilan uchrashish uchun aeroportdan vertolyot orqali Bukinghem saroyiga yo‘l oldi.

Qirolicha Trampni salyutlar bilan qarshi oldi.

Tramp va uning rafiqasi Melaniyani Bukinghem saroyida qirolicha Yelizaveta II, valiahd Charlz hamda uning rafiqasi Kamilla kutib olishdi. 3 iyun kuni AQSh prezidenti sharafiga Yelizaveta II va bosh vazir Tereza Mey ishtirokida shohona ziyofat uyushtiriladi. Tashrifning ikkinchi kunida Tramp va Mey o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan, uchinchi kunda esa AQSh prezidenti Porsmutga borib, ittifoqchilarning Normandiyaga tushirilishining 75 yilligi marosimlarida ishtirok etadi.

Simon Dawson / Reuters / Scanpix / LETA

Trampning birlashgan qirollikka tashrifi 5 iyungacha davom etadi. Uni Londonda qirollik xonadoni a'zolaridan tashqari lavozimini tark etayotgan bosh vazir Tereza Meydan tashqari minglab namoyishchilar ham kutib olishdi.

O‘tgan yilning iyulida ham Tramp Britaniyaga kelgan, ammo o‘sha tashrif butunlay boshqa darajada kechgandi. O‘shanda juda ko‘plab britaniyaliklar, shu jumladan nufuzli siyosatchilar Tramp Britaniyaga kelishiga butkul qarshi bo‘lishgandi.

O‘shanda Umum palata spikeri Jon Berkou AQSh prezidentiga parlamentda chiqish qilishiga ruxsat bermagan va tashrif maqomi davlat tashrifidan ishchi tashrifi maqomiga tushirilgandi. Trampning o‘zi esa Londonning minglab namoyishchilar to‘plangan markaziy ko‘chalarini aylanib o‘tishga majbur bo‘lgandi.

Tashrifning ikkinchi kunida, 4 iyun kuni rejaga ko‘ra Donald Tramp Dauning-Stritda lavozimini tark etayotgan bosh vazir Tereza Mey bilan uchrashuv o‘tkazadi. 5 iyun kuni esa ular birgalikda Angliyaning janubiy sohillariga, Porsmutga yo‘l olishadi. Bu yerga shu kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya bosh kansleri Angela Merkel va boshqa yirik siyosatchilar, Ikkinchi jahon urushining 300 nafar faxriysi ittifoqchilarning Normandiyadagi g‘alabasining 75 yilligiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan marosimda ishtirok etish uchun yig‘iladi.

O‘tgan yili Trampning tashrifiga qarshi namoyishlarga o‘n minglab kishi chiqqandi. Bu safar ham tashkilotchilar odamlarni 4 iyun kuni Trafalgar maydoniga yig‘ilishga chaqirishmoqda.

Tramp 4 iyun kuni Britaniya bosh vaziri qarorgohiga, Trafalgar maydonidan bir necha yuz metr masofadagi Dauning-Stritga keladi.

Nafaqat Londonda, balki butun mamlakat bo‘ylab Trampga qarshi kayfiyatdagilar soni yuqoriligicha saqlanib qolmoqda - so‘rovlarga ko‘ra aholining 46 foizi Tramp Britaniyaga kelishiga qarshi, 40 foizi qarshi emas.

Bir yil muqaddam Tramp Londondan onasining yurti - Shotlandiyaga uchgandi. Bu safar u Shotlandiyada bo‘lolmaydi - 6 iyun kuni uni Normandiyada kutishadi.

Mavzuga oid
Top