21:52 / 04.06.2019
7710

Chekka hududlarda internet xizmati yaxshilanishi uchun nimalar qilinyapti? «O‘zbektelekom» rahbariyati javob berdi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Telekommunikatsiya sohasini rivojlantirishning dolzarb masalalari» mavzusida «O‘zbektelekom» kompaniyasi rahbariyati va jurnalistlar o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbir davomida mas'ul shaxslar chekka hududlarda internet tezligini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida bayonot berdi.

«O‘zbektelekom» kompaniyasi sotish va xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Alisher Zufarovning so‘zlariga ko‘ra, internet sifatini yaxshilash va tezlikni oshirish maqsadida birinchi navbatda chekka hududlarga optik tolali aloqa yo‘llarini o‘tkazishga e'tibor qaratilmoqda.

«Chekka hududlarda ish boshlashni istovchi provayderlar uchun bir qator imtiyozlar taqdim etamiz. Ular borib ish boshlasayu, aholi uning xizmatlaridan foydalanmasligi mumkin. Shu bois, o‘sha hududdagi budjet tashkilotlari 10 yil davomida kafolatlangan tarzda abonent to‘lovini to‘lab, uning xizmatlaridan foydalanishi belgilangan. Bunda provayderning qilgan mehnati oqlanadi. Shu bilan birga, provayderlarga belgilangan yagona tarifda (bu tarif miqdori mutassil ravishda tushib bormoqda) istalgan hududga internetni yetazib berish majburiyatini o‘z zimmamizga olamiz. Transport xarajati ham kompaniya zimmasida. O‘zimiz ham hududlarda filiallarimizni ochish borasida ishlarni amalga oshiramiz», - deydi Zufarov. 

Shuningdek, ma'lum qilinishicha, «Obod qishloq» davlat dasturi doirasida uzoq hududlarda yashovchi aholi uchun «Obod» tarifi joriy etilgan. Mazkur tarif rejasiga muvofiq, olis qishloq aholisi ishonchli aloqa asosida arzon narxlarda CDMA-450 standartining barcha qulayliklaridan foydalanishi mumkin.

Mavzuga oid
Top