20:30 / 04.06.2019
37687

Hayit bayramlarida amal qilinishi lozim bo‘lgan 17 odob

Ramazon Hayiti mo‘min-musulmonlarning eng muqaddas bayramlaridan biri hisoblanadi. Tabiiyki, bu kunning alohida odoblari bo‘lib, uni amalga oshirish ushbu muborak kunni e'zozlash, hurmatini joyiga qo‘yishga sabab bo‘ladi. Muslim.uz saytida Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi Abdulqodir Abdur Rahim muallifligida e'lon qilingan maqolada aynan mana shu odoblar haqida so‘z boradi.

Birinchi odob: Yaxshi niyat qilish

Musulmon kishi barcha ishlarida bo‘lgani singari Hayit bayramlarida bajaradigan barcha ishlarini ham yaxshi niyatlar bilan ado etishi lozim. Masalan, hayit namoziga otlanar ekan zimmasidagi vojib amalni ado etishni niyat qiladi, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalarini bajarish niyati bilan yaxshi kiyimlarini kiyib chiqadi, silai rahm niyati bilan qavmu-qarindoshlarini ziyorat qilishga harakat qiladi va hokazo barcha amallarida ezgu niyat qilinadigan bo‘lsa, xursandchiliklardan tashqari, ko‘plab ajr-u mukofotlarga ham ega bo‘ladi. 

Ikkinchi odob:  G‘usl qilish

Hayit bayramiga tayyorgarliklardan biri namozgohga g‘usl qilib, toza-ozoda bo‘lib chiqish hisoblanadi. Ushbu odobga rioya qilish tufayli boshqalarning undan aziyat chekishlarining oldi olingan bo‘ladi.

Uchinchi odob: Xushbo‘ylanish

Yuvinib, toza-ozoda bo‘lganidan so‘ng shirin mushk va atirlar bilan xushbo‘ylanib chiqish ham bu kunning odoblaridan sanaladi.

To‘rtinchi odob: Yaxshi kiyimlar kiyish

Hayit kunida imkoni bor kishi yangi kiyim kiyishi mustahab bo‘ladi. Chunki bu ish Alloh taoloning bandasiga bergan ne'matlarini izhor etish, shodu-xurramligini namoyon qilishdir. Ulug‘ zotlarning hayit bayramlarida eng yaxshi kiyimlarini kiyganlari ma'lum va mashhurdir.

Beshinchi odob: Ramazon hayitida namozdan oldin “sadaqai fitr”ni ado etish

“Sadaqai fitr” ro‘zadan chiqish munosabati bilan beriladigan sadaqa hisoblanadi. Bu moliyaviy ibodat shariatimizda ro‘zadorning ro‘zasi komil bo‘lishiga xalal beradigan turli behuda gap-so‘z va xatti-harakatlardan poklash hamda miskinlarga taom bo‘lish ma'nosida joriy qilingan.

Hanafiy mazhabiga ko‘ra “iydu fitr” kuni tongi otishi bilan “sadaqai fitr”ni berish vojib bo‘ladi. Ammo undan oldin Ramazonning avvalgi kunlarida berish ham joiz hisoblanadi. “Sadaqai fitr”ni berish tufayli kambag‘allarning xonadonlariga ham xursandchilik ulashilgan bo‘ladi.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr sadaqasini insonlar namozga chiqishlaridan oldin ado etilishiga amr qilganlar”. Muslim rivoyat qilgan.

Oltinchi odob: Ramazon hayitida namozga chiqishdan oldin bir nechta xurmo yeb olish

Ramazon hayiti bayramida namozgohga chiqish oldidan biror shirinlik tanovul qilish sunnat hisoblanadi. Bu haqida shunday xabar berilgan:

Abdulloh ibn Burayda otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam og‘iz ochish kunida (Ramazon hayitida) taomlanmasdan chiqmasdilar, qurbonlik kunida esa namoz o‘qigunlaricha taomlanmasdilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Boshqa bir rivoyatda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning taomlanib chiqishlari qanday bo‘lgani bayon qilingan:

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam og‘iz ochish kunida (Ramazon hayitida) bir nechta xurmo yemasdan (namozgohga) chiqmasdilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Shunga ko‘ra, Ramazon hayti kuni ertalab namozgohga chiqish oldidan bir nechta xurmo yeb olish sunnat hisoblanadi. Hadisi shariflarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xurmodan toq yeb chiqishlari ham rivoyat qilingan.  

Yettinchi odob: Qurbon hayitida qurbonlik qilishdan oldin hech narsa yemaslik

Qurbon hayitida Ramazon hayitining aksi o‘laroq to hayit namozini ado etilgunicha taomlanmaslik, balki so‘ygan qurbonligining go‘shtidan yeyishi sunnat hisoblanadi. Bu haqida shunday xabar berilgan:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam qurbonlik kunida namoz o‘qigunlaricha taomlanmasdilar. Termiziy rivoyat qilgan.

Sakkizinchi odob: Hayit namoziga erta borish

Barro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xutba qilayotib shunday deganlarini eshitganman: albatta ushbu kunimizda avval boshlaydigan narsamiz namoz o‘qishimizdir, so‘ngra qaytib qurbonlik qilishimizdir, kimki shunday qilgan bo‘lsa, albatta bizning sunnatimizni topibdi”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Ushbu hadis hayit kunida dastlab namozga chiqish uchun tayyorgarlik ko‘rish va unga erta borish lozimligiga dalolat qiladi. 

To‘qqizinchi odob: Masjidga piyoda yurib borish

Hayit kuni agar kasallik, uzoqlik va qoru-yomg‘ir singari biror uzr bo‘lmasa namozgohga piyoda yurib borish sunnat hisoblanadi. Bizning hanafiya mazhabimizda ayollarning hayit namozlariga chiqishlari makruh sanaladi. 

O‘ninchi odob: Masjidga borgunicha ovozini chiqarib tahlil va takbir aytib borish

Hayit namozini o‘qish uchun uydan chiqilgan paytdan to namozgohga yetib borguncha “La ilaha illalloh” va “Allohu akbar” larni aytib borish ham sunnat hisoblanadi. Ushbu sunnatni ado etish Islom shiorini izhor qilish va hayit bayrami kelganidan shodlanish ifodasi, hamda ushbu kunning oldingi va keyingi kunlardan farqli kun ekanini barcha insonlarga bildirish hisoblanadi.

O‘n birinchi odob: Hayit namozidan oldin boshqa biror nafl namoz o‘qimaslik

Hayit namozgohiga yetib borgandan so‘ng tahiyyatul masjid yoki boshqa biror nafl namoz o‘qimasdan tahlil va takbirlar aytib zikr qilib o‘tirish sunnat hisoblanadi. Bu haqida shunday xabar berilgan:

Abu Sa'iyd Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam iyddan oldin hech narsa o‘qimas edilar, qachon manzillariga qaytsalar ikki rakaat namoz o‘qirdilar”. Ibn Moja rivoyat qilgan.

O‘n ikkinchi odob: Bir-birlari bilan ko‘rishib, hayit bilan muborakbod etish

Insonlarning bir-birlari bilan ko‘rishishlari va hayit bayrami bilan qutlashlari ham barchaning ko‘ngliga xursandchilik ulashadigan bu kunning odoblaridan hisoblanadi. Hayit kunida bir-birlarini tabriklash ma'nosida o‘qiladigan muayyan duo bo‘lmasa ham, “Alloh bizdan ham sizlardan ham qabul qilsin” ma'nosidagi tilaklar bildirish yaxshi sanaladi. 

O‘n uchinchi odob: Masjiddan uyiga qaytishda boshqa yo‘ldan qaytish

Hayit kunida namozgohdan uyiga qaytishda borgan yo‘lidan boshqa yo‘ldan qaytish ham sunnat hisoblanadi. Bu haqida shunday xabar berilgan:

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon iyd kuni bo‘lsa yo‘lni farqli qilardilar. Buxoriy rivoyati.

Ushbu sunnatga amal qilishning ko‘plab foydalari bordir. Avvalo namozga borib kelishdagi bosgan qadamlari ko‘payadi. Natijada savoblari ham o‘shancha ko‘payadi. Qolaversa boshqa yo‘ldan qaytishda yanada ko‘proq insonlarga xursandchilik izhor qilish va ularni hayit bilan qutlash imkoniyati ham oshadi. Eng muhimi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilgan bo‘ladi.

O‘n to‘rtinchi odob: Qavmu qarindoshlarni ziyorat qilish

Aslida qavmu-qarindoshlarning holidan xabar olish barcha vaqtda ham musulmon kishining zimmasidagi vazifalardan hisoblanadi. Hayit kunlaridek xursandchilik kunlarida esa bu vazifa yana ta'kidlab eslatib qo‘yilgan. Bu ham dinimizning go‘zalligidan hisoblanadi. Qavmu-qarindoshlar ziyorat qilinganda hayitdagi umumiy xursandchiliklar doirasi kengayadi, ularga sovg‘alar ham ulashiladigan bo‘lsa o‘zaro mehr-muhabbat rishtalari mustahkamlanib shodu-xurramliklar yanada ziyoda bo‘ladi.    

O‘n beshinchi odob: Qo‘ni-qo‘shnilarni bayram bilan tabriklash

Hayit munosabati bilan qo‘ni-qo‘shnilarga taom ulashish va ularni ziyorat qilish ham hayit xursandchiliklarini yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladigan amallardan hisoblanadi. 

O‘n oltinchi odob: Yosh bolalarni xursand qilish

Hayit bayramida yosh bolalarni xursand qilishga, bu kunning boshqa kunlardan farqli musulmonlarning bayrami ekanini anglatishga ham alohida e'tibor qaratish lozim. Bunda ularga hayitlik sovg‘alar ulashish, hayvonot bog‘lariga yoki o‘yingohlarga olib borib o‘ynatib kelish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Hayit bayramining shodliklaridan ehtiyojmand oilalarning farzandlarini ham bahramand qilishga urinish komil musulmonning belgilaridan hisoblanadi.   

O‘n yettinchi odob: Turli isrofgarchiliklardan tiyilish

Hayit bayramida xursandchilik qilayotgan musulmon shariatda ma'n qilingan ishlar bilan xursandchilik qilinmasligini aslo unutmasligi lozim. Shunga ko‘ra go‘yo “hayitda ruxsat” degandek turli noshar'iy o‘yin-kulgularga mashg‘ul bo‘layotganlar yoki aksincha shariat bayram qilib belgilagan kunni azaga aylantirib olayotganlar ushbu ulug‘ kunda shariatga zid ishlarni sodir etayotgan bo‘ladilar. Zero hayit kuni ham musulmon kishining boshqa kunlari singari yaxshilik va xayr-baraka kuni bo‘lishi, gunoh va ma'siyatlar sodir etadigan kun bo‘lmasligi kerak.

Mavzuga oid
Top