21:05 / 04.06.2019
101318

Kun fotosi: Shavkat Mirziyoyev palov tayyorlamoqda

Saida Mirziyoyeva o‘zining Facebook sahifasida O‘zbekiston prezidentining palov tayyorlash jarayoni aks etgan fotosuratni joylashtirdi.

“Ba'zida oilaviy dasturxonimiz uchun oshni Dadamlar damlab beradilar. Biz esa ularga yordamchi. Arafa muborak!”, - deya suratga izoh bergan Saida Mirziyoyeva. 

Foto: Facebook/Saida Mirziyoyeva

O‘zbekiston prezidentining ikki qizi, bir o‘g‘li va besh nafar nabirasi bor.

Biroz avval O‘zbekiston prezidentining rasmiy saytida Shavkat Mirziyoyevning Ramazon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga tabrigi e'lon qilindi. 

“Dunyodagi jamiki musulmon ummati uchun mo‘tabar va qadrli bo‘lgan shu saodatli, ulug‘ ayyomda siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar, butun xalqimizni Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Muqaddas dinimizning ezgulik va insonparvarlik, mehr-shafqat kabi buyuk fazilatlari yanada yorqin namoyon bo‘ladigan ushbu shukuhli damlarda barchamiz, avvalo, Alloh taologa oilamiz, elu yurtimiz bilan birgalikda bugungi qutlug‘ va barokatli kunlarga yetkazgani uchun behisob shukronalar aytamiz”, deyiladi jumladan tabrikda.

Eslatib o‘tamiz, bu ulug‘ ayyomni yanada mazmunli o‘tkazish uchun sharoit yaratish maqsadida 5-6 iyun O‘zbekistonda dam olish kunlari deb e'lon qilindi.

Top