17:14 / 05.06.2019
29511

“Tafakkur qilmaysizmi?..” Embrion – ona vujudida insonning bunyod bo‘lishi

Inson zoti borki, tabiatan mo‘jiza istaydi. Xalqlarga payg‘ambarlar yuborilganda, o‘sha davr odamlari ulardan mo‘jizalar ko‘rsatishni talab etishgan. Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamga berilgan eng katta mo‘jiza – Qur'oni karim bo‘ldi. Qur'on – mo‘jizalarni o‘zida mukammal ravishda mujassam qilgan kitobdir. 

“Tafakkur qilmaysizmi?..” ko‘rsatuvining bugungi sonida Alloh mo‘jizalaridan yana biri – embrion haqida so‘z boradi.

Alloh taolo “Mo‘'minun” surasining 12-14 oyatlarida shunday marhamat qiladi: “Biz insonni loyning mag‘zidan yaratdik. So‘ngra uni mustahkam qarorgohdagi (bachadondagi) nutfa-maniy qildik. So‘ngra bu nutfadan alaqani yaratib, alaqadan mudg‘ani yaratib, mudg‘adan suyaklarni yaratib, bu suyaklarga go‘sht qopladik. So‘ngra boshqa bir jonzot holida paydo qildik. Bas, yaratuvchilarning eng yaxshisi bo‘lgan Alloh Buyuk Barokot egasidir”.

Nutfa haqida gapirishdan oldin shu narsani ta'kidlab o‘tish kerakki, erkak kishining maniy suvi ichidagi 300 mln.dan ziyod urug‘ning faqat bittasi onaning bachadoniga kirib, uning tuxum hujayrasi bilan chatishadi. Buning natijasida nutfa hosil bo‘ladi. Nutfa bachadonning ichidagi devorga yopishib, xuddi daraxtga o‘xshab ildiz otishni boshlaydi. 

Ildiz otganidan so‘ng, “alaq” degan bosqich boshlanadi. Arab tilida “alaqa” uch ma'noni anglatadi: 1) zuluk; 2) osilgan narsa; 3) laxta qon. Embrionni zuluk bilan solishtirganda, tashqi ko‘rinishi bir-biriga nihoyatda o‘xshashi aniqlandi. Zuluk boshqa mavjudotlarning qonini surib oziqlangani kabi, bu bosqichda embrion ham onaning qoni bilan oziqlanar ekan. Alaqning ikkinchi ma'nosi osilgan narsa. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, embrion onaning bachadonida osilgan holda bo‘lar ekan. Alaqning uchinchi ma'nosi laxta qon deganidir. Embrionning bu bosqichdagi tashqi ko‘rinishi qon to‘planmasiga o‘xshaydi. 

Alaqadan keyingi bosqich “mudg‘a” deyiladi. “Mudg‘a” lafzini arab tilida chaynalgan narsaga nisbatan ishlatisharkan. Agar saqichni og‘izga olib chaynalsa va uni embrionning mudg‘a bosqichi bilan taqqoslansa, u haqiqatan chaynalgan narsaga o‘xshashiga guvoh bo‘lamiz. Bu bosqichda yurak ura boshlaydi, embrionning hajmi 4 millimetrni tashkil etadi. 

“Mudg‘adan suyaklarni yaratib, bu suyaklarga go‘sht qopladik”, deyiladi oyatda. Bu bosqichda badan qattiqlashib, bosh tanadan ajralib, qo‘l-oyoqlar shakllana boshlaydi. oyatda xabar berilishicha, embrionda avval suyaklar shakllanar, keyin ustiga go‘sht qoplanar ekan. XX asrning oxirigacha ilmiy tadqiqotchilar suyak bilan go‘sht bir paytda rivojlanishini ta'kidlab kelishgan ekan. Lekin so‘nggi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, birinchi suyak shakllanib, keyin alohida mushak-hujayralar zohir bo‘lib, ular suyaklarni qoplab olar ekan. 

1984 yili Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan ilmiy kengashga Qur'onning oyatlarini tushunish uchun Kanadadan embriologiya bo‘yicha eng mashhur mutaxassis-olim – professor Mur maxsus chaqiriladi. Shu olim tadqiqotlar o‘tkazganidan so‘ng aytadi: “Men uchun nihoyatda ravshan bo‘ldiki, Qur'on Alloh tomonidan Muhammadga nozil bo‘lgan ekan. Chunki bu yerda xabar berilgan ilmiy ma'lumotlar faqat XX asr oxiriga kelibgina ma'lum bo‘ldi. o‘sha davrda, ya'ni VII asrda bunday ilm bo‘lishi mumkin emas edi”.

Foto: Azon TV

Maniy suvidagi 250-300 milliondan ziyod spermatazoid onaning tanasi bo‘ylab bachadon sari judayam bir mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tadi. mana shu mashaqqatli yo‘lda, bachadonga faqat mingtasi yetib borarkan. Va bu mingtadan faqat bittasi qabul qilinar ekan. Qabul qilinganda ham, to‘liq emas, yaxshi qismi qabul qilinadi. Chunki o‘sha yerga olib kelgan tanasi ham tashqarida qolib, bachadonning ichiga faqat asli kirar ekan. Insonning urug‘ holatidagi hayoti bizning shu dunyodagi hayotimizga o‘xshar ekan. Hamma qayergadir shoshgan, yelib-yugurgan, ter to‘kib ishlagan, kuch-quvvatini shu yo‘lda sarf qilgan. Lekin insonlarning har mingtadan faqat bittasi maqsadga yetarkan, qolgani yo‘lda halok bo‘lar ekan.

“Tafakkur qilmaysizmi?..” ko‘rsatuvining ushbu mavzuga bag‘ishlangan sonida  insonning ona qornida paydo bo‘lishi, rivojlanishi bilan bog‘liq jarayonlar, voqeliklar Qur'on oyatlari misolida ko‘rsatib berilganki, embrion singari Allohning bu mo‘jizasi kishi aqlini hayratga soladi.

Mavzuga oid
Top