11:00 / 06.06.2019
30090

«Real»da yangilanish. Yovich transferi hal bo‘ldi, yana kimlar nishonda?

Og‘ir mavsum, o‘yindagi muammolar va murabbiylar qo‘nimsizligidan keyin «Real» yozgi transferlar oynasi ochilishini sabrsizlik bilan kuta boshladi. Florentino Peres butkul halokatga yo‘liqmaslik uchun Zinedin Zidanni qaytardi va yangi futbolchilar xarid qilish uchun kart-blansh taqdim etdi. Le Parisien nashri ma'lumotiga ko‘ra, Madrid klubi rahbariyati yozgi transferlar uchun 600 million yevro ajratgan.

«Real» bu pullarning bir qismini transferlar darchasi ochilishidan oldin sarflab bo‘ldi: «Portu»dan 21 yoshli himoyachi Eder Militao (50 million yevro) va «Santos»dan 18 yoshli vinger Rodrigo (45 million yevro) xarid qilindi. Aniqki, bu yosh braziliyaliklar ispan grandining «ishtahasi»ni qondira olmasdi. Shu kunlarda «Ayntraxt»dan 21 yoshli serbiyalik hujumchi Luka Yovich «Real»ga kelishi e'lon qilindi. OAV ma'lumotiga ko‘ra, «Qirollik klubi» bu transfer uchun 60 million yevro to‘laydi.

Yaqin vaqtlarda Madrid klubi yana bir necha shov-shuvli transferlarni amalga oshirishi kutilmoqda.

Eden Azar («Chelsi»)

Foto: Dmitriy Golubovich, «Chempionat»

«Chelsi» yetakchisi o‘z kumiri bilan birlashuvi - amalda hal bo‘lgan masala. Azar bir necha yildan buyon tinimsiz ravishda «Real»ga simpatiyasini yashirmay keladi. Nihoyat uning orzusi ushalmoqda. London klubida 7 yildan buyon to‘p surib kelayotgan belgiyalik hujumchining amaldagi shartnomasi keyingi yilda tugaydi va u shartnomani uzaytirmaslikka qaror qildi. Shu tufayli, uning transfer qiymati kamtargina - «Real» uni 110 million yevro to‘lab (yana 15 million yevro miqdoridagi bonuslar va'da qilib) o‘ziniki qilishi mumkin. «Chelsi» esa ketishni istayotgan futbolchisini ushlab o‘tirmay, uni keyingi yil tekinga qo‘yib yuborgandan ko‘ra bu yil sotishga rozi bo‘ladi. 

Nima bo‘lgan taqdirda ham Azarning transferi - «qaymoqranglilar» uchun katta muvaffaqiyat. Shuncha yildan buyon London klubida barqaror o‘yin ko‘rsatib kelgan bu futbolchi «Real»da o‘zini ko‘rsata olmasligiga ishonish qiyin.

Kristian Eriksen («Tottenhem»)

​​​​​Foto: Giuseppe Maffia/NurPhoto via Getty Images

Eriksen bo‘yicha muzokaralar esa «Real» uchun u qadar oson kechmayapti. O‘zining superxasisligi bilan tanilgan «shporlar» prezidenti Deniel Levi futbolchi uchun 100 million funtdan ortiq mablag‘ (113 million yevro) so‘ramoqda. «Qaymoqranglilar» esa buncha to‘lashga rozi bo‘lishmayapti. Bundan avvalroq klub «shporlar»ning 132 million yevrolik talabiga (150 million yevro) rozi bo‘lmagan.

Madrid klubi daniyalik futbolchini 33 yoshli Modrich uchun munosib o‘rinbosar sifatida ko‘rishmoqda. Kristian raqib darvozasiga yaqinroq harakat qilsa-da, uning vazifasi xorvatiyalik futbolchiniki bilan o‘xshash. Eriksen Madrid klubida himoya va hujumni bog‘lash vazifasini bajarishi kerak bo‘ladi. Bu ikki futbolchi jamoada asosiy yaratuvchilar va hujumlar rivojlantirilishi uchun mas'ullar bo‘lishadi.

Yakunlangan mavsumda «Tottenhem» yarimhimoyachisi amalga oshirgan golli paslar va hal qiluvchi paslar soni «Real» yarimhimoyachisinikidan ancha ko‘proq bo‘ldi. Boshqa tomondan, Modrich himoyalanishda Eriksendan ustunroq. Ammo «Real»da «tozalovchi» vazifasini asosan Kazemiro bajaradi va bu holatda Eriksen himoyaga qaytishiga talab bo‘lmaydi.

Oxirgi xabarlarga ko‘ra daniyalik futbolchi «Tottenhem» rahbariyatiga shu yozda ketish istagini bildirdi va uning «Real»ga transferini osonlashtirishi mumkin.

Luka Yovich «Ayntraxt»

Germaniya Bundesligasida va Yevropa Ligasida porlagan «Ayntraxt» hujumchisi bilan «Real» allaqachon kelishuvga erishdi. Unga ko‘ra serbiyalik futbolchi keyingi 6 mavsumni Madridda o‘tkazadi - 2025 yilgacha. Shu kunlarda futbolchi «Qirollik klubi» uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kutilmoqda. Kelishuvning moliyaviy jihatlari oshkor etilmadi, ammo OAV ma'lumotiga ko‘ra, bu transfer Peres uchun 60-70 million yevroga tushmoqda.

Ferlan Mendi («Olimpik Lion»)

Bir necha kun oldin Marca nashrida «Lion» laterali «Real»ga o‘tishi, bu futbolchi ham shu kunlarda Madridda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, transfer qiymati 50 million yevro atrofida bo‘lishi xabar qilindi. 

Yakunlangan mavsumda ushbu fransuzda jiddiy o‘sish kuzatildi va u Whoscored talqiniga ko‘ra Liga 1 ramziy terma jamoasidan joy oldi. Ferlan yuqori tezlikka ega, uning driblingi kuchli va har o‘yinda o‘rtacha 1,3 marta hal qiluvchi pas beradi. Bundan tashqari, yosh futbolchi tayanch yarimhimoyasida raqibdan to‘p olib qo‘yishda va uzatmalarni to‘sib qolishda yaxshi harakat qiladi. Ko‘p ehtimol bilan yangi mavsumda Marselo va Regilonga asosiy tarkib uchun kurashda jiddiy raqib paydo bo‘ladi.

5 iyun kuni «Lion» rasmiy saytida Ferlan Mendi haqidagi xabarlar rad etildi. Ammo bu «Lion»ning futbolchisi narxini oshirish uchun odatdagi harakati bo‘lishi haqiqatga yaqinroq.

Joau Felish («Benfika»)

«Benfika»ning yosh futbolchisi uchun Yevropadagi top-klublar «ov boshlagan». «Real»dan tashqari «Manchester Yunayted», «Atletiko» va «Yuventus» ham bu talant uchun xaridor. Bu klublar forvard uchun takliflar yo‘llagan, ammo hozircha hech qaysi klub «burgutlar» rahbariyati bilan kelishuvga erisha olmayapti.

«Bizning maqsadimiz - tarkibni saqlab qolish. Kimdir Felish uchun 100 million yevro taklif qilsa ham, biz uni sotmaymiz. Portugaliyada hali hech bir futbolchi bu qadar katta summaga transfer qilinmagan, ammo biz maydonda g‘olib chiqishni istaymiz va buning uchun barcha ishni qilamiz. Agar bizga 120 million yevro to‘lanmasa, Joau shu yerda qoladi», dedi «Benfika» klubi ijrochi direktori Domingos Soaresh de Oliveyra.

Joau Felish Foto: Gualter Fatia/Getty Images

Yakunlangan mavsumda 19 yoshli vunderkind 38 o‘yinda 19 gol urdi va 8 marta golli pas uzatdi. Hozirda «Real» bu yosh futbolchi uchun buncha katta mablag‘ sarflashi ehtimoldan yiroq.

Pol Pogba («Manchester Yunayted»

Mart oyidayoq Pogba Zidan va «Real» uchun o‘ynash - har qanday futbolchining orzusi ekanini aytgandi. Fransiyalik mutaxassisning o‘zi ham odatiga qarshi borib, bu fransiyalik vatandoshi o‘z jamoasiga kelishiga qarshi emasligini bildirdi (odatda u ehtimoliy transferlar haqidagi savollarga so‘ralgan futbolchi boshqa klubga tegishli ekanini aytib, savoldan qochar edi). Ammo futbolchi uchun to‘lash kerak bo‘lgan katta mablag‘ (150 million yevro) tufayli Florentino Peresni bu transferga ro‘yxushlik bermayapti.

Hozirda «Real» prezidenti Pogba uchun katta pul berishdan qochib, uni Zidanga kerak bo‘lmagan futbolchilardan biriga (Garet Beyl, Xames Rodriges va Keylor Navas) almashtirish variantlarini izlamoqda.

Boshqa tomondan «MYu» o‘zining asosiy yetakchisini tarkibda saqlab qolish uchun harakat qilmoqda. Sulsher fransiyalik futbolchi ketib qolmasligi uchun unga sardorlik bog‘ichini topshirishga ham tayyor. Lekin bu sovrinlar ilinjida bo‘lgan futbolchini to‘xtatib qolishi dargumon.

Agar Pogba «Real»ga o‘tsa, Zidan Mourinoning xatosini takrorlamasligi va unga himoyaviy vazifalar yuklamasligi kerak bo‘ladi. Pol faqat erkin ijodkor sifatida harakatlanganidagina jamoaga foyda keltirishi mumkin.

Kilian Mbappe («PSJ»)

«Real»ning yana bir transfer nishoni esa deyarli fantastika. Zidan jamoaga qaytgan ilk kunlarda «Real» yozda bu yosh fransuz uchun kurashishi haqida xabarlar tarqaldi. Ammo bu transfer amalga oshishi ehtimoli kundan kunga kamaymoqda. 

Neymar bilan ziddiyatga va «PSJ»dagi vaziyati haqidagi qarama-qarshi so‘zlariga qaramasdan 19 yoshli hujumchi klubini almashtirishga shoshilmayotganga o‘xshaydi. Avvaliga Peres Mbappe transferi bo‘yicha hech qanday reja yo‘qligini ma'lum qildi, Zidan esa Mbappe o‘z klubida yaxshi o‘ynayotganini ta'kidladi.

Ammo oxirgi xabarlarga ko‘ra, Mbappe Parijdan ketishga qat'iy qaror qilgan, uning otasi esa Tsyurixda futbol olamidagi nufuzli shaxslardan biri bilan uchrashib, o‘g‘lining kelajagini muhokama qilgan.

Foto: Michael Steele/Getty Images

Madrid klubi qattiq harakat qilsa, katta narx belgilab qo‘yilganiga qaramay bu hujumchini qo‘lga kiritishi mumkin ( OAV ma'lumotiga ko‘ra, parijliklar Yevropaning Messidan keyingi ikkinchi eng yaxshi to‘purari uchun 280 million yevro talab qilmoqda). Krishtianu Ronaldu ketgach, «Real»ga yana bir necha yillar mobaynida klubni o‘z yelkasida olib yura oladigan yetakchi kerak bo‘lmoqda.

Top