10:10 / 07.06.2019
8255

Sog‘liqni saqlash vazirligi: Endi tabiblar ham qonuniy faoliyat yuritishi mumkin

Joriy yilning 22 mayda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, 1996 yil 29 avgustdagi «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 41-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritildi.

Unga ko‘ra, «Tibbiy ma'lumotga ega bo‘lmagan shaxslar ham O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha maxsus komissiyaning xulosasi asosida xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘ladilar», deya belgilab qo‘yildi.

– Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar asosida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha maxsus komissiya faoliyatini tashkil etish hamda xalq tabobati bilan shug‘ullanishga da'vogarlik qiladigan shaxslarning murojaat qilish tartibini belgilovchi hujjat loyihalari tayyorlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 oktyabrdagi PQ-3968-sonli «O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga binoan tashkil etilgan komissiya tarkibiga shifokorlar bilan bir qatorda, psixolog, texnika mutaxassislari, diniy va xalq tabobati kabi bir qancha soha vakillari kiritilgan. Xalq tabobati bilan shug‘ullanishni istagan tibbiy ma'lumotga ega bo‘lmagan shaxslar kelgusida ushbu komissiya vakillari oldida tibbiyot ilmidan qanchalik xabardorligi, o‘zidagi bilim va davolash uslublarni amaliyotda qay darajada qo‘llay olishi bo‘yicha sinovlardan o‘tadi, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Lisenziyalash va akkreditatsiyalash boshqarmasi boshlig‘i Farhod Rahimqulov. Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgor Maxsus komissiyaning tibbiy ma'lumot o‘rniga beriladigan xulosasini qo‘lga kirtib, ushbu xulosa asosida tibbiy faoliyatning xalq tabobati usuli bilan shug‘ullanishi uchun o‘rnatilgan tartibda litsenziya oladi.

«Ma'lumki, avval tabiblar qonuniy ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritgan. Shu boisdan, ular ishlab topgan pullardan davlatga soliq ham to‘lanmagan. Endi esa ular yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, shundan so‘nggina faoliyat olib borishi belgilanmoqda.

Yana bir gap, Prezident qaroriga ko‘ra, endilikda xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar o‘z faoliyati natijalari bo‘yicha tibbiyot xodimlari uchun qonunlarda nazarda tutilgan hajmda javobgar hisoblanadi.

Alohida ta'kidlash lozimki, endilikda mahalliy sog‘liqni saqlash tizimida xalq tabobatining roli oshiriladi, jumladan, ushbu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi xususiy tibbiyot muassasalari faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi, sog‘liqni saqlash tizimining ambulator va statsionar muassasalarida xalq tabobati usullarini qo‘llash bilan kasalliklarni davolash bo‘yicha maxsus bo‘limlar, dorixonalar tizimi tashkil etiladi.

Respublikadagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining «Davolash ishi», «Pediatriya ishi», «Tibbiy-pedagogika ishi» bakalavriat yo‘nalishlaridagi o‘quv dasturlariga xalq tabobati bo‘yicha maxsus o‘quv sikli ham joriy etiladi. Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida esa xalq tabobati kafedrasi va «Xalq tabobati» yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil qilinadi. Bu esa xalq tabobatining zamonaviy tibbiyot bilan integratsiyalashuviga xizmat qiladi.

Yana bir masalaga alohida to‘xtalish joiz. Xalqimiz orasida Qur'on oyatlari va turli duolar bilan bemor insonlarni davolovchi shaxslar ham bor. Endi ularga ham qonuniy faoliyat olib borishlari uchun litsenziya beriladimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bunga javoban, shuni aytish kerakki, Adliya vazirligida 3111-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan «Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat ko‘rsatish tartibi va hajmlari to‘g‘risidagi nizom»da okkultizm-afsun, shuningdek, diniy marosimlar orqali davolash xalq tabobati usullariga kirmasligi ko‘rsatilgan. Shu bois, diniy yo‘nalishda bemorlarni davolovchi shaxslarga Sog‘liqni saqlash vazirligida tashkil etilgan maxsus komissiya tomonidan litsenziya berilmaydi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Top