10:40 / 09.06.2019
64269

Prezidentlik otameros prezidentlar

Ma'lumki davlat boshqaruvining asosiy va ko‘p tarqalgan shaklini o‘zida aks etgan prezidentlik lavozimiga inson umumxalq saylovlari orqali saylanadi. Avloddan-avlodga o‘tuvchi monarxiya prinsipidan eng katta farqli jihat ham aslida shu. Lekin dunyoda o‘z otasining o‘rnini bevosita yoki bilvosita egallagan prezidentlar ham talaygina.

Kichik Jorj Bush

AQSh prezidentlari orasida ota-o‘g‘il Bushlarning o‘rni katta. 1946 yilda AQShning Konnektikut shtati Nyu-Xeyven shahrida tug‘ilgan Jorj Uoker Bush 2001—2009 yillarda mamlakatning 43-prezidenti bo‘lgandi. Uning otasi Jorj Gerbert Uoker 41-prezident sifatida 1989—1993 yillarda davlatni boshqargan.

Aynan ota va o‘g‘il Jorj Bushlar uchungina «katta» va «kichik» qo‘shimchalari qo‘llaniladi. Sababi AQShda sobiq prezident atamasi qo‘llanmaydi va bu lavozimni egallagan inson umrbod shu nom bilan, faqat raqamlarini ko‘rsatgan holda (masalan 41-,43-prezident) nomlanaveradi. Ikkita bir xil ism-sharifli prezidentlarning borligi chalkashliklarni keltirib chiqarmasligi uchun «katta» va «kichik» qo‘shimchalari qo‘llaniladi.

Aliyevlar sulolasi

1961 yilda tug‘ilgan Ilhom Aliyev mavzuning yorqin qahramoni, lavozimni otasidan keyin bevosita egallagan shaxs. Uning otasi Haydar (Geydar) Aliyev 1993-2003 yillarda Ozarboyjon prezidenti bo‘lgan. Otasining vafotidan keyin Ilhom Aliyev prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘ydi va shundan keyin qatorasiga to‘rt marta – 2003, 2008, 2013 va 2018 yillarda saylovlarda g‘olib chiqqanicha davlatni boshqarib kelmoqda. Uning rafiqasi Mehribon Aliyeva mamlakatning vitse-prezidenti hisoblanadi. Uning o‘g‘li kichik Geydar Aliyev hali 22 yoshda va u biznes bilan shug‘ullanadi. 

Bashar Asad

1965 yilda Damashqda tug‘ilgan Bashar Asadning otasi Hafiz Asad o‘sha paytlarda Suriya Harbiy Havo Kuchlari qo‘mondoni, brigada generali edi. Mamlakatdagi diniy ozchilik bo‘lgan alaviylar oilasidan ekanligiga qaramay Hafiz Asad davlat to‘ntarishi uyushtirishga va hokimiyat tepasiga kelishga muvaffaq bo‘ladi. Oradan ko‘p o‘tmay u «Baas» partiyasi boshqaruvini ham egallaydi va vakolatlarini kengaytirish bilan hokimiyatini mustahkamlab oladi.

Hafiz Asadning o‘g‘li, Suriyaning amaldagi prezidenti Bashar Asad avvaliga Damashqda, keyinchalik Buyuk Britaniyada o‘qib, ko‘z shifokori diplomini oladi va ma'lum muddat sohasi bo‘yicha ishlaydi ham. O‘sha paytlarda uning prezidentlik ambitsiyasi bo‘lmagan. Sababi Hafiz Asadning rejasiga ko‘ra mamlakat boshqaruvi dastlab ukasi Rifatga berilishi kerak edi. Ammo akasini muddatidan oldin ag‘darishni rejalashtirgan ukaning siri fosh bo‘lib, badarg‘a qilinadi. Shundan so‘ng valiahdlik katta o‘g‘il Bosilga o‘tadi.

1994 yilda Bosilning avtohalokat natijasida halok bo‘lishi hamma narsani o‘zgartirib yuboradi. 2000 yilda Hafiz Asad yurak xurujidan vafot etganidan so‘ng davlat boshqaruvi Bashar Asadga o‘tadi.

2000 va 2007 yillarda Bashar Asad yagona nomzod sifatida prezidentlikni egallagan bo‘lsa, urushlar kechayotgan 2014 yilda 88,7 foiz ovoz olishga muvaffaq bo‘ladi, biroq dunyoning aksariyat davlatlari tomonidan bu natijalar tan olinmaydi.

«Abadiy Kimlar»

Keyingi qahramonlarimizning lavozimlari rasman prezident emas. Ammo o‘z davlatlaridagi vakolatlari ancha-muncha prezidentlarnikidan baland va serqirra.

Ham siyosiy, ham iqtisodiy, ham hududiy jihatdan ikkiga bo‘linib olgan Koreya yarim orolidagi juda qiziq davlat – KXDR tuzumini avval boshdan Kimlar sulolasi boshqarib keladi. Dastlab Kim Ir Sen bu davlatning ilk rahbari sifatida tarixda qoldi. 36 yillik boshqaruvdan so‘ng, 1994 yilda uning o‘limi Shimoliy Koreyani shu qadar qayg‘uga cho‘mdirdiki, ko‘plab fuqarolar buni ko‘tara olmay dohiy ortidan boqiy dunyoga rixlat qildilar. «Davlat va millatning buyuk dohiysi», «Porloq yulduz», «Beqiyos birodar», «Harbiy sohada daholarning dahosi», «Xalq otasi», «Hurmatli (eng yuqori, aqlli, yagona, sevimli...) rahbar», «Qimmatli ota», «Kommunistik kelajak quyoshi», «Davlatlar birlashuvi kafolati», «Yo‘lchi yulduz» kabi nomlarni o‘zida jamlagan mamlakat rahbari lavozimi Kim Ir Senning o‘g‘li Kim Chen Ir qo‘liga o‘tdi.

O‘g‘il ham otaning siyosatini «sharaf» bilan davom ettirdi, mamlakat o‘z siyosiy tuzumidan zarracha og‘madi. Ammo o‘lim haq, 2011 yilda Kim Chen Irning o‘limi mamlakat aholisini yana bir marta larzaga soldi. Dohiyning ortidan zor-zor bo‘zlaganlar tasvirlangan videolavhalar ko‘pchilikni hayratlantiradi. Lekin aynan shunday – mafkuraviy targ‘ibot odamlarni shu darajaga solgan. Otasining o‘limidan so‘ng mamlakat boshqaruvi uchinchi Kim – yosh va tajribasiz Kim Chen In qo‘liga o‘tdi. Ammo tajribasizligiga qaramay u ham sulola ishini davom ettirdi va tuzumni to‘la-to‘kis saqlab qoldi.

Bir qarashda hokimiyat avloddan avlodga o‘tayotganday tuyilsada, bu mamlakatda ham davlat rahbarligiga saylovlar bo‘ladi. Faqat ularning o‘ziga xos jihati yagona nomzod ko‘rsatiladi (ularning kimligini yaxshi bilasiz) va bu nomzodning 100 foiz ovoz to‘plagani e'lon qilinadi.

Demak Shimoliy Koreyaning navbatdagi «porloq quyoshi» Kim Chen In ham rasman saylovlarga ko‘ra mamlakat boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan davlat rahbaridir.

Janubiy Koreya: demokratiya va hibslar

Demokratiya va taraqqiyot ramzi bo‘lgan Janubiy Koreyada so‘nggi yillarda o‘ziga xos an'ana shakllangan – prezident albatta korrupsion mojarolarda ayblanadi. Qiziq a? Avtoritar yoki diktatura deya ataluvchi Shimoliy Koreyada mamlakat rahbari «Davlat va millatning buyuk dohiysi», demokratiya va shaffoflikni aks ettirgan davlatning deyarli har bir rahbari rasman aybdor.

Ana shunday mojarolarning eng yirigiga, eng sharmandalisiga uchragan Pak Kin Xe — Janubiy Koreyaning 1963—1979 yillardagi yetakchisi, prezidenti Pak Chon Xining qizi hisoblanadi. Otasining o‘rnini bilvosita egallagan prezident xonim 2013—2017 yillarda davlatni boshqardi. 2017 yilga kelib poraxo‘rlik, davlatga xiyonat va davlat boshqaruvida tanish-bilishchilik, o‘ta maxfiy sirlarni tarqatish kabi ayblovlarda ayblangan Pak Kin Xe impichment jarayonidan so‘ng hokimiyatdan chetlatildi va 2018 yilda 18 milliard von jarima bilan birgalikda 24 yillik qamoq jazosiga ham hukm qilindi.

Yuqoridagilar otasining o‘rnini birdaniga yoki vaqt o‘tib egallagan prezidentlar haqida so‘z yuritdik. Quyida ana shunday qilish imkoniyati bor yoshlar haqida qisqa ma'lumotlar berib o‘tamiz.

Rustam Imomali

Imomali Rahmonning o‘g‘li, poytaxt Dushanbe hokimi har jihatdan prezidentlikka nomzod bo‘la oladi. Yosh, siyosatda o‘zini sinab ko‘rmoqda, qo‘llab-quvvatlovchi rahnamo bor. Qolaversa, prezidentlikka nomzodlarga talabda minimal yoshning 35dan 30ga tushirilishi ko‘p narsani anglatadi. Demak, vaqt o‘tib bu savolga javob topishga qiynalmaymiz.

Darig‘a Nazarboyeva

Nursulton Nazarboyevning to‘satdan iste'foga chiqishi ortidan juda ko‘pchilik endi uning o‘rnini qizi Darig‘a Nazarboyeva egallashini taxmin qilgandi. Ammo bunday bo‘lib chiqmadi, prezidentning qizi o‘z nomzodini ilgari surmadi. Nazarboyevning o‘zi shogirdi Toqayevni qo‘llamoqda. Lekin bu holat vaqtincha bo‘lishi, kelgusi saylovlarda vaziyat o‘zgarishi hech gap emas.

Cardor Berdimuhamedov

Turkmaniston rahbari, arqadag‘ – Gurbanguli Berdimuhamedovning oilasi haqida ma'lumotlar juda kam. Masalan, uning rafiqasi haqida hech kim deyarli hech narsa bilmaydi. Lekin shunga qaramay arqadag‘ning o‘g‘li Sardor (Serdar) Berdimuhamedov so‘nggi yillarda siyosat olamiga shaxdam qadamlar bilan kirib keldi va qator lavozimlarni egalladi. Bundan tashqari arqadag‘ so‘nggi yillarda nabirasi Karimgulini ham yirik sahnalarga olib chiqmoqda. Faqat hozircha bu chiqishlar san'at, to‘g‘rirog‘i turli janrdagi qo‘shiqlar bilan cheklanmoqda.

Nikolay Lukashenko

Belarus prezidenti Aleksandr Grigorevich Lukashenkoning uch o‘g‘li borligi haqida ma'lumotlar tarqalgan. Ularning kattasi va o‘rtanchasi Viktor hamda Dmitriy omma oldida deyarli ko‘rinishmaydi. Ammo kichigi Nikolay Lukashenko so‘nggi yillarda otasining doimiy hamrohiga aylandi. Unga ta'rif berarkan Aleksandr Grigorevich shunday degan: «Akalaridan farqli ravishda kichkintoy ancha aqlli bo‘lib o‘smoqda».

Lekin bolakayning siyosiy ambitsiyalariga baho berishga hali erta.

Abror Zohidov

Mavzuga oid
Top