17:30 / 10.06.2019
20413

«Bu ish ko‘p savollarni tug‘dirmoqda». Kremlda Golunov ishi bo‘yicha ilk bor izoh berildi

10 iyun kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ilk bor jurnalistlar bilan «Meduza» muxbiri Ivan Golunovning qo‘lga olinishi holatini muhokama qildi.

«Meduza»: Kreml Ivan Golunovga qarshi jinoiy ish ochilishiga qanday izoh bera oladi?

Dmitriy Peskov: Kreml Golunov ishi bo‘yicha izoh berishi imkonsiz. Men sizga faqat shuni aytishim mumkinki, ish haqida juma kuniyoq Peterburgda prezidentga ma'lumot berilgan. O‘shanda bu anchayin bahsli holat ekani haqida hisobot berilgandi. Kreml, bilasizki, bu ish yuzasidan izoh berish huquqiga ega emas. Hech qachon bunday bo‘lmagan va bu safar ham bo‘lmaydi. Ammo, bu ish ancha rezonansli bo‘lgani hisobga olinib, albatta, biz voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib boramiz. Aytishim mumkin bo‘lgan gaplar mana shu.

«Meduza»: Aytgan so‘zlaringiz bo‘yicha aniqlashtirsak. Siz 7 iyun, juma kuni Ivan Golunov haqidagi savoldan keyin IIVning uydan olingan suratiga e'tibor qaratishni so‘ragandingiz. Shundan bir necha soat o‘tib IIV tan oldiki, e'lon qilingan suratlarning aksari Golunovning uyiga aloqadormas ekan. Kremldagilar taniqli jurnalist qo‘lga olingan vaqtda nafaqat jamoatchilikka, balki yuqori organlarga ham yolg‘on ma'lumot bergan politsiya ishiga qanday baho beradi?

Peskov: Ha, biz chindan ham IIV tomonidan e'lon qilingan suratlarga asoslangandik. Keyin tahrirlangan ma'lumotlar berildi. Bunday vaziyatda biz faqat rasmiy manbalarga tayanamiz. Yana qaytaraman: biz keyinroq e'lon qilingan tahrirga ham e'tibor qaratdik. Albatta, kun tartibida aniqlik kiritilishi kerak bo‘lgan qator savollar bor.

«Meduza»: Kreml Golunov ishidagi sudga tergov hujjatlari bilan birga taqdim etilgan qoidabuzarliklar bo‘yicha faktlarga qandaydir munosabat bildiradimi? Masalan, jurnalist qo‘lga olinganidan keyin 13 soat mobaynida o‘z yaqinlari bilan bog‘lana olmagan va advokat chaqira olmagan.

Peskov: Sizga ma'lumki, bu muassasalar va tergov idoralari ishidagi qoidabuzarliklarga munosabat bildirish  Bosh prokuratura zimmasida. Ish bo‘yicha barcha materiallar bosh prokuratura ixtiyorida mavjud. Bizda Bosh prokuratura o‘z funksiyalarini bajarishiga shubha yo‘q.

«Dojd»: Prezident maslahatchisi Anton Kobyakov bu ishni shaxsan nazoratga olgani haqida ma'lumot paydo bo‘ldi. Kremlda bu ish bo‘yicha kim shug‘ullanmoqda? Bu mavzu bugun inson huquqlari bo‘yicha vakil Tatyana Moskalkovaning prezident bilan uchrashuvi vaqtida ham ko‘tariladimi?

Peskov: Hamkasbim Kobyakov aytdiki, u barcha materiallar bilan tanishib o‘rganmoqda. U ishni nazoratga olgan. Yana bir bor takrorlayman, biz ish qanday rivoj topishini diqqat bilan kuzatib bormoqdamiz. Aytishim mumkin bo‘lgani shu. Chunki ish haddan tashqari rezonansli, bu alohida e'tibor talab qiladi. 

«Dojd»: Rahmat. Moskalkovaning prezident bilan uchrashuvi-chi? Hozircha aniqmasmi?

Peskov: Yaqin orada bilib olasiz.

«Kommersant-FM»: Bugun uchta nashr - RBK, «Vedomosti» va «Kommersant» muqovasini Ivan Golunovga bag‘ishladi. Umuman, bu mavzu so‘nggi kunlarda barcha ommaviy axborot vositalari diqqat markazida turibdi. To‘rtinchi kundirki, Moskva politsiyasining bosh binosi oldida piketlar davom etmoqda. Ko‘rinib turibdiki, jurnalistlar va jamoatchilik  Golunovga qarshi e'tirozlar bo‘yicha tekshiruv xolis olib borilganiga katta shubha bilan qaramoqda. Kreml jamoatchilik va OAVning huquq-tartibot organlari va sud tizimiga bu qadar ishonchsizlik bilan qarashini qay darajadagi muammo deb biladi? Ishonchni qanday qilib qaytarish mumkin?

Peskov: Men bundan xulosa qilmoqchi emasman. Yana bir bor qaytaraman, chindan ham bu ishda alohida savollar tug‘ilgan. To‘g‘rirog‘i, ayrim emas, ko‘plab savollar bor. Buni ko‘rib turibmiz. Biz sinchiklab kuzatamiz. Ammo butun tizimga ishonchsizlik bildirish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

«Exo Moskva»: Suratlardan keyin Kremlning Ichki ishlar vazirligiga ishonchi o‘zgardimi? Shundan keyin ham ishonch saqlanib qoldimi? Kremldagilar politsiya qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yganidan qanchalik gumon qilmoqda?

Peskov: Men o‘zimni bu savolga javob berishga haqli deb bilmayman, buning iloji yo‘q. Boshqa tomondan men aniq ayta olamanki, albatta zarur izohlar taqdim etilishi kerak — xatoga yo‘l qo‘yilishi sabablari. Xatolar bo‘lishi mumkin, axir hamma joyda oddiy odamlar ishlaydi. Hech kim va hech qayerda xatodan qocha olmaydi. Jurnalistlar ham qaysidir materialida xato qilishi mumkin. Asosiysi xatoni tan olish va izoh berish. Toki kelajakda xatolar takrorlanmasin.

«Exo Moskva»: Kremlda kimnidir iste'foga chiqarish to‘g‘risida ham o‘ylashmoqdami?

Peskov: Men unday deb o‘ylamayman, bu mavzuda aytishim mumkin bo‘lgani shu.

Mavzuga oid
Top