12:18 / 11.06.2019
42682

«Firibgarlik avj olmoqda». Hozirgi zamon sud ishlariga bir nazar

Tahririyatimizga kelgan murojaatlarning miqdori va turi ham juda ko‘p. Murojaatlarning ko‘plab turlarini o‘rganib muammo ildizlarini aniqlashimiz mumkin, biroq shunday shikoyatlar ham keladiki, ularni jurnalist sifatida o‘rganishning iloji yo‘q. Shunday murojaat turlaridan biri firibgarlikka uchragan odamlarning murojaatlaridir.

Bunday jinoyat ko‘paygandan-ko‘payib xalqimiz qonini so‘ruvchi illatlardan biriga aylanmoqda. Firibgarlar sudga tortilib, jinoyatchilarga hukm o‘qildi. Lekin firibgarlik holatlari kamaymoqdami? Firibgar degani kim o‘zi, undan qanday ehtiyot bo‘lish mumkin? Yakkasaroy tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi raisi Hasan Haitov bilan suhbatimiz shu xususda bo‘ldi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Lizing firibgarliklari

Firibgarlik jinoyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Jinoyat kodeksimizda bu aldash va ishonchni suiiste'mol qilish alomatlari bilan farqlanadi. Hozirgi kunda firibgarlikning ham usullari judayam ko‘payib ketdi. Ko‘riladigan ishlarimizning aksariyat qismi, 50 foizdan oshig‘i aynan shu jinoyatga oid ishlar bo‘lmoqda. Bu jinoyatni tahlil qilib ish yuzasidan xususiy ajrimlarimizni yuboramiz, joylarga chiqib tushuntirish olib boramiz.

Firibgarlik ishlarimizda asosan ko‘chmas mulk bilan bog‘liq, avtotransport vositalari va lizing shartnomalari xususida, oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga olib kirib qo‘yish, chet ellarga ishlashga, o‘qishga yuborish kabi firibgarlik ishlari ko‘p bo‘lmoqda. Yaqinda  lizing bo‘yicha ishni ko‘rib chiqdik. Bunga asos va sabablarni o‘rganib chiqqanimizda firibgarlik holatlari fuqarolarimizning e'tiborsizligi ortidan bo‘layotganini ko‘rishimiz mumkin. Bunday ishlarda odamlar sotuvga qo‘yilgan avtomobillarning narxi ozgina arzonligi sabab, avtomobil kimning nomidaligini ham so‘rab o‘tirmay ish yuritishmoqda va natijada firibgarlarning so‘zlariga uchib qolishmoqda. Agar xaridor mulkni olishdan oldin texnik hujjatlarini ko‘rib, transport vositalari ro‘yxatdan o‘tganini davlat tashkilotlaridan tekshirtirib, bank idoralarida qo‘yilgan yoki qo‘yilmaganini aniqlab, keyin bir ishga qo‘l ursa firibgarlik jinoyatlari kelib chiqmaydi. Ko‘p hollarda jabrlanuvchilarning loqaydliklari sabab bo‘lmoqda.

Yakkasaroy tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi raisi Hasan Haitov

E'tibor berish kerak bo‘lgan jihatlardan biri, transport vositasi o‘sha shaxsga tegishlimi yoki yo‘q? Shuni tekshirtirib olish lozim. Transport vositasi biror firmaga tegishli bo‘lsa, o‘sha shaxsning vakolati bor yoki yo‘qligini o‘rganish maqsadida hujjatlarni ko‘rish kerak. Qolaversa, o‘sha transport vositasi biror joyda garov tariqasida qo‘yilmagani holatlarini tekshirib ko‘rish kerak. Bularni tekshirgan odam aldanib qolmaydi.

Transport vositalari bozor narxlarida 200 million so‘m bo‘lsa, firibgarlar xaridorga 150 million so‘mga sotaman deydi. Bunday holatda xaridorda shubha paydo bo‘lishi kerak emasmi? 50 million so‘m kamga sotilsa, demak transport vositasida yoki biror ayb bo‘ladi, yoki boshqa bir tushunmovchilik kelib chiqishi aniq bo‘ladi. Lizing beruvchi idoralarning ko‘pchiligi bankdan kredit olib avtomashina sotib olib o‘sha mashinani garovga qo‘ygan holatlari ham uchrab turibdi. Lizing beruvchi firma keyin buni sotaman deydi. Sotib olgan fuqaro lizing shartnomasi asosida barcha to‘lovni qilgan taqdirda ham avtomashinani ololmaydi. Nega deganda bu transport vositasi hali garovda turgan bo‘ladi. Lizing korxonasi hali bu pulni to‘lamagan bo‘lsa, kredit to‘lanmagani natijasida olib qo‘yilgan hollari ham uchrab kelmoqda.

To‘lov usullariga e'tibor qaratish kerak. Qonunda pul ko‘chirish yo‘li bilan, ya'ni bank orqali o‘tkazish mumkinligi belgilangan. Firibgarlar esa naqd ko‘rinishda olishni xohlashadi. Odamlar shu holatga ham e'tibor qaratishmayapti. Ular har qanday qonuniy faoliyat yuritayotgan tashkilot o‘zining bank hisob-raqamiga ega bo‘lishini hisobga olishmayapti. Naqd shaklda pul berishyapti, lekin bu biror joyda ko‘rsatilmayapti. Kassa kirimi yoki bankdan hisobga o‘tkazishi kerak edi, aslida.

Ko‘chmas mulkdagi firibgarlik haqida

Bu sohaga to‘xtaladigan bo‘lsak, ko‘pchilik qarz olyapti va evaziga garovga o‘z uyi yoki avtomashinasini qo‘ymoqchi bo‘lyapti. Bu holatda garov shartnomasi tuzilmayapti-da, qarz berayotgan shaxs tashabbusi bilan oldi-sotdi shartnomasi tuzilmoqda. Bu kelgusida qarz to‘lansa ham garovga qo‘yilgan uy yoki avtomashina hamon qaytarilmayapti. Bu holda qarz beruvchida o‘zganing mulkida aldash yoki qo‘lga kiritish oldi-sotdi shartnoma tuzgan vaqtda paydo bo‘lyapti. Aynan mening raisligimda ko‘rib chiqilgan ishda ikkita holatda qarz kelishuvida ikkita jabrlanuvchi o‘z uyini oldi-sotdi shartnomasi asosida o‘tkazib bergan. Qarzning 2/3 qismi qaytarilgan bo‘lsa-da, uyni qaytarmagan. Jabrlanuvchining da'vosi tufayli ish qo‘zg‘atildi va qonuniy chora ko‘rildi. Bu holatda o‘rtada tuzilgan bitim haqiqiy emas deya e'tirof etildi.

Firibgarlik avj olmoqda

Bizga kelayotgan ishlarning har 10tadan 6-7tasi firibgarlik bo‘yicha bo‘lmoqda. Bu 50 foizdan ortiq deganidir. Demak, jamiyatda firibgarlik juda ham avj olmoqda. Ariza bermay, andisha qilib, firibgarning aldovlariga uchib, kutib yurganlar ham juda ko‘p. Qabul kunlari uylarini oldirib qo‘ygan, qaytib ololmayotgan odamlar keladi. Biz ularga huquqiy oqibatlarni tushuntiramiz. Huquqni muxofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilish tartiblarini tushuntiryapmiz.

2007 yilda sud tizimi sohasini o‘rganish maqsadida Oliy sud tomonidan tashkil etilgan guruh bilan Janubiy Koreyaga borganmiz. O‘sha vaqtda Janubiy Koreyada eng ko‘paygan jinoyat – firibgarlik deb aytishgan. Qarangki, mana oradan 10 yildan ortiq vaqt o‘tib bu jinoyat O‘zbekistonda ham avj olmoqda. Demak, bu jinoyatlar ham vaqti o‘tib bir davlatdan ikkinchi davlatga ko‘chib yurar ekan. Jinoyatlar ham yuqumli kasallikka o‘xshaydi. Buni tushunish chuqur yuridik bilimga ega bo‘lishni talab qilmaydi. Kundalik hayotda ham o‘ylab, mushohada bilan ish yuritsa bo‘ladi. Firibgarlikning sodir etilishida jabrlanuvchilar o‘zining harakati, o‘zining loqaydligi, o‘zbilarchiligi sabab bo‘lyapti.

Firibgarlik bo‘yicha ko‘plab ishlarni ko‘rib katta tajribaga ega bo‘lgan yana bir sudya Ahror Hoshimxonov ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Ahror Hoshimxonov

«Firibgar shaxsi shunday bo‘ladiki, u har qanday insonni o‘ziga ishontira oladi. Moddiy mablag‘ni egallash yo‘lidagi birlamchi xususiyatlardan biri - o‘ziga ishontira olish bo‘lib, buning uchun ko‘pincha ularda soha bo‘yicha yetarli bilim, oxirgi ma'lumotlar mavjud bo‘ladi. Bu shaxs ishontirish uchun siz buning ortidan katta mablag‘ga yoki biror foydaga ega bo‘lishingizni aytadi. Xohlaymizmi yo‘qmi har qanday odam oson pul topish yoki biror narsaga oson erishish yo‘llariga qiziqadi. Ular shu nozik nuqtani yaxshi bilishgani sababli qanday harakat qilish kerakligini biladi. Qo‘lingizdagi pulni olib bir oy savdoda aylantirib, 50 million so‘m pulingizni 80 million so‘m qilib beraman deb va'dalar berishadi. Eng avj olayotgan firibgarlik turlaridan biri avtomashina olib berish niqobi ostida bir necha sodda odamlarni aldab yurganlarni ko‘rdik. Tajribamizda Toshkent shahrida imtiyozli tarzda qurilayotgan ko‘pqavatli Sergeli tumandagi uylardan olib berish sharti bilan shartnoma tuzib o‘nlab fuqarolarning mablag‘larini olib aldab yurgan firibgarlar bo‘ldi. O‘qishga olib kirib qo‘yaman degan firibgarlar ham juda ko‘p. Jabrlanuvchilar orasida oliy ma'lumotli, jamiyat va davlat hayotida muayyan mavqega ega bo‘lgan insonlarni ham ko‘p uchratish mumkin. Bu nimani anglatadi? Bu firibgarlar o‘zlariga o‘lja sifatida faqatgina sodda odamlar orasidan emas, har qanday jamiyat hayotidagi fuqarolarni tanlab, ularni o‘ziga ishontira oladigan shaxslar bo‘ladi. Sud jarayoni vaqtida kerak bo‘lsa, sudni ham chuv tushirishga harakat qilishadi. Firibgarning so‘zlarini eshitib huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari, sudyalar ham bu firibgar emas ekan, pulni obektiv sabablarga ko‘ra yo‘qotib qo‘ygan degan xulosaga borib qolish hollari ham bo‘lishi mumkin. Bilingki, agar ijtimoiy munosabatni osonlik bilan, yengil, yoqimli bo‘lgan yo‘llar bilan hal eta olishini aytsa, albatta qonun chetlab o‘tilmoqda va ushbu holat sizdagi moddiy qimmatliklarni egallashga bo‘lgan urinish sifatida baholashingiz kerak», deydi tajribali huquq vakili.

Shu o‘rinda sizni ogohlantirishni burchimiz deb bildik. Agar sizga kimdir aytilgan narxdan arzonroq uy olib beraman desa, shubhali shartlardagi lizing shartnomasi taklif etsa, xorijga o‘qishga yoki ishga jo‘natishning o‘zgacha usullarini bilishini aytsa, unga darrov mablag‘ berishdan oldin holatni bir aql tarozisiga solib ko‘ring. Har qanday shaxs qo‘lingizdagi qimmatlikka ko‘z tikayotgan bo‘lishi mumkin. Firibgarlarga esa aytadigan so‘zimiz shuki, har qanday qilgan firib ishlaringiz uchun qonun oldida va oxiratda beriladigan jazo muqarrardir.

Bahodir Ahmedov suhbatlashdi

Mavzuga oid
Top