16:05 / 13.06.2019
3790

O‘zbekistonda besh oy davomida 2,5 mlnga yaqin yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari qayd etildi

Foto: KUN.UZ

Yilning o‘tgan besh oyi davomida respublika bo‘yicha jami 2 million 465 ming 749 ta qoidabuzarlik qayd etildi va ularga nisbatan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi, deb ma'lum qildi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Bu qoidabuzarliklarning 1 million 66 mingdan ortig‘ini qo‘pol qoidabuzarliklar tashkil etadi. 

Tezlik talablarini buzish, svetoforning taqiqlovchi ishorasida harakatlanish, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqqan holda harakatlanish kabi qoidabuzarliklarning sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarida salmog‘i nihoyatda katta. Ma'lumotlarga ko‘ra, besh oy davomida kompyuterlashtirilgan boshqaruv tizimi orqali jami 458 ming 812 ta ana shunday qoidabuzarlik aniqlandi.

Aniqlangan qoidabuzarliklarning 141 055 tasi Toshkent shahri, 48 061 tasi Farg‘ona, 45 110 tasi Samarqand, 41 440 tasi Toshkent, 33 771 tasi Jizzax viloyatlari hududlariga to‘g‘ri kelmoqda. Qolgan viloyatlarda ham shunga yaqin raqamlarni ko‘rish mumkin.

Yuqorida bayon etilganlarga asoslangan holda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi harakatning barcha ishtirokchilarini “Yo‘l harakati qoidalari”ga qat'iy amal qilishga chaqiradi. 

“Eng avvalo qoidalar talablarini buzmang, buzdingizmi, jarimalarni o‘z vaqtida to‘lashga odatlaning. Kompyuterlashtirilgan tizim orqali aniqlangan qoidabuzarliklar uchun jarimani o‘z vaqtida to‘lang, aks holda u majburiy ijroga qaratiladi. Qarzdorlar esa yangi axborot kommunikatsion texnologiyalarga asoslangan “Avtokon” qurilmasi orqali aniqlanadi. Qoidalar siz-u biz uchun, xavfsizligimiz uchun xizmat qilishini unutmang”, deyiladi IIV YHXB murojaatida.

Top