11:10 / 13.06.2019
13563

Xavi o‘z falsafasi, dunyodagi eng yaxshi murabbiy, Messining kamchiligi va Zlatan haqida

Xavi may oyida o‘z faoliyatini yakunlab, «As Sadd» klubida bosh murabbiy sifatida ish boshlaganidan xabaringiz bor. Mavsum yakunlangach, u Madridga keldi va kvalifikatsiyasini oshirish bo‘yicha murabbiylik kurslarida qatnashmoqda. Rossiyalik jurnalist Yevgeniy Savin o‘zining «KraSava» yutub-kanali uchun mashhur futbolchidan intervyu oldi.

Nega murabbiylik faoliyatingizni Qatarda boshlashga qaror qildingiz? Nega masalan, Gvardiola kabi «Barselona B»da emas?

— Oilamga Qatar juda yoqadi. Agar hozir «Barselona B»ga borsam, u yerda mendan ko‘p narsa kutishlarini bilaman. Umuman meni Pep Gvardiolaga qiyoslashlari yoqmaydi, u axir dunyoning eng zo‘r murabbiyi, men esa, endi boshlayapman. O‘ylashimcha, noldan boshlash uchun Qatar juda yaxshi variant.

Taniqli  futbolchilardan yana kimlar bu yerda siz bilan o‘qishyapti?

— Uzoqqa borish shart emas – Albert Riyeradan juda yaxshi murabbiy chiqishi mumkin. U bilan bir partada Luis Garsiya o‘tiradi, u ham yaxshi trener bo‘la oladi. Xabi Alonso, Valdes, Raul, Salgado... Umuman, orzular jamoasi yig‘ilgan deyishim mumkin. Darvoqe, biz bilan ikki qiz ham bor, ular ham eplab ketishiga ishonaman. 

Xavi jamoasi qanday futbol o‘ynaydi?

— Umumiy g‘oya – so‘nggi 10-15 yildagi «Barselona» va Ispaniya. To‘pga egalik qilamiz, o‘yinni nazorat qilamiz, yuqori pressing qo‘llaymiz. Men Kroyf falsafasini tushunaman, bu men uchun asosiy yo‘nalish. Keyin, Raykaard, Gvardiola, Van Gaal, Enrike, Aragones – bu murabbiylarning barchasi bilan ishlaganman, menga yoqqan uslubda raqibdan ustunlik qilganmiz. Men uchun muhimi, raqib umuman to‘pga ega bo‘lmasligi kerak. Agar to‘p senda bo‘lsa, g‘alaba qozonish uchun imkoniyat ham katta bo‘ladi.

Siz bilan ishlagan eng zo‘r murabbiy kim?

— Men Luis Aragones va Pep Gvardiolaning qorishmasini aytgan bo‘lardim. Aragones – jamoani boshqarish borasida, Pep esa, taktik tomondan tengsiz.

Sizga qarshi to‘p surgan eng zo‘r futbolchi?

— Ular ko‘p. Masalan, Ronaldoni eslayman, haqiqiy fenomen edi. Krishtianu Ronaldu, Zidan, Bekhem... Figu bilan birga o‘ynaganmiz, keyin esa, «Real»da ekaniga ko‘nikishga to‘g‘ri keldi. Yana Roberto Karlos, Skoulz, Runi... Benitesning «Liverpul»i, Mourinoning «Chelsi»si ham kuchli edi.

Messidan tashqari, siz bilan o‘ynagan eng yaxshi futbolchichi?

— Aytish qiyin... Men doim aytaman, maydon markazida Buskets, Inesta va Messi bilan birga o‘ynaganimda mazza qilganman. Bu uchlik men uchun dunyodagi eng yaxshi futbolchilardir. Ularning o‘rniga birorta yaxshiroq futbolchini tasavvur ham qila olmayman. Albatta, yana Puyol, Valdes, Pike ham bor. Biz ajoyib jamoa edik.

Agar Messi bilan emas, balki boshqa jamoada o‘ynaganingizda «Oltin to‘p»ni yutishingiz ham mumkin edi, nima deysiz?

— Messisiz biz bu sovrinlarni yuta olmasdik va balki men «Oltin to‘p» nomzodlari ichida ham bo‘lmasdim. Axir hammasi jamoaga bog‘liq, hatto Messi ham biror nimani yutishi uchun kuchli jamoadoshlarga muhtoj. Ko‘pincha, «Barselona»ning o‘yini qovushmaganda, Messi ham hech narsa qila olmaydi. Jamoa – eng muhimi. Ammo agar bizda Messi bo‘lmaganda, biz o‘sha finallar, yarim finallar, chempionatlarni yuta olmasdik.

«Barselona»da doim iqtidorli futbolchilar bo‘lgan. O‘z salohiyatidan foydalana olmay, superyulduz bo‘la olmagan biror ismni ayta olasizmi?

— Men bir yigitchani aytib berishim mumkin, uni ko‘p intervyularda tilga olganman. U biz tengqur edi, biz bilan bir avlod edi. Mario Rosas. U keyinchalik birinchi divizionda o‘ynab yurdi, lekin bizning davrimizning Messisi bo‘lgan. Ba'zi sabablarga ko‘ra, keyin o‘sha darajaga chiqa olmadi. Afsus, men uchun u umuman boshqa darajadagi futbolchi edi. 

Zlatan o‘z kitobida sizlar haqingizda yozib, Inesta, Messi va sizni Gvardiolaning maktab o‘quvchilariga o‘xshatgandi. Ibrahimovich «Barselona»da o‘ynagan eng zararli futbolchimidi?

— Yo‘q, Zlatan – yaxshi yigit, xarakteri ham og‘ir emas. U bilan yaxshi mavsum o‘tkazganmiz, chempionatni yutgandik. Men u bilan juda yaxshi munosabatda edim, uning boshqalar bilan urishganini ham eslolmayman. U hazilkash, samimiy va juda oddiy gaplashadi. Murabbiy bilan munosabati, boshqa hikoya. Zlatan ba'zi o‘yinlarda asosiy tarkibga kiritilmasdi – bu uning murabbiy bilan o‘rtadagi ishlari. Men faqat futbolchilar bilan munosabati haqida aytishim mumkin.

Messining biror kamchiligi bormi?

— Bilmadim. Balki u o‘ziga nisbatan haddan tashqari talabchandir. Bu unga yordam beradi, lekin ba'zida ortiqcha bosimga ham sabab bo‘ladi. U – daho, albatta, talabchanlik ham buning bir qismi.

Siz to‘rt marta YeChL, jahon va Yevropa chempionatini yutdingiz. Biror narsadan afsus qilasizmi?

— Menimcha, bizning avlod «Barselona» bilan yanada ko‘proq YeChL kubogini qo‘lga kirita olardi. Biz shu darajada raqiblardan ustunlik qila olganmizki, bemalol yana bir necha marta chempion bo‘lishimiz lozim edi. Hozir qarab tursam, jamoalar kuchi tenglashgandek, lekin o‘sha paytlarda «Barselona» total ustunlikka ega edi. 4 YeChL – bu kam, biz bir nechta sovrinni boy berib qo‘yganmiz.

«Liverpul» «Barselona»ni 4:0 yutishiga ishongan bo‘larmidingiz?

— Men ko‘proq birinchi o‘yinga e'tibor berishingizni istardim. O‘sha o‘yin natijasi biroz aldamchi edi. Yirik hisob qayd etilgan bo‘lsa-da, «Barselona» o‘yin tizginini qo‘lida ushlab turmagandi. «Enfild»da esa, «Barselona»ga biroz omad yetishmadi, agar hisob 1:1 ga aylanganda, hammasi boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. Ammo biz o‘yinni nazorat qila olmadik. «Barselona» to‘psiz qolganida juda qiynaladi. «Liverpul» safarda ham, uyida ham o‘yinni boshqardi. 

Top