16:16 / 15.06.2019
25152

Senat raisi Islom hukmidan iqtibos keltirdi - Pora olgan ham, bergan ham do‘zaxiydir

Foto: KUN.UZ

Pora olgan ham, uni bergan ham do‘zaxiydir. Islom dinining ushbu qat'iy hukmi korrupsiya illati barcha zamonlarning «bosh og‘rig‘i» bo‘lib kelganidan dalolatdir. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining kengaytirilgan majlisida ma'ruza qilgan Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev korrupsiya haqida fikr bildirar ekan, shunday so‘zlarni keltirdi, deb xabar qiladi Kun.uz muxbiri. 

Senat raisining qayd etishicha, bugungi kunda insoniyatning aksariyati jahon urushlari, butun boshli xalqlar hayotiga xavf soluvchi epidemiyalar, ibtidoiy davrga xos qoloqlik kabi mudhish xatarlardan ma'lum ma'noda uzoqlashgan bo‘lsa-da, hanuzgacha o‘z ko‘lami va miqyosi jihatidan bu xatarlardan kam bo‘lmagan illatlardan xalos bo‘lgani yo‘q. Ana shunday illatlardan biri esa korrupsiyadir.

«Zotan, barchaning yakdil xulosasiga ko‘ra, korrupsiya jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Mazkur illat demokratiya va qonun ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlarining buzilishiga olib keladi, islohotlarga to‘sqinlik qilib, jamiyat taraqqiyotini ortga suradi. Oqibatda hayot sifati yomonlashib, odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalarning ildiz otishi uchun sharoit yuzaga    keladi», - dedi Yo‘ldoshev.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo iqtisodiyoti korrupsiyadan 2,6 trln dollar zarar ko‘rmoqda. Bu jahon yalpi mahsulotining taxminan 5 foizini tashkil etadi. Pora miqyosi 1 trln dollarni tashkil etmoqda. Bu esa, ehtiyojmand xalqlarga berilayotgan gumanitar yordamdan 10 baravar ziyod ekan jirkanch illat ko‘lami naqadar kengligiga yaqqol isbotdir. 

Nig‘matulla Yo‘ldoshevning ta'kidlashicha, korrupsiyaning eng xatarli jihati shundaki, uning ildizlari juda olis tarixga borib taqaladi va u ayrim toifadagi  odamlar, ayniqsa, davlat xizmatidagi ba'zi mansabdorlar va mas'ullarning qon-qoniga singib ketgan tom ma'nodagi kasallikdir. 

«Birgina misol: islom dinining «Pora olgan ham, uni bergan ham do‘zaxiydir», degan qat'iy hukmi barcha zamonlar uchun bu illat jamiyatning «bosh og‘rig‘i» bo‘lib kelganidan dalolatdir. Afsuski, jamiyatni bu kasallikdan batamom xalos etishning hamma uchun birdek maqbul vositasi haligacha o‘ylab topilmagan.

Turli davlatlar bu illatga qarshi turli yo‘llar bilan kurash olib bormoqda. 

Qaysidir davlatda korrupsiya jinoyati uchun jazoni kuchaytirish, boshqasida keng vakolatlarga ega bo‘lgan davlat xizmatchilarini moddiy jihatdan bekamu-ko‘st ta'minlash, yana birida vakolatli organlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishga e'tibor qaratilmoqda», - deya ta'kidladi Senat raisi.

Top