22:58 / 15.06.2019
11501

Tribuna.uz so‘rovnomasi: Muxlislar Ravshan Ermatovga ishonmoqda

Foto: Tribuna.uz

14 iyun kuni taniqli hakam Ravshan Ermatov O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi vitse-prezidenti etib saylandi. U o‘z arizasiga ko‘ra iste'foga chiqqan Umid Ahmadjonov o‘rnini egalladi.

Shu munosabatdan Tribuna.uz sayti muxlislar orasida kichik so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda Ravshan Ermatovning O‘FA vitse-prezidenti qilib saylanishiga munosabat bildirish so‘ralgan edi.

So‘rovnomada 15 mingdan ortiq muxlis ishtirok etdi. Ularning yarmidan ko‘pi (54%) Ravshan Ermatovning yaxshi mutaxassis ekanini ta'kidlab, vitse-prezidentlikka loyiq ekaniga ishonch bildirdi.

24% muxlis Ermatovning saylanishidan hech narsa o‘zgarmasligini, futbolimizdagi muammolar rahbariyatning almashishi bilan hal bo‘lmasligini qayd qilishdi.

9% muxlis Ermatovning tayinlanishiga qarshi ovoz berishdi. Ularning fikriga ko‘ra, Umid Ahmadjonovning o‘z lavozimida qolgani yaxshi edi.

8% muxlis Ermatovning avvalo hakam ekanini, kabinetda emas, balki futbol maydonida ishlashga o‘rganganini qayd qilib, uning rahbarlikni eplab ketishiga shubha bildirishdi.

5% muxlis esa Ahmadjonov ham, Ermatov ham bu lavozimga loyiq emas, rahbar boshqa odam bo‘lishi kerak edi deb hisoblashmoqda.

Top