18:00 / 16.06.2019
45309

Hamma o‘zi uchun. Ummon ko‘rfazidagi yangi ziddiyat arafasida kuchlar muvozanati

Foto: AFP

May va iyun oylarida Fors ko‘rfazida neft tankerlariga hujumlar kuzatildi. AQSh bu hujumlarda Eronni ayblamoqda va hududdagi qo‘shinlari sonini ko‘paytirmoqda.

13 iyun kuni Ummon ko‘rfazi hududida Saudiya Arabistonidan Singapur va Tayvanga yo‘l olgan ikki tankerda portlash yuz berdi. 

AQSh bu hujumlarda Eron islom inqilob qo‘riqchilari korpusini aybladi. Amerikaliklar eronlik zobitlar portlashlar yuz berganidan sakkiz soat o‘tib, ekipaji evakuatsiya qilingan tankerlardan biriga yaqinlashgani va bo‘lgan hodisaga Eronning aloqadorligini yashirish maqsadida portlamay qolgan magnit minani yig‘ishtirib olgani tasvirlangan videoni namoyish etdi.

Fors ko‘rfazi - so‘nggi 40 yil davomida bir necha urush va yuzlab mahalliy nizolar ro‘y bergan, jahonning eng notinch hududlaridan biridir. Ko‘rfazdagi har bir davlat ba'zan ehtiyotkorlik bilan, ba'zida esa agressiv siyosat yuritib, qo‘shnilarining pozitsiyasini zaiflashtirish orqali mintaqada yetakchilik qilishga intiladi.

Hozirda vaziyat yana keskinlasha boshladi, Donald Tramp Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuvdan chiqib, bu davlatga yangi sanksiyalar qo‘llagan.

Endi Vashington Tehronni tankerlarga hujum qilishda ayblamoqda. Eron hukumati bu ayblovlarni qat'iyan rad qilmoqda.

«Bi-Bi-Si» Fors ko‘rfazidagi kuchlar taqsimotini ko‘rib chiqqan.

Eron

Eron mintaqa yetakchiligiga da'vo qiladi hamda o‘z siyosatini AQSh va Isroilga qarama-qarshi yo‘nalishda olib boradi.

Isroil razvedkasi ma'lumotlariga ko‘ra, rasmiy Tehron vaqti-vaqti bilan Isroildagi aholi yashash punktlarini o‘qqa tutib turadigan «Islom jihodi» guruhini qo‘llab-quvvatlaydi.

Bu mamlakat uzoq yillar davomida o‘z yadro dasturi tufayli sanksiyalar ostida yashadi. 2015 yilda bu dasturning tugatilishi nazarda tutilgan kelishuv imzolangandi. Shundan so‘ng sanksiyalar bekor qilingandi, ammo bu vaqtinchaga edi.

Eron Saddam Husayn hukumat tepasida bo‘lgan vaqtda qo‘shnisi Iroq bilan jiddiy ziddiyatda edi. Eronning mintaqadagi strategik raqibi esa Saudiya Arabistoni hisoblanadi. Rasmiy Tehron saudiyaliklarni yarimoroldagi diniy ozchilik bo‘lmish shialarga nisbatan zulm o‘tkazishda ayblaydi.

So‘nggi oylarda vaziyat keskinlashdi. Eronning yuqori martabali amaldorlari tankerlarga hujumga aloqadorlikni qat'iyan rad etishmoqda va buni ig‘vo deb atab, halqaro jamiyatni bu holatni sinchiklab o‘rganishga chaqirmoqda.

Rossiya bilan munosabatlar
Bu ikki davlat o‘zaro qalin munosabatlarda deyish mumkin. Ikki mamlakat o‘rtasida savdo va harbiy hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Rossiyalik mutaxassislar Bushirda atom stansiyasi qurmoqda. Moskva va Tehron Suriya mojarosida Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlaydi.

Rossiya hamisha Eronni sanksiyalardan himoya qilishga harakat qilib kelgan, 2015 yilda, Qrimni qo‘shib olganidan keyin esa Eronga infrastruktura loyihalari uchun 7 milliard dollar miqdorida kredit bergan.

AQSh bilan munosabatlar
Qurolli ziddiyat yoqasida - har holda Amerika ma'muriyatida shunday variantni istisno etmaydigan kishilar bor, masalan, Donald Trampning xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton.

2015 yilda Eron yadroviy kelishuv tuzgandi - yadro dasturlarini jiddiy qisqartirishi evaziga bu mamlakatdan sanksiyalar yechilishi ko‘zda tutilgandi. AQSh prezidenti Donald Tramp saylovoldi kampaniyasi vaqtidayoq bu kelishuvdan chiqishi haqida ma'lum qilgan.

Donald Tramp bu kelishuvni juda ko‘p marta tanqid qilgan, uning so‘zlariga ko‘ra, bu kelishuv shartlariga ko‘ra Eron 10-15 yildan keyin atom bombasini ishlab chiqishga qaytishi mumkin bo‘ladi.

2018 yil kuzida AQSh Eronga qarshi sanksiyalarni to‘la hajmda tikladi. 2019 yil mayida BAA qirg‘oqlari yaqinida AQSh tankerlariga hujum qilingach, mintaqadagi amerikalik harbiylar sonini jiddiy oshirishga kirishildi.

20 may kuni Tramp urush boshlansa, Eron yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketishi bilan tahdid qildi.

Saudiya Arabistoni

Jahondagi eng yirik neft qazib chiqaruvchi davlatlardan biri bo‘lgan bu davlat neft narxini o‘rnatuvchi davlat sifatida jahon siyosatiga bir necha bor o‘z ta'sirini o‘tkazgan. Islom dini markazi bo‘lgan bu davlat mintaqaning eng muhim siyosiy o‘yinchisi hisoblanadi.

Shu bilan birgalikda, bir necha marta terrorchi tashkilotlarni qo‘llashda va Afg‘onistondagi tolibonlar boshqaruvini tan olgani uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan tanqidga uchragan.

Saudiya Arabistonining mintaqadagi asosiy raqibi - Eron. Bu qarama-qarshilik diniy xususiyatga ham ega. Saudiyada asosan sunniylar, Eronda esa shialar istiqomat qiladi.

Rossiya bilan munosabatlar
Rossiyada sovetlar uzil-kesil hokimiyatini o‘rnatgan 1930-yillardan SSSRning yiqilishiga qadar davrda ikki mamlakat o‘rtasida aloqalar mavjud bo‘lmagan. 1990-yillarda va 2000-yillarda aloqalar tiklangan, ammo bu aloqalar yaqin bo‘lmagan.

2010-yillar boshida Suriyada urush boshlangach bu ikki mamlakat o‘rtasida yana sovuqchilik paydo bo‘ldi, Rossiya Bashar Asad rejimini qo‘lladi, Saudiya unga qarshi kurashuvchilar tomonida turdi.

Lekin so‘nggi vaqtlarda munosabatlar iliqlasha boshladi. Saudiyalik siyosatchilar G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini tanqid qilishdi.

2017 yil oktyabrida Vladimir Putin Moskvada Saudiya Arabistoni podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saudni qabul qildi. 2019 yilning 1 iyunida Kreml javob tashrifi bo‘lishini ma'lum qildi.

AQSh bilan munosabatlar
Bu ikki davlat avvaldan yaxshi munosabatlarda bo‘lib kelgan va shundayligicha qolmoqda. AQSh - Saudiya Arabistonining yirik strategik va savdo hamkoridir. Mamlakatlar tashqi siyosatdagi turli masalalarda hamfikr bo‘lishadi.

Saudiya Arabistoni - Amerika qurolining eng yirik importyoridir.

Faqat 2017 yil kuzida Amerikada yashagan saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchi saudiyaliklarning Turkiyadagi konsulligida izsiz yo‘qolgach AQSh va Saudiya Arabistoni munosabatlari yomonlashdi.

Senatorlar qotillikka aloqador bo‘lgan saudiyalik amaldorlarni «Magnitskiy ro‘yxati»ga qo‘shishni talab qilishdi.

Prezident Donald Tramp bunga javoban qotillik ishi bilan shug‘ullanishga va'da berdi, ammo haddan ortiq qat'iy choralar ko‘rilishiga qarshi chiqdi.

BAA

Birlashgan Arab Amirliklari mintaqadagi eng ehtiyotkor va qayishuvchi siyosat olib boradigan mamlakatdir.

Bu mamlakat mintaqadagi barcha davlatlar bilan aloqalarni qo‘llab-quvvatlaydi va faqat radikal kuchlarga qarshi chiqadi.

BAA allaqachon terrorizmga aloqadorlikda gumonlangan shaxslar va tashkilotlarning hisoblarini muzlatib qo‘ygan.

Rossiya bilan munosabatlar
Davlatlar darajasidagi munosabatlar - yaxshi darajada. 2017 yil aprelida Vladimir Putin Kremlda Abu-Dabi taxti valiahdi Muhammad Ol-Nahayonni qabul qilgandi.

11 iyun kuni Rossiya prezidenti va amirliklar shahzodasi o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi va tomonlar mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlik saqlab qolinishi zarurligi bo‘yicha kelishib olishdi.

BAA va Rossiya hududiy nizolarni hal qilishda hamkorlik qilishdan tashqari, Amirliklar Rossiyadan qurol sotib oladi, masalan, 2019 yilning fevralida harbiy mashinalar sotib olingan.

2000-yillardan buyon Dubay va Abu-Dabi rossiyalik biznesmenlar va amaldorlar uchun eng jozibador hududlar bo‘lib keladi.

AQSh bilan munosabatlar
Rossiya bilan munosabatlarga qaraganda qalinroq. Abu-Dabi va Dubay shaharlarida amerikaliklarning turli kompaniyalarining minglab ofislari joylashgan.

AQSh Amirliklardan neft xarid qiladi va qurol yetkazib berish borasida Rossiya bilan raqobatlashadi. Amerikaliklarning harbiy kemalari BAA portlaridan foydalanadi.

Qatar

Tarixan Saudiya Arabistonining yaqin ittifoqchisi hisoblanadi, ammo bugungi kunga kelib bu davlat nisbatan mustaqil siyosat yurita boshlagan va Saudiya va Eron ziddiyatida betaraf pozitsiya tanlagan.

Bu yerda jahondagi eng yirik arab telekanali - «Al-Jazira»ning bosh ofisi joylashgan.

Bu mamlakat 2022 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Qatar bu mintaqa mamlakatlariga xos bo‘lmagan qadamlar tashlab turadi - masalan Isroil bilan savdo-diplomatik aloqalari o‘rnatishga harakat qiladi.

2018 yilda Qatar OPeKdan chiqishini ma'lum qilgandi - chunki bu davlat hukumati neft va gaz qazib olish masalalarida mustaqil qarorlar qabul qilishni istaydi.

2017 yilning mayida Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misr Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzganini e'lon qilgandi.

Bunga go‘yoki qatarliklar terrorchi guruhlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlagani sabab sifatida ko‘rsatilgandi.

Bu - Eron bilan do‘stlik va mustaqil siyosat yuritgani uchun arab davlatlari tomonidan qo‘llangan chora edi. O‘shanda Eron hukumati Qatarni qo‘llab-quvvatlab chiqqandi. Bu ziddiyat hamon davom etmoqda.

Rossiya bilan munosabatlar
Ijobiy-betaraf. Rossiya Suriya masalasida Qatar bilan hamfikr bo‘lmasa ham savdo sohasida hamkorlik qilib keladi. 

2017 yilda Qatar o‘z qo‘shnilari bilan ziddiyatga kirishganida Rossiya vositachilik taklif qilgandi.

AQSh bilan munosabatlar
Ancha yaqin - AQShdan neft qazib olish uchun uskunalar olishdan tortib ta'lim sohasidagi hamkorlikkacha.

Hozir Qatar ham Eron, ham AQSh bilan yaqin aloqalarga ega davlat sifatida tomonlarni ziddiyatni eskalatsiya darajasiga keltirishdan tiyilishga chaqirmoqda.

Kuvayt

1990-1991 yillarda Iroq tomonidan qilingan hujum va buning ortidan xalqaro koalitsiya kuchlari tomonidan ozod etilishidan keyin bu mamlakat hududiy nizolarda betaraf pozitsiya tanlaydigan bo‘lgan.

Faqat bir istisno: Kuvayt Yamanda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan shia kuchlarga qarshi o‘tkazib kelinayotgan arab koalitsiyasi ishtirokchisi hisoblanadi.

Rossiya bilan munosabatlar
Barqaror darajada yaxshi. Bu davlatlar gaz sohasida hamkorlik qilishadi: 2010 yilda imzolangan kelishuvga ko‘ra, Rossiya Kuvaytga AES qurilishida yordam ko‘rsatishi mumkin.

AQSh bilan munosabatlar
Barqaror darajada yaxshi. Bu davlatlar o‘rtasida savdo aloqalari o‘rnatilgan. Kuvaytda 130 ming nafar amerikalik harbiy xizmatchi xizmatni o‘taydigan harbiy baza joylashgan.

Kuvayt AQSh-Eron qarama-qarshiligi hech kimga foyda keltirmaydi, deb hisoblaydi.

Iroq

30 yildan ortiqroq vaqt muqaddam Iroq va Eron o‘rtasida urush bo‘lib o‘tgandi; Saddam Husayn hukumatdan ag‘darilib, qatl etilgach, Iroqning yangi hukumati Tehron bilan munosabatlarni yaxshilagan va ko‘p sohalarda hamkorlik qilib keladi.

So‘nggi yillarda mamlakat IShIDga qarshi urush olib borish bilan band bo‘ldi. 2017 yilning dekabrida jangarilarga qarshi urush yakunlangani e'lon qilindi.

Rossiya bilan munosabatlar
Davlatlar hamkorlik qiladi, Rossiya Iroqni jangarilarga qarshi urushda qo‘llab-quvvatlagan.

Bundan tashqari, Rossiya ko‘p yillar davomida Iroqqa turli qurollar yetkazib kelmoqda. Iroq Rossiyadan qurol sotib oluvchi davlatlar ro‘yxatida Hindistondan keyingi ikkinchi o‘rinni band etadi.

AQSh bilan munosabatlar
Amerikalik harbiylar Saddam Husaynning qatlidan keyin yana 5 yil davomida, 2011 yilgacha Iroqda qolishgan. 

Hozirda AQSh va Iroq manfaatlari neft bo‘yicha mushtarak, ammo Iroq katta miqdorda neft eksport qilsa-da urush oqibatlari tufayli og‘ir iqtisodiy ahvolda qolmoqda.

Mavzuga oid
Top