09:50 / 18.06.2019
8717

Misrda Mursiy o‘limini tergov qilish bo‘yicha komissiya tuzildi

Foto: AP Photo / Amr Nabil

Misrning sobiq prezidenti Muhammad Mursiyning sud zalida vafot etishi aniq sabablarini aniqlash bilan maxsus sud-tibbiy komissiyasi shug‘ullanadi.

Misr bosh prokurori Nabil Sodiqning aytishicha, Mursiyni dafn etish haqidagi qaror patologoanatomik xulosa tayyor bo‘lgandan keyin qabul qilinadi.

Misr bosh prokurorining ma'lum qilishicha, sobiq prezident suddagi 5 daqiqalik nutqidan keyin o‘zini yomon his qilgan. Keyinroq uning tanasida “hech qanday shikast yeyish alomatlari” topilmagan.

“U panjara ortida sudlanuvchilar o‘rindig‘ida hushini yo‘qotgan, yig‘ilish to‘xtatilib, u shifoxonaga o‘lik holda yetkazilgan”, deb ta'kidlab o‘tgan Sodiq. 

Bu orada Al Arabiya telekanali Mursiy bir necha hafta avval turmada tibbiy ko‘rikdan o‘tgani va uning sog‘lig‘ida hech qanday muammolar aniqlanmaganidan xabar topgan.

67 yoshli sobiq prezident 17 iyun kuni sud majlisi vaqtida vafot etgan.

Misr davlat televideniyesi o‘z tibbiy manbalariga iqtibos keltirgan holda Mursiyning o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lganini ma'lum qilgan.

Mursiy “Musulmon birodarlar” tashkiloti rahbarlaridan hamda Misrning sobiq prezidenti Husniy Muborakning asosiy raqiblaridan biri bo‘lgan. U Misrga 2012 yil “arab bahori”dan keyin prezident bo‘lgan, biroq 2013 yildayoq harbiy to‘ntaruv natijasida ag‘darilgan va qamoqqa olingan.

Mursiy va uning safdoshlari Misr davlatini kuchsizlantirish maqsadida Mursiy prezidentligi vaqtida Qatar razvedkasiga Misr maxsus xizmatlari va armiyasi faoliyatiga tegishli o‘ta maxfiy hujjatlarni berganlikda ayblanganlar. Sobiq prezident va boshqa sudlanuvchilar bu ayblovlarni tan olmasliklarini hamda ularni Misrning yangi rahbariyati “kirdikorlari” ekanini aytib kelishgan.

Mavzuga oid
Top