20:20 / 18.06.2019
7694

Valutani yashirincha olib chiqishga uringan shaxslar fosh etildi

Toshkent viloyati bojxonachilari tomonidan naqd xorijiy valutalarni bojxona chegaralaridan turli noqonuniy yo‘llar bilan olib o‘tilishiga qarshi samarali kurash olib borilmoqda.

Jumladan, «Navoiy» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan, qo‘shni davlatga o‘tayotgan fuqaro D.G. belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Natijada, ushbu shaxsning qo‘l yuklari orasida bojxona nazoratidan yashirilgan 500 000 qozoq tengesi borligi aniqlandi.

«Oybek» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan ham bojxona qonunbuzilishi holati o‘z vaqtida bartaraf qilindi. Ya'ni qo‘shni davlatga o‘tish uchun ushbu postga kirib kelgan fuqarolar B.Z. va M.A. xolislar ishtirokida tekshirildi. Natijada, ularning cho‘ntaklarida bojxonachilarga ma'lum qilinmagan va deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 1,2 million Rossiya rubli borligi ma'lum bo‘ldi.

Shuningdek, «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan ham qonunbuzar fuqaroning qing‘ir rejasi chippakka chiqarildi. Mamlakatimizdan qo‘shni davlatga chiqib ketayotgan fuqaro Yu.O. belgilangan tartibda tekshirilganida, uning egnidagi kiyimlari orasida 8100 AQSh dollari va 11500 qozoq tengesi borligi aniqlandi.

«Mazkur postning o‘zida yana bir fuqaroning nayrangi ish bermadi. Qo‘shni mamlakatga chiqib ketayotgan fuqaro I.J. ning nomunosib xatti-harakatlari bojxonachilar e'tiborini tortdi. Belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilgan fuqaroning oyoq kiyimlari ichida naq 10 805 AQSh dollari va 51 000 qozoq tengelari yashirilgani fosh etildi», deyiladi Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Top